O‘zbekiston, Yaponiya va BMTTD Orolbo‘yi hududida suv xo‘jaligining
iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish maqsadida 4,6 mln dollarli loyiha
boshlamoqda. Qoraqalpog‘istonda suvni raqamli monitoring qilish, infratuzilmani
modernizatsiyalash va fermerlarni suv tejovchi texnologiyalarga o‘rgatish
reja qilinmoqda.
2050-yilga borib O‘zbekistonda suv taqchilligi 15 milliard kubometrga
yetishi mumkin, Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanalining ishga tushirilishi esa
mamlakat uchun mavjud suv resurslarini yanada qisqartirishi ehtimoldan xoli
emas.
Ushbu vaziyat fonida O‘zbekiston, Yaponiya va BMT Taraqqiyot dasturi
(BMTTD) Orolbo‘yi hududiga iqlim o‘zgarishi va kuchayib borayotgan suv
taqchilligiga moslashishda ko‘maklashishga qaratilgan yangi, uch yillik
loyihani joriy etishni rejalashtirmoqda. Gazeta loyihaning maqsadlari hamda
Orol dengizi mintaqasida tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan texnologiyalar haqida
ma’lumot to‘pladi.
Nima uchun O‘zbekiston suv
tanqisligiga duch kelmoqda?
Suv resurslariga bosim ortib borayotgan bir paytda, mamlakatni suv bilan
ta’minlash O‘zbekiston uchun eng asosiy vazifalardan biriga aylanmoqda, deb
ta’kidladi Suv xo‘jaligi vazirligi bosh mutaxassisi Timur Bahronov.
“Iqlim o‘zgarishi, muzliklarning qisqarishi, aholi sonining o‘sishi,
urbanizatsiya va suvga bo‘lgan talabning ortishi butun Markaziy Osiyo
davlatlari uchun yangi muammo va chaqiriqlarni keltirib chiqarmoqda.
O‘zbekiston uchun suv xavfsizligi oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy
rivojlanish, ekologik barqarorlik va millionlab insonlarning farovonligi
bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqdir”, — dedi mutaxassis.
Suv xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qariyb 4,3
million gektar sug‘oriladigan yer mavjud bo‘lib, qishloq xo‘jaligi eng
yirik suv iste’molchisi bo‘lib qolmoqda. Markaziy Osiyo mintaqasi 2030-yilga
boriboq qariyb 7 milliard kubometr hajmdagi suv taqchilligiga duch kelishi
mumkin. BMT Taraqqiyot dasturi loyihasi rahbari Alisher Utemisovning so‘zlariga
ko‘ra, asr o‘rtalariga borib mamlakatdagi suv taqchilligi 15 milliard
kubometrga yetishi mumkin.
“O‘zbekiston suv taqchilligi darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar sirasiga
kiradi. Prognozlarga ko‘ra, suv defitsiti faqatgina o‘sib boradi.
Bu vaziyatga iqlim o‘zgarishi, haroratning ko‘tarilishi, Amudaryo
va Sirdaryo oqimining kamayishi, shuningdek, tobora ko‘proq suv
resurslarini talab qilayotgan aholi hamda iqtisodiyotning o‘sishi ta’sir ko‘rsatmoqda”, —
deya tushuntirdi loyiha rahbari.
Seminarda ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 2050-yilga borib O‘zbekiston
aholisi 50 million kishidan oshishi mumkin, bu esa suv iste’molining
yanada ortishiga olib keladi. Shu bilan bir vaqtda, daryolar oqimining
kamayishi kutilmoqda: prognozlarga ko‘ra, suv hajmi Amudaryoda 15 foizga,
Sirdaryoda esa taxminan 5 foizga qisqarishi mumkin.
Seminar ishtirokchilari
Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanalining qurilishini alohida risk omili sifatida
tilga oldi. Ushbu kanal to‘liq quvvat bilan ishga tushirilganidan keyin
O‘zbekiston uchun mavjud bo‘lgan suv resurslari hajmi 15 foizgacha qisqarishi
mumkin.
Bunday sharoitda Orolbo‘yi hududi eng zaif va himoyasiz bo‘lib qolmoqda.
Bu mintaqa Amudaryoning quyi oqimida joylashgan bo‘lib, daryo oqimi
bo‘ylab suvni eng oxirgilardan bo‘lib qabul qiladi. Bundan tashqari, aynan
shu yerda Orol dengizi ekologik inqirozining oqibatlari o‘n yillardan
buyon aholining yashash sharoitiga, qishloq xo‘jaligiga va atrof-muhit
holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Shu sababli yangi loyihani
aynan Qoraqalpog‘istonda — kuchayib borayotgan suv taqchilligi va iqlim
o‘zgarishi oqibatlariga moslashishga boshqa hududlardan ko‘ra ko‘proq muhtoj
bo‘lgan mintaqada amalga oshirishga qaror qilindi.
Suv bo‘yicha yangi loyiha
qanday ishlaydi?
“Orol dengizi mintaqasida suv resurslarini boshqarishni kuchaytirish va
iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish” loyihasi BMTTD tomonidan
va Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Loyiha shu yilning fevral oyida boshlangan bo‘lib, uni amalga oshirish
muddati uch yilga mo‘ljallangan. O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi va
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi loyihaning asosiy sheriklari hisoblanadi.
Loyiha budjeti 4,6 million dollarni tashkil etadi.
“Bu loyiha o‘z turiga ko‘ra noyobdir. So‘nggi yillarda aynan suv
sektoriga to‘liq yo‘naltirilgan bunday keng ko‘lamli loyihalar amalga
oshirilmagan edi. Shu bilan birga, u bugungi kunda mamlakatimizda
olib borilayotgan islohotlar vazifalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob
beradi”, — deya ta’kidladi Alisher Utemisov.
Loyiha Qoraqalpog‘istonning
to‘rtta pilot tumanini qamrab oladi. Ushbu hududlarda yashovchi aholining
umumiy soni qariyb 270 ming kishini tashkil etadi. Ishlar to‘rtta yo‘nalishda
olib boriladi: suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, sohani
raqamlashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va suv tejovchi
texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni
rivojlantirish. Boshqarishning ushbu yangi yondashuvlari keyinchalik
mamlakatning boshqa hududlariga ham tatbiq etilishi mumkin.
“Loyihadan maqsad — Orolbo‘yining qishloq joylarida suv resurslarini
yanada samarali boshqarish orqali mahalliy aholining iqlim o‘zgarishiga
chidamliligini oshirishdir. U suvdan foydalanishning deyarli barcha
darajalarini — uy xo‘jaliklaridan tortib fermer xo‘jaliklarigacha qamrab
oladi”, — deb ta’kidladi Utemisov.
Qanday texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda?
Alisher Utemisovning so‘zlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonning to‘rtta pilot
tumanida geoinformatsion tizimlar (GIT), datchiklar va turli
raqamli vositalar asosida “aqlli suv ta’minoti” integratsiyalashgan tizimini
joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu suv sarfi va nasos uskunalari
ishini real vaqt rejimida monitoring qilish, shuningdek, resurslar taqsimotini
optimallashtirish imkonini beradi.
GIT texnologiyalari suv infratuzilmasi, kanallar, nasos stansiyalari va
qishloq xo‘jaligi yerlarining holati haqidagi fazoviy ma’lumotlarni to‘plash
va tahlil qilishga xizmat qiladi. Ularni suv sarfi hamda suv xo‘jaligi
obyektlarining ishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uzatib turuvchi datchiklar
va monitoring qurilmalari tarmog‘i bilan birlashtirish ko‘zda tutilgan.
Iqlim xavflarini baholash va
qurg‘oqchilikni prognoz qilish uchun sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan
foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Utemisovning ta’kidlashicha, bu suv
taqchilligi bilan bog‘liq tahdidlarni oldindan aniqlash, iqlim xavflarini
prognoz qilish va tizimga yuklama ortgan davrlarda resurslarni yanada
samarali taqsimlash imkonini beradi.
Loyihaning yana bir unsuri — suv infratuzilmasi obyektlarining virtual
modellari bo‘lgan “raqamli egizaklar” (digital twins) bo‘ladi.
Bunday tizimlar kanallar, nasos stansiyalari va boshqa obyektlarning
ishini raqamli muhitda aks ettirish, turli ssenariylarni modellashtirish hamda
boshqaruv qarorlarining oqibatlarini ular amaliyotga joriy etilguniga qadar
baholash imkonini taqdim etadi.
Alisher Utemisov bu kabi yechimlarning tatbiq etilishi raqamli
vositalar suv resurslarini boshqarish samaradorligini qanday oshirishi
mumkinligini ko‘rsatib berishiga ishonch bildirmoqda.
Raqamli texnologiyalarni joriy etishdan tashqari, loyihada qishloq
aholisining suv taqchilligi va iqlim o‘zgarishlariga chidamliligini oshirishga,
shuningdek, aholini suv bilan ta’minlash va qishloq xo‘jaligi ishi bevosita
bog‘liq bo‘lgan obyektlarni modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratiladi.
Bu boradagi ishlar fermerlar, uy xo‘jaliklari, suvdan foydalanuvchilar
uyushmalari va mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda olib
boriladi. Pilot tumanlarda suvni tejash va hosildorlikni oshirish masalalarida
allaqachon o‘z samaradorligini isbotlagan yechimlarni tatbiq etish
rejalashtirilmoqda.
Loyiha doirasida qishloq xo‘jaligi yerlari va aholi punktlari o‘rtasida suv
taqsimlashda muhim rol o‘ynaydigan ayrim kanallar, nasos stansiyalari
va boshqa suv xo‘jaligi obyektlarining ma’lum qismlarini qayta tiklash
hamda yangilash ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan bir parallel ravishda, zamonaviy sug‘orish va suv
tejash usullari bilan yaqindan tanishish mumkin bo‘lgan demonstratsion
maydonchalar tashkil etiladi. Ushbu maskanlarda fermerlar, suv xo‘jaligi
mutaxassislari, mahalliy aholi, xotin-qizlar va yoshlar suvdan yanada
samarali foydalanish bo‘yicha o‘qitiladi. Mutaxassislarning fikricha, bu
qishloq xo‘jaligida yangi texnologiyalarni tezroq joriy etish va suv
isrofini kamaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, loyiha doirasida innovatsion yechimlarni tatbiq etish
uchun ilmiy muassasalar bilan hamkorlik qilish rejalashtirilgan. Ko‘rib
chiqilayotgan yo‘nalishlar qatorida — toza ichimlik suvidan foydalanish
muammosi ayniqsa o‘tkir bo‘lgan tumanlarda suvni chuchukllashtirish bo‘yicha
pilot loyihalar ham bor.
Qanday natijalar
kutilmoqda?
Suv xo‘jaligi vazirligi bosh mutaxassisi Timur Bahronovning so‘zlariga
ko‘ra, yangi tashabbus alohida ajralib qolgan emas, balki O‘zbekiston suv
xo‘jaligida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘ldiradi.
“O‘zbekiston hukumati suv sektorini isloh qilishni o‘z oldiga qo‘ygan eng
asosiy ustuvor vazifalardan biriga aylantirdi. Bu o‘zgarishlardan maqsad
oddiy — suvning har bir kubometridan yanada samarali, shaffof
va barqaror foydalanishdir”, — dedi u.
Islohotlarning eng muhim
yo‘nalishlaridan biri suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘ldi. Hozirda
ushbu texnologiyalar qariyb 2,6 million gektar maydonda qo‘llanmoqda —
bu mamlakatdagi jami sug‘oriladigan yerlarning taxminan 60 foizini tashkil
etadi. Bu o‘rinda gap tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish, diskretli,
ya’ni davriy sug‘orish hamda yerlarni lazerli tekislash haqida bormoqda.
2028-yilga borib bunday texnologiyalar joriy etilgan yerlar maydonini 3,5
million gektarga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, bu har yili 3,5 milliard
kubometrgacha suvni iqtisod qilish imkonini beradi.
Shu bilan bir vaqtda, infratuzilma ham modernizatsiya qilinmoqda.
2020-yildan buyon mamlakatda kanallar, gidrotexnika inshootlari va nasos
stansiyalari rekonstruksiya qilinmoqda, shuningdek, yopiq quvurli suv
tarmoqlaridan foydalanish kengaytirilmoqda. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra,
bu allaqachon yiliga qariyb 1 milliard kubometr suv isrof bo‘lishining
oldini olish imkonini bermoqda.
“Suvni tejash nafaqat dalada, balki kanallar, nasos stansiyalari, suv
omborlari va taqsimlash tizimlarida ham boshlanadi. Infratuzilmaga
kiritilayotgan sarmoyalar mamlakatning suv xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri
ta’sir ko‘rsatadi va suv yo‘qotilishini sezilarli darajada kamaytirish
imkonini beradi”, — deya ta’kidladi Bahronov.
BMT Taraqqiyot dasturi ushbu loyiha nafaqat Qoraqalpog‘istondagi mahalliy
muammolarni hal qilish vositasi, balki keyinchalik O‘zbekistonning boshqa
hududlari va Markaziy Osiyo davlatlarida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan —
suv resurslarini boshqarishning yangi yondashuvlarini sinovdan o‘tkazish
maydonchasiga aylanishiga ham ishonch bildirmoqda.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
09 06 2026 / 15:10