Toshkent shahrida Kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish
va ta’lim klasteri tashkil qilinadi. Klasterda Janubiy Koreya bilan
hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi barpo etiladi. Ushbu
markazda tajriba-sinov o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarning yarmi qoplab
beriladi.
Toshkent shahrida Kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish
va ta’lim klasteri tashkil qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev kimyo
sanoatini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
Yig‘ilishda prezident bugun korxonalardagi yosh laborantlar, dual
ta’lim asosida ishlayotgan talabalar bilan gaplashib, olimlarning taqdimoti
bilan tanishib, sohaga ilm-fan kirib borayotganiga amin bo‘lganini ta’kidladi.
Lekin bu borada qilinadigan ishlar hali ko‘pligi qayd etildi.
Sohada ta’lim, tadqiqot,
laboratoriya, startaplarni o‘z ichiga olgan yaxlit tizim yaratiladi. Buning
uchun Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 60 gektar yerda Kimyo sanoati uchun innovatsion
ilmiy-ishlab chiqarish va ta’lim klasteri tashkil qilinadi. Mazkur
klasterda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya
markazi barpo etiladi. Ushbu markazda tajriba-sinov o‘tkazish bilan bog‘liq
xarajatlarning yarmi qoplab beriladi.
Kelgusi yil yakunigacha Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Mendeleyev
nomidagi kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali klaster hududiga
ko‘chiriladi.
Suvda eriydigan o‘g‘it, polimerlar,
maishiy va noorganik kimyo bo‘yicha rejalashtirilgan katta loyihalar
hisobiga nanokimyo, “yashil” kimyo, super-molekulyar kimyo, sun’iy intellekt
asosida kimyoviy modellashtirish kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlarga
talab paydo bo‘ladi.
Shu maqsadda kimyo sohasida
kadr tayyorlaydigan 35 ta oliygohning professor o‘qituvchi va kafedra
mudirlari loyihalarga biriktirildi.
Yangi o‘quv yilidan ushbu
ehtiyojlardan kelib chiqib kadr tayyorlashni boshlash zarurligi ko‘rsatib
o‘tildi. Umuman, kimyo sanoati bo‘yicha 17 milliard dollarlik 350 dan ziyod
loyihani ishga tushirish bo‘yicha dastur qilib, ishlarni boshlash topshirildi.
Ushbu katta marralarni bajarish uchun sohani ilmiy asoslangan
va zamonaviy yondashuvlar asosida boshqarish talab etiladi. Shu bois,
“O‘zkimyosanoat”ni transformatsiya qilish zarurligi qayd etildi
va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
03 06 2026 / 14:10