Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesning moliyaviy xizmatlardan foydalanishi osonlashtiriladi



Ulashing :


O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesning kreditlardan foydalanishini osonlashtiradigan raqamli moliyaviy platforma ishga tushiriladi. 1-dekabrdan platformada sun’iy intellektga asoslangan muqobil kredit skoringi modeli joriy etiladi. Qolaversa, banklar tomonidan “AI maslahatchisi” dasturi yo‘lga qo‘yiladi.

Raqamli moliyaviy platforma

O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes uchun raqamli moliyaviy platforma ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. U orqali tadbirkor kredit olish uchun ariza beradi, bir nechta banklardan tijorat takliflarini oladi, ularni taqqoslab, o‘ziga qulayini tanlaydi. Bu masala dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan taqdimotda muhokama qilindi.

Platforma “Elektron hukumat” tizimining raqamli ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi. Kichik va o‘rta biznes subyektlariga oid ma’lumotlar avtomatik ravishda olinib, banklarga taqdim etiladi. Bu kredit berish jarayonida hujjat yig‘ish, ortiqcha vaqt sarflash va inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda kichik va o‘rta biznesning moliyaviy xizmatlardan foydalanishida hali ham ayrim to‘siqlar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Bugungi kunda kichik va o‘rta biznesga ajratilgan kreditlar portfeli 218 trln so‘mni tashkil etmoqda. Bu yalpi ichki mahsulotga nisbatan 12 foizga teng. Shu bilan birga, onlayn tarzda ajratilayotgan ta’minotsiz mikrokreditlar ulushi kam. Ta’minotsiz onlayn mikrokredit ajratish jarayoni o‘rtacha 7 kungacha vaqt olmoqda. Tadbirkor kredit olish uchun bir nechta bank takliflarini bir joyda ko‘rish, solishtirish va o‘ziga maqbul shartlarni tanlash imkoniyatiga ega emas.

Sun’iy intellekt joriy etish

1-dekabrdan boshlab platforma doirasida sun’iy intellekt texnologiyalari elementlaridan foydalangan holda muqobil skoring modeli joriy etiladi. An’anaviy skoring asosan kredit tarixiga tayansa, muqobil skoring biznes faolligi, kommunal to‘lovlar, aylanmalar, soliq va boshqa raqamli ma’lumotlarni ham hisobga oladi. Bu kredit tarixi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlarni ham baholash, ularga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yo‘l ochadi.

Shuningdek, kelgusida sun’iy intellekt asosida tadbirkorning kredit tarixini yaxshilash, kelgusidagi xatarlarni baholash va biznesni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarni shakllantirish imkoniyati yaratiladi.

Tijorat banklari tomonidan “AI maslahatchisi” dasturini ishga tushirish ham nazarda tutilmoqda. Mazkur dastur mahallalar ixtisoslashuvi va o‘sish nuqtalarini hisobga olgan holda biznes g‘oyalarni ishlab chiqish, ularni moliyalashtirish imkoniyatlarini aniqlashga ko‘maklashadi.

Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash

Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida ham qo‘shimcha yengilliklar belgilanmoqda. Avval dastur doirasida mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun mikrokreditning garovsiz qismi 100 million so‘mdan 200 million so‘mgacha oshiriladi.

Qolaversa, kredit yoki lizing miqdoridan qat’i nazar, uning 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan qismi uchun foiz xarajatlari kompensatsiya qilinadi.

Har yili o‘z faoliyatini kengaytirgan va yuqori natija ko‘rsatgan 100 ta tadbirkorlik subyektiga raqamlashtirish, xalqaro standartlar va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 300 million so‘mgacha grant ajratish taklif etildi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

26 05 2026 / 14:18