O‘zbekistonda ijodiy biznesni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi —
Kreativ sanoat parki taqdim etildi. Park ishtirokchilariga soliq imtiyozlari,
infratuzilma, davlat xaridlari va xalqaro loyihalarda ishtirok etish
imkoni va’da qilinadi. Gazeta kimlar rezident bo‘la
olishi va ekotizim qanday ishlashini o‘rgandi.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijodiy
kasblar va kreativ biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlashning yangi davlat
tizimi — Kreativ sanoat parkini (Uzbekistan
Creative Park) taqdim etdi. Loyiha mamlakatning ijodiy sektorini maxsus huquqiy rejim, infratuzilma,
imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlariga ega yagona ekotizimga
birlashtiradi.
Kreativ sanoat parki direktori Hasan Solihovning so‘zlariga ko‘ra, bu g‘oya
sohaning o‘zidan chiqqan talabga javoban paydo bo‘lgan. Bugungi kunda
mamlakatda minglab dizaynerlar, rejissyorlar, me’morlar, musiqachilar,
hunarmandlar, raqamli kontent va reklama bo‘yicha mutaxassislar faoliyat yuritadi.
Ularning ko‘pchiligi yuqori soliq yuki, biznes yuritishdagi qiyinchiliklar,
infratuzilmadan foydalanishning cheklangani va boshqa muammolarga duch
kelmoqda. Qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmi mamlakat ichida ishlash
va biznesni rivojlantirish sharoitlarini soddalashtirishi, imtiyozlar
va platformalardan foydalanish imkoniyatini taqdim etishi, shuningdek,
yangi bozorlarga chiqishga yordam berishi kerak.
“Bugungi kunda kreativ
industriyalar — iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan
biri. Bizning vazifamiz esa kreativ tadbirkorlarga o‘z salohiyatini
shu yerda, o‘z vatanida ro‘yobga chiqarish imkoniyatini berish. Iste’dodli
insonlar yonma-yon ishlab, bir-birini qo‘llab-quvvatlasa, butun boshli
sohalarni o‘zgartirishga qodir loyihalar tug‘iladi”, — dedi Hasan Solihov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘llab-quvvatlashning ko‘plab unsurlari, xususan,
xalqaro dasturlar, ta’lim tashabbuslari, alohida infratuzilma obyektlari
hozirdanoq mavjud, biroq shu paytgacha ular tarqoq holda rivojlanib
kelgan. Park ularni yagona ekotizimga birlashtiradi va uning asosini beshta
yo‘nalish tashkil etadi: soliq imtiyozlari va faoliyat yuritishning
soddalashtirilgan qoidalari, rezidentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun raqamli
platforma, kreativ maydonchalar va klasterlar tarmog‘i, professional
hamjamiyat va xalqaro sheriklik, eksport hamda davlat xaridlarida ishtirok
etish.
Kreativ industriyalar parki nafaqat ijodiy hamjamiyat uchun qulay sharoit
yaratish, balki iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga ham qaratilgan.
Solihovning aytishicha, sohaning mamlakat YAIMidagi hissasi hozirgi 3,7
foizdan 5 foizgacha oshishi kutilmoqda. Kreativ industriyalar
eksportini 1 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan (2024-yilda bu
ko‘rsatkich 776 mln dollarni tashkil etgan). Sohada band bo‘lganlar sonini esa
319 mingdan 500 ming kishiga yetkazish ko‘zda tutilgan.
“Parkning kuchi uning
rezidentlarida ekaniga ishonchimiz komil, shu bois birinchi kundanoq
hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga intilamiz. G‘oyalarimiz nafaqat mamlakat
ichida, balki xalqaro bozorda ham raqobatbardosh bo‘lishi zarur”, — deb ta’kidladi
direktor.
Kreativ sanoat parkining ishga tushirilishi kreativ iqtisodiyot sohasidagi
keng qamrovli davlat siyosatining bir qismiga aylandi. Uning faoliyati “Kreativ
iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun, 2026-yil 26-fevraldagi prezident farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi 90-sonli qarori bilan tartibga solinadi.
Ushbu hujjatlar yangi tizim rezidentlari uchun faoliyat yuritish tartibi,
imtiyozlar va talablarni belgilab beradi.
Kim rezident maqomini olishi mumkin?
Kompaniyalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan
shaxslar Park rezidenti bo‘lishi mumkin. Asosiy shart — 142
ta faoliyat turini o‘z ichiga olgan kreativ iqtisodiyotning tasdiqlangan
15 ta yo‘nalishidan birida faoliyat yuritish. Bular qatoriga tasviriy
va amaliy san’at, adabiyot va noshirlik, kino va audiovizual
mahsulotlar ishlab chiqarish, moda va dizayn, arxitektura
va urbanistika, media, reklama, axborot texnologiyalari, muzey ishi hamda
madaniy merosni saqlash bilan bog‘liq loyihalar kiradi.
“Park nafaqat tor ma’nodagi madaniyat sohasiga, balki ijodiy tadbirkorlikka
ham yo‘naltirilgan: kichik dizayn-studiyalar va prodakshnlardan tortib,
arxitektura byurolari, fashion brendlar va raqamli jamoalargacha”, —
deya izoh berdi Hasan Solihov.
Rezident maqomini olishning
asosiy sharti “80 ga 20” qoidasi bo‘ladi: kompaniya yoki tadbirkor yillik
daromadining kamida 80 foizini kreativ sohalarning tasdiqlangan ro‘yxatiga
kiritilgan faoliyatdan olishi kerak. Park direktorining so‘zlariga ko‘ra,
bu imtiyozlarni biznesining asosi haqiqatan ham ijodiy faoliyat bo‘lgan shaxslarga
yo‘naltirish imkonini beradi.
Rezident bo‘lish uchun arizani Parkning rasmiy saytida qoldirish mumkin.
Arizani ko‘rib chiqish 15 kungacha davom etadi. Park direksiyasi arizalarni
baholashga soha mutaxassislarini jalb qilishni rejalashtirmoqda. Strategik
masalalarni ko‘rib chiqish uchun alohida respublika kengashi tuziladi.
Rezidentlar tizimning ichki qoidalariga rioya qilishlari va ramziy
rezidentlik to‘lovlarini amalga oshirishlari kerak bo‘ladi: yakka tartibdagi
tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun aylanmaning 0,1 foizi hamda
yuridik shaxslar (MCHJ) uchun 0,3 foizi. Hasan Solihovning tushuntirishicha,
stavkalar bunday to‘lovlar aylanmaning 1 foiziga yetishi mumkin bo‘lgan ko‘plab
xorijiy analoglarga qaraganda ataylab pastroq belgilangan.
Rezidentlar uchun imtiyoz va preferensiyalar
Park kreativ soha vakillarining ishini soddalashtirish, biznesga tushadigan
moliyaviy va ma’muriy yukni kamaytirishga qaratilgan. Buning uchun maxsus
soliq va huquqiy rejim nazarda tutilgan.
Yuridik shaxslar aylanma
solig‘ini 4 foizlik stavkada qo‘llay oladi, shuningdek, jismoniy shaxslar
daromad solig‘i va ijtimoiy soliqning 6 foizgacha pasaytirilgan
stavkalaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va
o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanma solig‘i QQSga o‘tmagan holda 1
foizni tashkil etadi. YATTlar uchun ijtimoiy soliq 50 foizga kamaytirilishi
nazarda tutilgan, o‘zini o‘zi band qilganlar uchun esa uni pasaytirilgan
stavkada to‘lash ixtiyoriy bo‘ladi.
Raqamli ma’murchilik platformasi tizimning alohida elementiga aylanadi.
U orqali ro‘yxatdan o‘tish, davlat idoralari bilan o‘zaro hamkorlik qilish
va hisobotlarni taqdim etish amalga oshiriladi. Bu byurokratik
tartib-taomillarni qisqartirib, ma’muriy jarayonlarni soddalashtirishga imkon
berishi kutilmoqda.
Qo‘llab-quvvatlashning yana bir yo‘nalishi davlat xaridlarida ishtirok
etish imkoniyati bilan bog‘liq. Rezidentlar uchun maxsus
raqamli platforma yaratilib, uning yordamida kreativ xizmatlar
va mahsulotlar bo‘yicha tenderlarda qatnashish imkoni taqdim etiladi.
Bu kichik studiyalar, prodakshnlar hamda mustaqil mutaxassislarning
imkoniyatlarini kengaytirishi lozim.
Bundan tashqari, agar O‘zbekistonda muqobili ishlab chiqarilmasa,
rezidentlar kreativ mahsulotlar yaratish uchun zarur bo‘lgan xomashyo
va materiallarni import qilishda bojxona bojlaridan ozod etiladi.
Loyihalarga jalb etiladigan
xorijiy kontragentlar uchun ham alohida imtiyozlar nazarda tutilgan — ular
QQS (12%), foyda solig‘i (20%) va JSHDS (12%) to‘lashdan to‘liq ozod
etiladi. Park vakillarining ta’kidlashicha, bu xorijiy rejissyorlar,
prodyuserlar, musiqachilar va kuratorlarning mamlakatdagi qo‘shma loyihalarda
ishtirok etishini osonlashtirishi lozim.
Shuningdek, rezidentlar park infratuzilmasi: kreativ hablar, kovorkinglar,
ustaxonalar, ishlab chiqarish maydonchalari va hududiy klasterlardan
foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Tizim mahsulotni yaratishning to‘liq
sikli — g‘oyadan tortib, bozorga chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab
oladi. Bundan tashqari, ta’lim va akseleratsiya dasturlari ham ko‘zda
tutilgan.
Yangi kreativ makonlar qayerda paydo bo‘ladi?
Kreativ sanoat parkini butun mamlakat bo‘ylab maydonchalar milliy tarmog‘i
sifatida rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Ularning har biri ish, ta’lim
va ishlab chiqarish vazifalarini o‘zida mujassam etadi, shuningdek,
kontent yaratish, ko‘rgazmalar o‘tkazish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish
uchun foydalanilishi mumkin.
Flagman hab Toshkent shahrining Farobiy ko‘chasida,
sobiq shahar onkologiya shifoxonasi hududida joylashadi. Hasan Solihovning
so‘zlariga ko‘ra, loyiha uchun qariyb to‘qqiz gektar yer ajratilgan
bo‘lib, kelajakda bu yerda turli ijodiy kasb vakillarining hamkorlikda
ishlashi uchun kreativ kampus barpo etiladi. Uning tarkibidan rezidentlar uchun
ofislari bo‘lgan biznes markaz, kovorkinglar, ko‘rgazma va konsert
maydonchalari, anjumanlar zallari, mehmonxona infratuzilmasi hamda sport hududi
o‘rin oladi.
Poytaxtdagi yana bir yirik maydon Central Asia University va “Yangi
O‘zbekiston” bog‘i yaqinida joylashgan “Yangi Toshkent” kampusi bo‘lishi
kutilmoqda. U ovoz yozish studiyalari, kino va video ishlab chiqarish
zonalari, badiiy ustaxonalar, ofislar hamda rezidentlar uchun
ish joylariga ega bo‘lgan ijodiy sanoatning ishlab chiqarish bazasi sifatida
ko‘zda tutilgan. Park direktorining so‘zlariga ko‘ra, bu yerda yirik
musiqiy jamoalar va orkestrlarni qabul qila oladigan studiya tashkil etish
ham rejalashtirilgan bo‘lib, bu O‘zbekistonda xalqaro musiqiy loyihalar
va kontent ishlab chiqarishni rivojlantirishga imkon beradi.
Nukusda rekonstruksiya qilingan angar negizida “Istiqlol” bog‘i barpo
etiladi va uning hududida shu yilning o‘zidayoq ko‘rgazma zallari,
rassomlar uchun ish joylari, jamoat zonalari va bolalar kutubxonasiga
ega ko‘p funksiyali madaniyat markazi ochiladi. Shuningdek, bu yerga EXPO 2025 Osaka
ko‘rgazmasidagi O‘zbekiston paviloni va Milan Design Week 2026ʼda taqdim
etilgan dekonstruksiya qilingan o‘tov ko‘chiriladi. Hasan Solihovning
so‘zlariga ko‘ra, har ikkala obyekt nafaqat me’moriy element, balki madaniy
diqqatga sazovor maskan sifatida ham xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, Samarqand, Buxoro va Xivada — asosan madaniy meros
obyektlari negizida — kreativ klasterlar yaratish rejalashtirilmoqda. Park
direksiyasining g‘oyasiga ko‘ra, bu bir vaqtning o‘zida tarixiy binolarga
yangi vazifa yuklash hamda tadbirkorlarning mamlakat sayyohlik markazlaridagi
maydonlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi. Madaniy
meros obyektlari uchun alohida preferensiyalar ko‘zda tutilgan. Rezidentlar
binolarni auksionning boshlang‘ich narxidan 50 foizgacha arzonlashtirilgan
stavkada ijaraga olishlari mumkin bo‘ladi.
F.Xamidova,
Gazeta
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
05 06 2026 / 13:52