O‘zbekiston
va Belarus 2030-yilga borib tovar ayirboshlash hajmini 2 mlrd dollarga
yetkazish dasturini ishlab chiqmoqda. 2025-yilda o‘zaro savdo 25% ga,
2026-yilning birinchi choragida esa deyarli 50% ga o‘sdi. Hamkorlikni
kengaytirish masalasi hukumatlararo komissiyaning 12-yig‘ilishida muhokama
qilindi.
O‘zbekiston
va Belarus 2030-yilga kelib tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga
yetkazish dasturini ishlab chiqmoqda. Bu masala ikki tomonlama hamkorlik
bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiyaning 12-yig‘ilishida muhokama qilindi.
Tadbir 19-may kuni Toshkent viloyatidagi Amirsoy tog‘-kurorti hududida, ikki
mamlakat bosh vaziri o‘rinbosarlari — Jamshid Xodjayev va Yuriy
Shuleyko hamraisligida bo‘lib o‘tdi.
2025-yil yakunlariga
ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 25 foizga o‘sib, 965 mln dollarni tashkil etdi
(2024-yilda — 774 mln, 2023-yilda — 654,7 mln), 2026-yilning birinchi
choragida esa deyarli 50 foizga ko‘payib, 259,7 mln dollarga yetdi. Belarus
o‘tgan yili O‘zbekistonning 14-o‘rindagi eng yirik savdo hamkori bo‘ldi. Mamlakatlar o‘rtasida erkin savdo rejimi joriy etilgan.
O‘zbekistonning
Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga
solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi matbuot xizmatidan Gazeta`ga
xabar berishicha, yig‘ilishda savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport
va logistika, yengil sanoat, mebelchilik sohalaridagi hamkorlikni hamda
hududlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek,
O‘zbekiston prezidentining yozda Belarusga amalga oshiriladigan bo‘lajak davlat
tashrifi ham muhokama qilindi.
Ustuvor yo‘nalishlar
sifatida elektrotexnika, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi
texnikasi, qurilish materiallari, to‘qimachilik va tayyor kiyim-kechak
sohalari belgilab olindi.
Delegatsiyalar
barqaror transport koridorlarini mustahkamlash va xalqaro avtomobil
tashuvlarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. 2025-yil
yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi yuk tashish
hajmi 6 foizga o‘sib, 796,6 ming tonnadan ziyodni tashkil etdi.
Hududlararo
va madaniy-gumanitar hamkorlik o‘zaro aloqalarning muhim yo‘nalishi bo‘lib
qolmoqda. 2017-yildan buyon O‘zbekiston va Belarus hududlarining 40 dan
ortiq o‘zaro tashriflari amalga oshirildi. Ta’lim, madaniyat, turizm
va sog‘liqni saqlash sohalaridagi aloqalar faol rivojlanmoqda.
Tomonlar O‘zbekiston
va Belarus o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2026−2030-yillarga
mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish niyatida.
Bugungi kunda
O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi 245 ta korxona faoliyat
yuritmoqda, Belarusda esa O‘zbekiston kapitali ishtirokida 110 ta korxona
tashkil etilgan. Qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli 341 mln dollarni tashkil
etadi.
Ikki tomonlama
hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya 2001-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib
kelmoqda. Bundan oldingi yig‘ilish 2025-yilning iyun oyida Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan edi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
22 05 2026 / 12:54