O‘zbekiston
prezidenti 4 iyun kuni “Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy
etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari
to‘g‘risida” farmon imzoladi.
Farmonga
ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan obektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga
ulash “bitta ariza – bir to‘lov – barcha ulanish nuqtalari” tamoyili
asosida kompozit shaklda amalga oshiriladi.
2026
yil yakuniga qadar Toshkent shahri, 2027 yil yakuniga qadar qolgan hududlar
bo‘yicha "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ, "Hududgazta’minot"
AJ, "O‘zsuvta’minot" AJ va boshqa muhandislik-kommunikatsiya
tashkilotlarining tegishli tarmoqlardagi yuklamalar, mavjud zaxira va ulanish
nuqtalari haqidagi ma’lumotlari geografik axborot tizimi (GIS) shaklida
"Raqamli hukumat" tizimining idoralararo integratsiyalashuv
platformasiga integratsiya qilinadi.
Bunda
mazkur ma’lumotlar asosida obektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga
ulash uchun texnik shartlarni berish jarayonlari bosh reja raqamlashtirilgan
aholi punktlarida to‘liq inson omilisiz amalga oshiriladi.
Yagona
davlat xizmati
Hujjatda
yozilishicha, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan
Toshkent shahrida bino-inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta
qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino-inshootlar
qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish va arxitektura-rejalashtirish
topshirig‘ini ishlab chiqish bo‘yicha davlat xizmatlarini bitta
bosqichda ko‘rsatish amaliyoti joriy qilingan va bu ijobiy natija
bergan.
2026
yil 1 sentabrdan boshlab yuqorida sanab o‘tilgan davlat xizmatlari
respublikaning barcha hududlarida birlashtirilib, yagona davlat
xizmati – arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi joriy
etiladi. Bunda mazkur talablar bosh rejasi raqamlashtirilgan aholi punktlari
bo‘yicha inson omilisiz (avtomatik ravishda) shakllantiriladi.
Hududiy kengashlarga hokimlar rais bo‘ldi
Hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlariga raislik
qilish tegishliligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi
raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklandi.
Binoning konstruksiyasi, mustahkamligi va yong‘in
xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan, quvvati va maqsadi o‘zgarmagan holda
shaharsozlik norma va qoidalariga zid bo‘lmagan loyihadagi rejaviy tuzilish
(planirovka)da o‘zgarishlar mavjud bo‘lganda, ushbu bino loyihasini shaharsozlik
ekspertizasidan o‘tkazish jarayonida loyiha hujjatlarini hududiy kengashlar
bilan qayta kelishish amaliyoti bekor qilindi.
Qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish
jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qo‘shimcha 5 ish kuni
beriladi.
Ko‘proq hujjatlar raqamli shaklga o‘tadi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat
qilish inspeksiyasi 2026 yil 1 sentabrdan boshlab:
·
qurilish sub’yektlari tomonidan yuritilishi majburiy
bo‘lgan ijro hujjatlarini raqamlashtirishi hamda ularni qog‘oz
shaklida talab etish tartibini bekor qilishi;
·
qurilishga ruxsat berish va foydalanishga qabul qilish
bo‘yicha arizalarni sun’iy intellekt orqali tahlil qilish tizimini
bosqichma-bosqich joriy etishi kerak.
Qurilish obektlarida kameralar o‘rnatiladi
2026 yil 1 sentabrdan boshlab qurilishi yangidan
boshlanadigan quyidagi obektlarda videokuzatuv kameralari majburiy o‘rnatiladi:
·
tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan
quriladigan ko‘p kvartirali uy-joylar, III va IV toifadagi ijtimoiy soha, mehmonxona,
turizm, savdo va sanoat obektlarida;
·
budjet mablag‘lari hisobidan quriladigan
qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan obektlarda
(muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bundan mustasno).
Lizingga olingan texnikalar uchun ball beriladi
Pudrat tashkilotlarining lizing asosida jalb etilgan
maxsus texnika vositalari "Shaffof qurilish" milliy axborot
tizimining reyting baholash jarayonlarida inobatga olinadi.
Qurilish vazirligi ikki oy muddatda bu tartibni yo‘lga
qo‘yishi kerak. Bunda, lizing asosida olingan maxsus texnikalar haqidagi zarur
ma’lumotlar tegishli tashkilotlarning axborot-dasturiy tizimlaridan
integratsiya asosida olinadi.
Ayrim texnikalar importi bojdan ozod etildi
Pudrat va loyiha tashkilotlari 2029 yil 1 iyulga qadar
O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, qurilish ishlarida
foydalaniladigan maxsus texnika vositalarini hamda laboratoriya va instrumental
ko‘rik asbob-uskunalarini olib kirishda bojxona bojidan ozod etildi.
Bojdan ozod etiladigan maxsus texnika vositalari
ro‘yxatini Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tasdiqlashi kerak.
Vazirlik huzurida yangi tashkilot
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi
huzurida Shaharsozlik sohasida iqtisodiy islohotlar va narxlarni shakllantirish
respublika markazi tashkil etildi.
Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat
bo‘ladi:
·
"Qurilish resurslari milliy klassifikatori"
elektron platformasini yuritish hamda uning samarali ishlashi bilan bog‘liq
funksiyalarni bajarish;
·
shaharsozlik sohasida narxlarni shakllantirish
tizimini takomillashtirish va raqamlashtirish;
·
qurilish resurslari bozorini monitoring va tahlil
qilish;
·
vazirlik tizimidagi qurilish sohasida davlat
xaridlarini tashkil etish konsalting markazlari faoliyatini metodologik
ta’minlash hamda muvofiqlashtirish.
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
08 06 2026 / 9:45