Yevroosiyo taraqqiyot banki Toshkentda vakolatxonasini
ochdi va 2031-yilga qadar O‘zbekistonga 1,5 mlrd dollargacha investitsiya
kiritmoqchi. Ochilish marosimida bank dastlabki kelishuvlarni imzoladi,
jumladan, Uzum fintex-kompaniyasiga 70 mln dollar miqdorida kredit ajratilishi
bo‘yicha bitim tuzildi.
Yevroosiyo
taraqqiyot banki (YeTB) O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini rasman ochdi. Tantanali marosim 18-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi
Gazeta`ga bank matbuot xizmati.
“Vakolatxonaning ochilishi O‘zbekistonning 2025-yilda YeTBga a’zo
bo‘lishidan keyingi mantiqiy qadam bo‘ldi. Respublika hukumati ko‘magida barcha
zarur tartib-taomillar bajarildi. Bank mamlakatda to‘laqonli investitsiyaviy
faoliyatini boshlamoqda”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev marosimdagi chiqishida
YeTB infratuzilmani moliyalashtirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, moliya
bozorini rivojlantirish va raqamli transformatsiya sohalarida katta
tajribaga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bankning Toshkentda
doimiy faoliyat yuritishi tog‘-kon sanoati, transport infratuzilmasi, raqamli
texnologiyalar va suv xo‘jaligi sohalaridagi qo‘shma loyihalarga jadallik
bag‘ishlaydi.
“YeTB yaqin strategik
davr uchun 2031-yilga qadar O‘zbekistonga 1,5 milliard dollargacha investitsiya
kiritishni rejalashtirmoqda, bunga yuqori integratsiya salohiyatiga ega
loyihalarga ajratiladigan qariyb 800 million dollar ham kiradi. Bizda barcha
zarur vositalar: Texnik ko‘maklashish jamg‘armasi, Raqamli tashabbuslar
jamg‘armasi, loyihaviy ekspertiza hamda Ko‘rfaz davlatlari va Osiyo
kapitalidan foydalanish imkoniyati mavjud”, — dedi YeTB boshqaruvi raisi
Nikolay Podguzov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi loyihalar portfeli energetika, logistika
va sanoat tarmoqlarini qamrab olgan. Ochilish marosimida bank dastlabki
bitimlarni, jumladan, Uzum fintex-kompaniyasi bilan 70 million dollarlik kredit
shartnomasini imzoladi. Kompaniya tomonidan ma’lum qilinishicha, ushbu
mablag‘lar foydalanuvchilar va tadbirkorlar uchun raqamli moliyaviy
xizmatlarni kengaytirishga, xususan, raqamli to‘lovlar, iste’molchilarni
moliyalashtirish va “kundalik vazifalarni hal etishga qaratilgan boshqa
xizmatlar”ni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
YeTBning Toshkentda vakolatxonasi ochilishi bankka investitsiya
loyihalarini tezkorlik bilan kuzatib borish, davlat organlari va biznes
vakillari bilan hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston
iqtisodiyotiga xalqaro investorlarni yanada faolroq jalb etish imkonini beradi,
deya qayd etdi moliya instituti.
Yevroosiyo taraqqiyot banki — Yevroosiyoda integratsiya
va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish maqsadida 2006-yilda Rossiya
va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilgan xalqaro moliyaviy tashkilot.
Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston ham bankka a’zo
davlatlar hisoblanadi. Uning bosh qarorgohi Olmaota shahrida joylashgan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
20 05 2026 / 11:24