Raqobat qo‘mitasi transmilliy raqamli platformalar uchun antimonopol
tartibga solish mexanizmini ishlab chiqmoqda. Qolaversa, raqamli platformalarni
ustun mavqega ega deb e’tirof etish chegaralarini oshirish reja qilingan.
Amaldagi mezonlar 2023-yilgi ma’lumotlarga asoslangan.
Кириллчада На русском языкеBugun, 09:59
Iqtisodiyot
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish
qo‘mitasi transmilliy raqamli platformalar uchun antimonopol tartibga solish
mexanizmini ishlab chiqmoqda.
Bu haqda 19-may kuni bo‘lib o‘tgan Digital Uzbekistan xalqaro PLAS forumida
qo‘mita bosh mutaxassisi Javlonbek Isroilov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot.
Mazkur mexanizmni 2026-yilning
1-oktabriga qadar ishlab chiqish, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli
qarori loyihasini tayyorlash rejalashtirilgan.
Oltita bozorda ustun mavqeni egallab turgan raqamli platforma operatorlari
ro‘yxatidan to‘qqizta kompaniya joy olgan. Bular — Payme, Click, Uzum Market, Uzum Tezkor, Yandex Go, Yandex Eats, Express
24, OLX va Allplay.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ustun mavqega ega kompaniyalarga nisbatan
antimonopol komplayens tizimi muvaffaqiyatli joriy etilgan.
“Raqamli platformalarni ustun
mavqega ega deb e’tirof etish mezonlari juda past darajada, biroq
bu raqamlar 2023-yildagi bozor ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib ishlab
chiqilgan edi. Bugungi kunda qo‘mita [rezident bo‘lgan raqamli platformalarning
ustun mavqeini e’tirof etish] chegaralarini oshirishni rejalashtirmoqda. Yil
yakuniga qadar ushbu o‘zgarishlar e’lon qilinadi”, — dedi u.
Shuningdek, raqamli platformalarni qo‘shib olish va sotib olish
bo‘yicha shart va talablar ham yangilanadi. Platformalarning raqobatga zid
harakatlarini aniqlash uchun esa qo‘mita sun’iy intellektdan foydalanishni
maqsad qilgan.
gazeta .uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
01 06 2026 / 13:21