Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘ZBEKISTON FERMERLARI KENGASHI RAYOSATI A’ZOLARINING MUROJAATI



Ulashing :


G‘ALLA O‘RIM-YIG‘IMINI UYUSHQOQLIK BILAN O‘TKAZIB, MO‘L HOSIL OLISHGA ERISHING VA DAVLATGA DON SOTISH MAJBURIYATLARINI UNUTMANG!

O‘ZBEKISTON FERMERLARI KENGASHI RAYOSATI A’ZOLARINING MUROJAATI

HURMATLI FERMERLAR!

Mamlakatimizda lafzi halol dehqon va fermerlarning zahmatli mehnatlari evaziga dalalarda ulkan g‘alla hosili yaratildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan ko‘plab farmon va qarorlar, Siz, aziz dehqon va fermerlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirishdagi ulkan yutuqlaringizga mustahkam zamin yaratmoqda.

Ayni paytda respublikamizning ko‘plab tumanlaridagi fermer xo‘jaliklari g‘alla o‘rim-yig‘imini uyushqoqlik bilan olib borib, davlat zaxirasiga ortig‘i bilan don topshirmoqda va etishtirilgan mo‘l hosil evaziga katta daromadga ega bo‘lmoqda.

Masalan, Xonqa tumanidagi ko‘plab g‘allachilik fermer xo‘jaliklari hozirning o‘zidayoq har gektar maydondan 100-110 nentnerdan oshirib, yuksak xirmon ko‘tarishga erishdilar. SHu tumandagi 20 ta fermer xo‘jaligi 110-130 sentnerdan ortiq hosil olgani tahsinga loyiqdir. Jumladan, “Quramboy temirchi” fermer xo‘jaligi joriy mavsumda 30 gektar maydonda etishtirilgan g‘alladan har bir gektaridan 133 sentner, “Amin CHakan” fermer xo‘jaligi 35 gektar maydondan 118 sentnerdan, “To‘tijon Bekmetova” fermer xo‘jaligi 36 gektarda 117 sentnerdan, “Zevarjon Sarvinoz” fermer xo‘jaligi 35 gektar maydonda 115 sentnerdan hamda “Matyoqubov Akmal” fermer xo‘jaligi a’zolari joriy mavsumda 34 gektar maydonda etishtirilgan g‘alladan gektariga o‘rtacha 110 sentnerdan hosil ko‘tarib, davlat xirmoniga belgilangan donni ortig‘i bilan sotishdi va o‘z daromadlarini oshirdilar.

Aziz fermerlar!

G‘allachilik borasida yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlardan unumli foydalaning, Prezidentimizning 2026 yil 8 maydagi “G‘o‘za va bug‘doy etishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-82-sonli farmoni va boshqa qarorlar bilan Siz fermerlarga qator imtiyozlar berildi. Jumladan:

-bug‘doy etishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1 avgustiga qadar to‘liq qoplagan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 4 foizlik punkt mablag‘lari fermer xo‘jaliklariga qaytarib beriladi;

-2026 yil hosilidan boshlab g‘allani o‘z mablag‘lari yoki tijorat kreditlari hisobidan etishtirib, uni belgilangan tartibda birja savdolari yoki davlat resursi uchun realizatsiya qilgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga mahsulot qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi;

-2026 yildan bank kreditlarini olmasdan, o‘z mablag‘lari hisobidan yomg‘irlatib sug‘orishni joriy qiladigan fermerlar uchun shartnomalar asosida subsidiyaning 50 foizi oldindan ajratilishi hamda texnologiyalar o‘rnatilib, ishga tushirilgandan so‘ng qolgan 50 foizi to‘lab berilishi yo‘lga qo‘yildi;

-davlat buyurtmasi asosida boshoqli don etishtirish amaliyoti bekor qilinib, sohada bosqichma-bosqich bozor tamoyillarini joriy etiladi;

-fermer xo‘jaliklariga g‘alla etishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘laridan erkin foydalanish hamda xizmat ko‘rsatuvchi va resurs etkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlash huquqi berildi;

-donni xarid qilish hamda sotishda birja mexanizmining joriy etilishi kabi imtiyozlar qo‘llanilayotgani tufayli fermerlarning mablag‘lari tejalyapti va iqtisodiy imkoniyatlari oshayapti hamda g‘alladan yuqori hosil olish uchun puxta zamin yaratildi.

Qadrli fermerlar!

Har bir kun g‘animat ekanligini teran his etgan holda quyidagi ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni unutmang!

Birinchidan, etishtirgan hosilni qisqa muddatlarda yig‘ishtirib oling, hatto bir kun bo‘lsa-da, o‘rimni kechiktirsangiz, har kuniga bir sentnerdan hosildorlik yo‘qotishingiz mumkin. G‘allani davlat zaxirasiga sotib, zimmadagi majburiyatingizni to‘liq bajarishga erishing va davlat jamg‘armasidan olingan imtiyozli kreditlarni o‘z vaqtida qaytarib, 4 foizli imtiyozga ega bo‘ling;

ikkinchidan, har gektar maydondan 100 sentnerdan va undan ortiq hosildorlikka erishib, yuqori daromad oling;

uchinchidan, g‘alladan bo‘shagan maydonlarni peshma-pesh somondan tozalab, daromadli va eksportbop ekinlarni ekishni tashkil eting;

to‘rtinchidan, mahallangizdagi kam ta’minlangan oilalarga, yoshlarga hamda xotin-qizlarga takroriy ekin ekish uchun er ajratib, saxovatpeshalik qilishni unutmang;

beshinchidan, mamlakatimiz aholisini sifatli non va non mahsulotlari bilan ta’minlashda beminnat hissa qo‘shing.

Xalqimizning farovon yashashi va dasturxonimizning to‘kin-sochin bo‘lishi, bozorlarimiz non va non mahsulotlarga to‘la va arzon, turmushimiz yanada farovon bo‘lishi aynan Sizning bugungi g‘alla o‘rimini uyushqoqlik bilan o‘tkazishga va davlat zaxirasiga sotishingizga bog‘liqligini unutmang.

Mamlakatimiz taraqqiyoti va yuksalishiga munosib hissa qo‘shish uchun barchangizni fidoyilik bilan sidqidildan ishlashga chorlaymiz!

O‘zbekiston fermerlari kengashi Rayosati a’zolari


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

10 06 2026 / 15:45