Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston Yangi taraqqiyot banki uchun 4,5 mlrd dollarlik loyihalar tayyorladi — ular orasida transport, AES va Yangi Toshkent loyihalari ham bor



Ulashing :


O‘zbekiston Yangi taraqqiyot bankidan moliyalashtirishni jalb etish uchun 4,5 mlrd dollarlik loyihalar portfelini shakllantirdi. Ushbu mablag‘larni transport, energetika, jumladan, AES va Yangi Toshkent loyihalari, shuningdek, ijtimoiy soha, banklar va sanoat zonalarini rivojlantirishga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston BRIKS Yangi taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lish jarayonida qiymati 4,5 mlrd dollarlik 20 dan ortiq loyihadan iborat portfel bo‘yicha takliflar tayyorladi. Bu haqda 19-may kuni Senat majlisida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Shohrux G‘ulomov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyodagi global o‘zgarishlar va nomutanosibliklar sharoitida bankning moliyaviy resurslaridan to‘g‘ri va samarali foydalanish masalasi O‘zbekiston uchun asosiy vazifalardan biridir.

U 2,8 mlrd dollar infratuzilma loyihalariga, jumladan, transport sohasiga yo‘naltirilishi rejalashtirilganini aytdi. Gap asosan temiryo‘llar va pullik avtomobil yo‘llarini qurish kabi davlat-xususiy sheriklik loyihalari haqida bormoqda.

“Energetika sohasida mablag‘larni atom elektr stansiyasi loyihalariga yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda”, — dedi Shohrux G‘ulomov. Shaharsozlik sohasida Yangi Toshkent shahri infratuzilmasini moliyalashtirish uchun Yangi taraqqiyot banki resurslarini jalb qilish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ijtimoiy sohada — ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida qariyb 450 mln dollarlik loyihalarni shakllantirgan.

“Shuningdek, hozirda tijorat banklarimiz uchun qariyb 500 mln dollarlik bank resurslarini jalb etish masalasini o‘rganyapmiz”, — deya qayd etdi u.

Yana qariyb 750 mln dollar sanoatga — hududlardagi rivojlanayotgan sanoat va iqtisodiy zonalarga jalb etilishi rejalashtirilmoqda.

Bank bilan ishlash mexanizmlari haqida gapirar ekan, Shohrux G‘ulomov ular uch yo‘nalishda yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.

“Birinchisi — suveren moliyalashtirish, ya’ni loyihalarni davlat kafolati ostida moliyalashtirish. Ikkinchisi — nosuveren moliyalashtirish, ya’ni xususiy sektorni to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish. Uchinchi yo‘nalish — davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida loyihalarni moliyalashtirish”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro moliya institutlarining moliyaviy resurslarini jalb qilish, muvofiqlashtirish va kelishish masalalari Prezidentning 2025-yil 11-fevraldagi PQ-51-sonli qarori bilan tartibga solinadi.

“Ushbu mexanizm va mazkur qarorga muvofiq, bugungi kunda biz tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Yangi taraqqiyot banki bilan loyihalarni oldindan ishlab chiqmoqdamiz, ularning konsepsiyalarini, zarur hollarda esa loyihalarni baholash hujjatlarini tayyorlayapmiz”, — dedi vazir o‘rinbosari v.b.

U kun tartibida Yangi taraqqiyot bankidan texnik yordam, ya’ni grantlar jalb qilish masalasi ham borligini qo‘shimcha qildi.

“Bankka a’zo bo‘lish jarayoni to‘liq yakunlangach, biz darhol ushbu vazifalar va ishlarni amalga oshirishga kirishamiz. Bu masalalarning barchasi puxta o‘rganib chiqiladi, shundan so‘ng takliflar hukumatga kiritiladi”, — dedi Shohrux G‘ulomov.

Senatorlar ushbu yig‘ilishda O‘zbekistonning BRIKS mamlakatlari tomonidan tashkil etilgan xalqaro moliya instituti — Yangi taraqqiyot banki to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilishi haqidagi qonunni ma’qulladi. Bank infratuzilmaviy, “yashil”, raqamli va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtiradi.

Kichik AES qiymati va uni moliyalashtirish

2025-yil mart oyida “O‘zatom” rahbari Azim Ahmedxadjayev O‘zbekistondagi kichik AES qiymati 2 mlrd dollardan kam bo‘lishini ma’lum qilgandi. O‘sha paytda umumiy quvvati 330 MVt (har biri 55 MVt) bo‘lgan oltita reaktorli stansiya qurish ko‘zda tutilgandi.

O‘shanda u loyihani Rossiya mablag‘larini jalb qilmagan holda, tashqi investitsiyalar va Xitoyning imtiyozli kreditlari hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilayotganini aytgandi. Davlat budjetidan minimal darajada foydalanish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yilning sentabr oyi oxirida O‘zbekiston va Rossiya Jizzax viloyatining Forish tumanida quriladigan atom stansiyasining konfiguratsiyasini o‘zgartiruvchi hujjatlarni imzoladi. Oltita kichik energoblok o‘rniga ikkita, shuningdek, har birining quvvati 1 GVt bo‘lgan yana ikkita yirik reaktor qurilishi rejalashtirilgan.

Kichik va yirik AESlarni bir vaqtda joylashtirish hisobiga “MVt/soat nuqtai nazaridan maksimal darajada tejamkor variant”ga erishish kutilmoqda.

Oktabr oyida AES qurilishi direksiyasi direktori Abdujamil Qalmurotov kichik AES loyihasi qiymati 1 mlrd dollardan oshmasligini, yakuniy summa esa shartnomada qayd etilishini ma’lum qildi. U, shuningdek, qurilish davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilishini ta’kidladi.

“Ha, bu davlat budjeti. Buni davlat qurmoqda — bu to‘liq O‘zbekiston loyihasi. Moliyalashtirish manbai — bizning budjetimiz. Atom loyihasi milliy bo‘lishi kerak”, — deya bayonot berdi u.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

22 05 2026 / 12:35