Prezident Shavkat Mirziyoyev
mamlakat oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash
yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot
xizmati xabar berdi.
Taqdimotda
qayd etilishicha, 2026-yilda respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba
bitirishi kutilmoqda. Oliy ta’lim bilan qamrov kengayib borayotgani sabab
mehnat bozoriga kirib kelayotgan yosh mutaxassislar soni ham ortmoqda.
Shu munosabat
bilan bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, ularni bo‘sh ish o‘rinlariga
yo‘naltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va karera
markazlari faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha qator takliflar ko‘rib chiqildi.
Jumladan,
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab barcha oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari”
fanini joriy etish tashabbusi bildirildi. Ushbu fan talabalarda tadbirkorlik
ko‘nikmalarini shakllantirish, biznes yuritish asoslarini o‘rgatish
va mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek,
oliygohlarda talabalarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, spin-off
korxonalarga yoshlarni jalb qilish, kafedralarning tarmoq korxonalarida
filiallarini ochish hamda bitiruv ishlari himoyasini ish beruvchi tashkilotlarda
o‘tkazish amaliyotini kengaytirish choralari muhokama qilindi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
09 06 2026 / 12:17