Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat
Mirziyoyev va Albaniya prezidenti Bayram Begay rasmiy delegatsiyalar
ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot
xizmati xabar qildi.
Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan
ushbu sammit alohida ahamiyatga ega ekanini, uning ikki tomonlama hamkorlikni
sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini qayd etdi.
Siyosiy muloqot va turli darajadagi
aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. BMT va boshqa xalqaro
tuzilmalar doirasida tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Tovar ayirboshlashni kengaytirishga, agrosanoat
majmui, “yashil” energetika, geologiya, axborot texnologiyalari
va raqamlashtirish, turizm hamda boshqa muhim sohalarda keng ko‘lamli
kooperatsiya dasturini tayyorlashga e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston mahsulotlarini Janubiy Yevropa va
O‘rta yer dengizi bozorlariga chiqarishda logistika xabi sifatida
Albaniyaning Durres portidan foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning
huquqiy asoslarini kengaytirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari
surish maqsadida Hukumatlararo komissiyani tashkil etish va uning birinchi
yig‘ilishini joriy yilda Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.
Madaniy-gumanitar sohada tomonlar o‘zaro
Madaniyat kunlari, kino namoyishlari, ko‘rgazma va ijodiy safarlarni
tashkil etish muhimligini ta’kidladilar.
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro kun
tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
17 06 2026 / 9:45