O‘zbekistonda baliq yetishtirish hajmini 5 baravargacha oshirish reja
qilinmoqda. Prezident tanishgan yangi takliflarga ko‘ra, sohaga suvni tejaydigan
intensiv texnologiyalar va SI joriy etiladi, suv havzalari shaffof tizim
asosida ijaraga beriladi, tadbirkorlarga subsidiya va imtiyozli kreditlar
ajratiladi.
11-iyun
kuni Shavkat Mirziyoyev baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish
va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti
bilan tanishdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda dunyoda akvakultura rivojlanib, ilk bor
sun’iy ravishda yetishtirilgan baliq hajmi tabiiy suv havzalarida ovlangan
miqdordan oshib ketgan.
Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston suv resurslari cheklanganiga
qaramay, Markaziy Osiyoda baliq yetishtirish bo‘yicha yetakchi o‘rinda
turadi — 2025-yilda mamlakatda 206 ming tonna baliq yetishtirilgan. Biroq
aholi soni o‘sishi bilan oqsilli mahsulotlarga bo‘lgan talab ham ortmoqda.
Intensiv texnologiyalar va yangi ijara tizimi
Bugungi kunda respublikada intensiv usulda baliq yetishtirish hajmi umumiy
ishlab chiqarishning 20 foizidan oshmayapti. Vaholonki, mavjud imkoniyatlar
to‘liq ishga solinsa, mahsulot hajmini 5 baravargacha oshirish mumkin.
Shu bois, davlat rahbari анъанавий ko‘l
baliqchiligidan suvni tejaydigan va qayta aylantiradigan intensiv
texnologiyalarga o‘tish zarurligini ta’kidladi.
Taqdimotga ko‘ra, 329
ta tabiiy suv havzasi va suv ombori hamda ular atrofidagi 163 ming
gektar yer maydonlarini ijaraga berishning yangi, shaffof tizimi joriy
etiladi. Intensiv baliqchilik va naslchilik xo‘jaliklariga har yili zarur miqdorda
suv yetkazib berilishi kafolatlanadi.
Tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash
Sohaga yangi texnologiyalarni jalb qilish uchun davlat tomonidan bir qator
imtiyoz va subsidiyalar ajratilishi rejalashtirilmoqda:
·
yopiq suv aylanish tizimini
o‘rnatish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi;
·
naslli ona baliqlarni import
qilish hamda quyosh panellarini o‘rnatish uchun subsidiyalar ajratiladi;
·
aylanma mablag‘ uchun
olinadigan imtiyozli kreditlarning foiz xarajatlari qisman kompensatsiya
qilinadi.
Ushbu chora-tadbirlar evaziga kelasi
yilda baliq yetishtirish hajmini 500 ming tonnadan oshirish vazifasi qo‘yildi.
Ilm-fan, kadrlar va tog‘oldi baliqchiligi
Shavkat Mirziyoyev taqdimotda karp, laqqa, forel va osyotr
kabi baliq turlarining naslini yaxshilash, ularni mahalliy iqlimga
moslashtirish zarurligini aytdi. Kelgusi yildan boshlab tog‘oldi
hududlarida forel va osyotr yetishtirish quvvatlari yaratiladi.
Xususan, Ohangaron daryosi
bo‘yida Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti uchun tajriba-sinov maydoni
tashkil etiladi. Milliy karp zotini yaratish uchun xorijiy grantlar jalb
qilinadi. Toshkent davlat agrar universitetida Astraxan davlat texnika
universiteti (Rossiya) va Dalyan okean universiteti (Xitoy) bilan
hamkorlikda qo‘shma fakultet ochish taklifi ko‘rib chiqildi.
Sun’iy intellekt yordamida raqamlashtiriladi
Tarmoqda shaffoflikni ta’minlash maqsadida suvdan foydalanish,
yer maydonlari, noqonuniy ov, soliqlar va ovlangan mahsulotlar
to‘g‘risidagi ma’lumotlarni birlashtiruvchi yagona elektron platforma
yaratiladi. Sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali
xarajatlarni qisqartirish va mahsuldorlikni oshirish ko‘zda tutilgan.
Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga aholi
dasturxoniga arzon va sifatli baliq mahsulotlarini yetkazib berish
yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
12 06 2026 / 12:08