Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

“Bu — uzoq yo‘ldagi navbatdagi qadam”. Franklin Templeton hamda IMV — UzNIF IPO yakunlari haqida



Ulashing :


Milliy investitsiya jamg‘armasi o‘tkazgan mahalliy IPOʼda qariyb 5000 chakana investor ishtirok etib, rekord darajada — 17,7 mln dollar sarmoya kiritdi. Jamg‘arma hamda IMV vakillari kelgusi IPOʼlar, investorlar himoyasi, jalb etilgan mablag‘lar nimalarga yo‘naltirilishi haqida so‘zlab berdi.

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) o‘tkazgan aksiyalarning birlamchi ommaviy joylashtiruvi (IPO) mamlakat uchun bu kabi ko‘lamdagi ilk xalqaro bitim bo‘ldi va Franklin Templeton (jamg‘armani boshqaradi) bahosiga ko‘ra, investorlarning islohotlar va kelgusidagi xususiylashtirishlarga yuqori qiziqishini namoyon etdi.

20-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Franklin Templeton vakillari jalb qilingan mablag‘lar nimalarga yo‘naltirilishi mumkinligi, chakana investorlar huquqlari qanday himoya qilinishi, nima uchun davlat nazorat paketini saqlab qolgani va kelgusida qaysi kompaniyalar bozorga chiqishi mumkinligi haqida so‘z yuritdi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.

Davlat nazoratni saqlab qoldi, biroq yangi joylashtiruvlar uchun imkoniyatga ega bo‘ldi

Savollardan biri nima uchun davlat jamg‘arma aksiyalarining uchdan bir qismini sotib, nazorat paketini o‘zida saqlab qolganiga taalluqli bo‘ldi. Templeton Global Investments’ning investitsiyalar bo‘yicha direktori Manraj Sexon buni “ehtiyot chorasini ko‘rishga” urinish bilan emas, balki kompaniyalarni transformatsiya qilishdagi bosqichma-bosqich yondashuv bilan izohladi.

“Jahon iqtisodiyoti jiddiy o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda va, shubhasiz, so‘nggi mojarolar, ayniqsa, Fors ko‘rfazida davom etayotgan mojaro bunga imkon bermadi”, — deya ta’kidladi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, IPO tajribasi investorlarning kuchli rahbariyat, barqaror islohotlar dasturi, barqaror hukumat va yuqori salohiyatga ega mamlakatlarga investitsiya kiritishga tayyor ekanini ko‘rsatdi.

“O‘ylaymanki, bu borada O‘zbekiston ajralib turadi. Buni biz IPO natijalarida ko‘rdik. Ayniqsa, o‘zgaruvchan bozor fonida shunday kuchli natijaga erishilganini hisobga olsak, bu O‘zbekiston haqida va Milliy investitsiya jamg‘armasining jozibadorligi to‘g‘risida ko‘p narsani anglatadi”, — deydi Manraj Sexon.

U IPO kompaniyalarni transformatsiya qilish, qiymat yaratish va kapital bozorini chuqurlashtirish bo‘yicha “uzoq yo‘l”ning faqatgina boshlanishi ekanini ta’kidladi.

“Bir yil avval O‘zbekiston uchun birinchi global joylashtiruv doirasida 700 mln dollar jalb qilish deyarli imkonsiz edi. Bugun biz allaqachon shu nuqtadamiz”, — deydi Templeton Global Investments vakili.

Uning qayd etishicha, davlat tomonidan jamg‘armaning 60 foizdan ortig‘i va asosiy kompaniyalarning nazorat paketlari saqlab qolinishi transformatsiyadan olinadigan foyda “mamlakatga” va “keyingi ko‘p yillar davomida O‘zbekiston xalqiga tegishli bo‘lishini” anglatadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirining neft-gaz masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xurshed Mustafoyev 31 foizdan ortiq aksiyalarning joylashtirilishini “birinchi sinov loyihasi” deb atadi.

“Ikkinchidan, taqdimotda aytilganidek, ushbu jamg‘arma tarkibiga kiruvchi keyingi kompaniyalar uchun ham alohida IPOʼga chiqish imkoniyati yaratilmoqda. Ya’ni bungacha ular uchun alohida transformatsiya dasturi ishlab chiqilgan”, — dedi u.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, dastur kompaniyalarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, foydani ko‘paytirish va jamg‘arma qiymatini yanada oshirishni nazarda tutadi, shundan so‘ng alohida korxonalar mustaqil ravishda IPOʼga chiqa oladi.

Templeton Global Investments Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Danning ta’kidlashicha, listingdan so‘ng jamg‘arma kelajakda davlatga o‘z ulushini qo‘shimcha sotish orqali tezroq mablag‘ jalb etish imkonini beradigan vositaga aylandi.

“Endi — UzNIF listingdan o‘tganidan keyin — Iqtisodiyot va moliya vazirligi aksiyalarning 65 foiziga egalik qiladi. Qo‘shimcha joylashtirish opsioni to‘liq ijro etilgach, agar vazirlik davlat budjeti uchun qo‘shimcha mablag‘ jalb qilishni istasa, bizda allaqachon ochiq kompaniya mavjud bo‘ladi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, IPOʼga tayyorgarlik 12 oy davom etgan bo‘lsa, hukumat tomonidan ulushni keyinchalik sotishda arizalar yig‘ish orqali tezlashtirilgan joylashtirishga “bir-ikki hafta” ketishi mumkin.

“Hozircha bunday rejalar yo‘q. Iqtisodiyot va moliya vazirligi uchun 180 kunlik lokap-davr amal qiladi, biroq shundan keyin IPO davomida biz jalb qilishga muvaffaq bo‘lgan talabni — 2,8 mlrd dollarni hisobga olsak, shunday imkoniyat paydo bo‘ladi”, — deya qayd etdi Marius Dan.

Jamg‘arma aksiyadorlari portfel kompaniyalarining ham aksiyadorlari bo‘ladimi?

UzNIF investorlari jamg‘arma portfeliga kiruvchi korxonalarning aksiyadorlariga aylanadimi, degan savolga Xurshed Mustafoyev ushbu kompaniyalarning aksiyadori — o‘ziga tegishli ulushlar doirasida — jamg‘armaning o‘zi bo‘lib qolishini aytdi.

U strategik korxonalar mavjudligi IPOʼga bo‘lgan qiziqish omillaridan biriga bo‘lib xizmat qilganini tasdiqladi, biroq portfelda rentabelligi pastroq kompaniyalar ham borligini qo‘shimcha qildi.

“Jamg‘arma tarkibida 20 ta davlat korxonasi, moliyaviy muassasalar va bitta bank bo‘lsa, ularning orasida hammasi ham 100 foiz foyda bilan ishlayvermaydi”, — dedi u.

Vazir o‘rinbosari IPOʼdan oldin Iqtisodiyot va moliya vazirligining jamg‘armadagi ulushi 100 foizni tashkil etganini eslatdi. Aksiyalar joylashtirilgach, 65 foiziga vazirlik egalik qilmoqda, qolgani esa IPOʼda ishtirok etgan investorlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Marius Danning qo‘shimcha qilishicha, jamg‘arma portfelidagi aksariyat kompaniyalar hozircha listingdan o‘tmagan, biroq aktivlar orasida ommaviy kompaniyalar — xususan, “O‘zsanoatqurilishbank” (SQB), Tovar-xomashyo birjasi va “O‘zbektelekom” allaqachon mavjud.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bitimda ayrim ommaviy kompaniyalarning aksiyalariga allaqachon egalik qilgan investorlar ham, yangi investorlar ham qatnashgan.

“Investorlar bitimning faol ishtirokchisiga aylanishi uchun fond birjasida ko‘plab yangi hisobvaraqlar ochilgani juda muhim. Shuni ham ta’kidlash joizki, chakana investorlar yakuniy joylashtirish narxidan 5 foizlik chegirmaga ega bo‘ldi”,-dedi u.

GDR va mahalliy aksiyalar o‘rtasida farq bormi?

Londonda xorijiy investorlar uchun joylashtirilgan global depozitar tilxatlarga (GDR) egalik qiluvchi investorlarning huquqlari alohida masala sifatida ko‘rib chiqildi.

“Aksiyadorlar o‘rtasida hech qanday tafovut yo‘q. GDR — aksiyalarning o‘zi. Bir dona GDR amalda 64 mingdan ortiq aksiyaga to‘g‘ri keladi. Lekin hech kimda hech qanday maxsus huquqlar mavjud emas”, — dedi Marius Dan.

Uning ta’kidlashicha, barcha aksiyadorlarga — ular GDR`ga yoki Toshkent fond birjasidagi mahalliy aksiyalarga egalik qilishidan qat’i nazar — bir xil munosabatda bo‘linadi.

“Joylashtirish vaqtida mahalliy joylashtirish chakana investorlar uchun chegirma taklif qilgan va bunda taqsimot foydaliroq bo‘lgan. Bular joylashtirishning mahalliy qismida qatnashishga qaror qilgan investorlar uchun rag‘bat edi”, — deya qo‘shimcha qildi Templeton Global Investments vakili.

IPO mablag‘lari nimaga sarflanadi?

Shuningdek, jurnalistlar IPO`dan tushgan mablag‘larning qancha qismi jamg‘arma kompaniyalarini, ayniqsa, investitsiyaga muhtoj energetika korxonalarini rivojlantirishga yo‘naltirilishi bilan qiziqdi.

Xurshid Mustafoyevning tushuntirishicha, IPO tushumlari avval maxsus g‘aznachilik hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va ulardan foydalanish Prezident administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

“Ushbu jamg‘arma tarkibidagi korxonalar investitsiya loyihalarini amalga oshirish, modernizatsiya qilish, shuningdek, o‘z ishlab chiqarish faoliyatini yanada kengaytirish va takomillashtirish uchun haqiqatan ham katta mablag‘larga ehtiyoj sezmoqda”, — dedi u.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha takliflarni tayyorlashda ushbu korxonalarning moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyoji hisobga olinadi.

Nima uchun hududlarda kengroq kampaniya o‘tkazilmadi?

Marius Dan, shuningdek, Toshkent birjasidagi talab yuqori bo‘lganiga va savdolarning birinchi kunida narx o‘sganiga qaramay, nima sababdan hududlarda keng ko‘lamli roud-shoular o‘tkazilmagani haqidagi savolga ham javob berdi.

U IPOʼda investorlar bilan muloqot qilishning qat’iy qoidalari mavjudligini ta’kidladi.

“Birlamchi ommaviy taklif o‘tkazilayotganda muloqotning o‘ta qat’iy qoidalari amal qiladi: qachon investorlar bilan muloqot qilishga ruxsat boru, qachon yo‘q”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilotchilar mahalliy investorlarni rag‘batlantirish uchun ikki qadam qo‘ygan: chakana investorlarga 5 foizli chegirma taqdim etgan hamda Toshkent shahri va viloyatlarda reklama kampaniyasini o‘tkazgan.

“Ehtimol, shahar bo‘ylab bilbordlarni, onlayn reklamalarni, O‘zbekistondagi 500 mingdan ortiq obunachiga yuborilgan push-xabarnomalarni ko‘rgandirsiz. Shu sababli biz haqiqatda ko‘p harakat qildik, biroq IPO haqida faqat buyurtmalar kitobi ochiq bo‘lgan ikki haftalik muddat davomida gapirish mumkin”, — dedi Marius Dan.

Uning ma’lum qilishicha, bitimda 5000 ga yaqin chakana investor ishtirok etgan va ulardan jalb qilingan mablag‘lar hajmi 17,7 mln dollarni (taxminan 214 mlrd so‘m) tashkil etgan — bu O‘zbekistondagi avvalgi barcha IPO`lar jamlanmasidan ham ko‘proqdir.

“Bu hali birinchi qadam. Ishonchimiz komilki, keyingi IPO’larda bu ko‘rsatkichlar o‘sishda davom etadi, chunki aholining kengroq qatlamlari mahalliy kapital bozori ham qanday daromad keltirishi mumkinligini ko‘rib boradi”, — dedi u.

Qanday qilib ko‘proq institutsional investorlarni jalb etish mumkin?

Marius Dan qo‘shaloq listingni xalqaro institutsional investorlarni jalb qilish va keyinchalik ularning faolligining bir qismini bosqichma-bosqich mahalliy bozorga o‘tkazish usuli deb atadi.

“Qo‘shaloq listing institutsional investorlar uchun birinchi bitimga sarmoya kiritishda o‘ziga xos magnit bo‘lishi kerak. Lekin keyingi maqsad — ularni bu yerga olib kelish, mahalliy fond birjasida hisobvaraqlar ochishga va kelajakda taklifning xalqaro qismi orqali emas, balki Toshkent orqali joylashtirishlarda faolroq ishtirok etishga undashdir”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, IPOʼda 150 dan ortiq institutsional investor ishtirok etgan. “Biz ularning ko‘proq qismini nafaqat xalqaro bozorda, balki shu yerda, Toshkentda ham ko‘rishni istaymiz”, — deb ta’kidladi Templeton Global Investments vakili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, investorlarning mahalliy bazasini rivojlantirishga tartibga soluvchi o‘zgarishlar va kapital bozori to‘g‘risidagi yangi qonun yordam berishi kerak. Kelgusida, uning fikricha, O‘zbekistondagi aksiyalar bozorining faol ishtirokchisiga aylanadigan Pensiya jamg‘armasini ham ko‘rish muhim bo‘ladi.

Islohotlarga nisbatan “katta ishonch votumi”

“UzNIF IPOʼni O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tarixiy deb hisoblash mumkinmi?” degan savolga javoban Manraj Sexon so‘nggi 10 yil ichida mamlakat islohotlarning sezilarli yo‘lini bosib o‘tganini qayd etdi.

“Islohotlar dasturi 10 yil avval boshlangan va qisqa vaqt ichida erishilgan natijalar hayratlanarli. Dunyo bo‘ylab sarmoyadorlar bilan olib borgan suhbatlarimizdan shuni bilamizki, ko‘plab investorlar O‘zbekistonni juda diqqat bilan kuzatyapti”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston islohotlar, raqamlashtirish, tabiiy resurslar, geografik joylashuv va jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlarning uyg‘unligi tufayli nafaqat mintaqada, balki jahon miqyosida ham ajralib turadi.

“O‘zbekiston qilishi kerak bo‘lgan hamda biz kompaniyalar va hukumat bilan birgalikda amalga oshirish uchun bor kuchimizni safarbar etadigan ish — jamg‘armaning sarmoyadorlarga bergan va’dasini bajarish: transformatsiya, kompaniyalar shaffofligini oshirish, keyingi islohotlar, samaradorlikni oshirish va ko‘proq qiymat yaratish”, — dedi Manraj Sexon.

Marius Dan jamg‘armaning IPOʼsini jahon institutsional sarmoyadorlari tomonidan bildirilgan “katta ishonch votumi” deb atadi.

Navbatda qaysi kompaniyalar IPOʼga chiqishi mumkin?

Keyingi joylashtiruvlar haqida so‘z yuritar ekan, Marius Dan mamlakatdagi 29 ta yirik korxonani xususiylashtirishni nazarda tutuvchi prezident qaroriga (PQ-145) havola qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin uch yil ichida jamg‘arma portfelidagi kompaniyalar, jumladan, kommunal korxonalar, telekommunikatsiya biznesi, gidroenergetika va aviakompaniya bozorga chiqishi kerak. 2028-yilgacha quyidagi kompaniyalar IPO o‘tkazilishi kutilmoqda (dastlabkilari 2026-yil oxirigacha bo‘lib o‘tishi mumkin):

· Uzbekistan Airways;

· “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”;

· “O‘zbektelekom”;

· "O‘zbekgidroenergo";

· "Hududiy elektr tarmoqlari";

· “Hududgazta’minot”.

“Biz bu kompaniyalarni bozorga olib chiqishga qat’iy bel bog‘laganmiz. O‘ylaymanki, jamg‘armaning o‘z IPOʼsida qatnashgan investorlar tabiiy xaridorlar bo‘lib, ular ushbu alohida kompaniyalarning, shuningdek, O‘zbekistonning boshqa kompaniyalari IPOʼsida ham ishtirok etadi”, — deya ta’kidladi u.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafoyev 2030-yilgacha IPOʼga chiqarilishi yoki xususiylashtirilishi kerak bo‘lgan aktivlar ro‘yxatiga aniqlik kiritdi.

U alohida IPOʼga chiqishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar qatorida Uzbekistan Airways aviakompaniyasi, “O‘zbekgidroenergo”, “Milliy elektr tarmoqlari”, shuningdek, jamg‘arma portfeliga kirmagan “O‘ztransgaz” va boshqa korxonalarni sanab o‘tdi.

“Ushbu investitsiya jamg‘armasi va uning portfeliga kirgan kompaniyalar hozirda Franklin Templeton bilan hamkorlikda transformatsiya dasturidan o‘tmoqda. Qolgan kompaniyalar ham bir joyda to‘xtab qolgani yo‘q. Jamg‘armaning hozirgi portfeliga kirmagan kompaniyalarda ham transformatsiya jarayonlari davom etmoqda”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday korxonalarning aksariyatida allaqachon xalqaro standartlar (MHHS) bo‘yicha hisobot yuritilmoqda, xalqaro kredit reytinglari olingan, ayrim kompaniyalar esa ESG-reytinglarini olish jarayonida.

“Ayrim kompaniyalar allaqachon yevrobondlar chiqarib, mustaqil ravishda, davlat ko‘magisiz xalqaro moliya bozoridan mablag‘ jalb qilgan”, — deya qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari.

Jamg‘arma davlatning nobozor ta’siridan qanday himoyalanadi?

Jamg‘armani davlatning majoritar aksiyador sifatidagi nobozor ta’siridan himoya qilish kafolatlari hamda portfel kompaniyalariga aksiyadorlarning tijoriy manfaatlariga bog‘liq bo‘lmagan homiylik, ijtimoiy yoki boshqa majburiyatlarni yuklash ehtimoli haqidagi savolga javoban Marius Dan aniq “immunitetlar” haqida gapirmay, jamg‘arma tuzilmasi, korporativ boshqaruv va aksiyadorlar huquqlariga e’tibor qaratdi.

“Biz jamg‘armani boshqarishni boshlashdan avval ham, jumladan, uning tuzilmasini shakllantirish ustida ishlaganmiz. Biz Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan juda yaqin hamkorlik qildik va, o‘ylaymanki, qat’iyat hamda jamg‘armaning aynan korporativ boshqaruv va aksiyadorlar huquqlariga ega tuzilmasi ushbu IPO muvaffaqiyatli yakunlanishining asosiy tayanch nuqtasi va hal qiluvchi omili bo‘ldi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Franklin Templeton Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda transformatsiya ustida har kuni ish olib bormoqda.

“Albatta, qiymat yaratish uchun hali qilinadigan ishlar juda ko‘p. Ishonchim komilki, investorlar ham bunga amin, bu ishlar davom ettiriladi va natijada alohida aktivlar hamda jamg‘armaning o‘zi yanada yuqori baholanishiga olib keladi”, — deya ta’kidladi Marius Dan.

U, shuningdek, investorlarga jamg‘arma va portfel kompaniyalari faoliyati to‘g‘risida har choraklik hisobotlar taqdim etib borilishini ma’lum qildi.

Marius Danning aytishicha, investorlar “yuqori darajadagi shaffoflik”ni kutmoqda va boshqaruvchi kompaniya aynan shuni ta’minlashga butun e’tiborini qaratgan.

Chakana investorlarning huquqlari qanday himoya qilinadi?

IPO davomida aksiyalarni sotib olgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari qanday himoya qilinishi haqidagi savolga javoban Xurshed Mustafoyev aksiyalarni Toshkent fond birjasida joylashtirishga qiziqish yuqori bo‘lganini ma’lum qildi.

“Bunga 4700 nafar jismoniy shaxs qiziqish bildirdi. Bu, albatta, juda katta raqam”, — dedi u.

Vazir o‘rinbosari aksiyalarni joylashtirishda jismoniy shaxs bo‘lgan norezidentlar ham ishtirok etganini, bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchdan dalolat berishini ta’kidladi.

“Ulardan tashqari, jismoniy shaxslar ham, jumladan, Toshkent fond birjasi orqali IPOʼda qatnashib, ulushga ega bo‘ldi”, — dedi u.

Xurshed Mustafoyevning so‘zlariga ko‘ra, jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qilish masalasi yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

“Jismoniy shaxslar huquqlari himoyasiga kelsak, bu borada hech qanday muammo bo‘lmaydi. Davlat ularning huquqlarini 100 foiz ta’minlaydi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligida tegishli qonunchilik hujjatlari ustida allaqachon ish olib borilmoqda”, — dedi Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakili. Kapital bozori to‘g‘risidagi yangilangan qonunni 2026-yil oxirigacha qabul qilish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, IPO doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi yagona aksiyador sifatida UzNIFʼning jami 1,56 trln dona aksiyasini oddiy aksiyalar va GDR (global depozitar kvitansiyalar) shaklida taklif qilgan edi. Bu qo‘shimcha joylashtirish opsioni doirasida chiqarilishi mumkin bo‘lgan GDRʼlarni hisobga olmaganda, jamg‘arma ustav kapitalining 31 foizini tashkil etdi. Bitta GDR 64 700 dona aksiyaga teng.

Jalb qilingan mablag‘larning umumiy summasi, qo‘shimcha joylashtirish opsioni doirasida chiqarilishi mumkin bo‘lgan GDRʼlarni hisobga olmaganda, taxminan 603,6 mln dollarni tashkil etdi. Ularni hisobga olganda, summa 692 mln dollargacha, sotilgan aksiyalar ulushi esa 35 foizgacha oshishi mumkin. Bu IPO O‘zbekiston tarixidagi eng yirik birjaga chiqish bo‘ldi.

2025-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, jamg‘armaning sof aktivlari qiymati 2,44 mlrd dollarni tashkil qilgan (keyinroq IPO natijalariga ko‘ra kapitallashuv 1,95 mlrd dollarni tashkil etdi). UzNIF portfeliga Uzbekistan Airways, “O‘zbektelekom”, “O‘zbekgidroenergo”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “O‘zbekinvest” kabi 13 ta davlat kompaniyasidagi minoritar ulushlar kiradi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

25 05 2026 / 11:19