Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Islomiy banking, sukuk va standartlar. MB — O‘zbekistonda islomiy moliyani rivojlantirish haqida



Ulashing :


Islomiy banking to‘g‘risidagi qonun dual model — to‘liq islomiy banklar va an’anaviy banklardagi islomiy darchalarni joriy etadi, dedi MB raisi o‘rinbosari. Regulyator islomiy moliya bo‘yicha 7 tacha standart ishlab chiqadi va sukuk (obligatsiyalarning islomiy muqobili) uchun huquqiy baza yaratadi.

O‘zbekistonda islomiy moliyani rivojlantirishni uch bosqichga bo‘lish mumkin. Bu haqda 16-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda mamlakat mikromoliya sektori bilan ish boshlagan. Avval nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyaviy faoliyat to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan, keyin esa mikromoliya tashkilotlari uchun islomiy moliyalashtirish bo‘yicha alohida tartibga solish joriy etilgan.

“Ya'ni biz 2024-yilda mikromoliya tashkilotlaridan boshladik. Ushbu qonun va tartibga solish choralari mikromoliya tashkilotlariga murobaha, ijara, salam, muzoraba va mushoraka kabi islomiy moliyaviy shartnomalarni taklif qilish imkonini berdi”, — dedi u.

Hozirda Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 12 ga yaqin mikromoliya tashkiloti islomiy moliya mahsulotlarini taklif qilmoqda.

“Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2025-yilda sakkizta mikromoliya tashkiloti muzoraba, ijara, murobaha va mushoraka xizmatlarini ko‘rsatdi. Ularning hajmi taxminan 21 mlrd so‘mni yoki qariyb 1,7 mln dollarni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich bosqichma-bosqich o‘sib bormoqda. Joriy yilning dastlabki besh oyida hajm allaqachon 22 mlrd so‘mga yetdi”, — dedi Sanjar Nosirov.

Ma’lumot uchun: murobaha — tovarni ustama bilan sotish. Ijara — islomiy lizing yoki ijara. Muzoraba — kapital va mehnat sherikchiligi (bir ishtirokchi mablag‘ beradi, ikkinchisi loyihani boshqaradi, foyda kelishuvga ko‘ra taqsimlanadi, boshqaruvchi shartlarni buzmagan bo‘lsa, zararni investor ko‘taradi). Mushoraka — qo‘shma sherikchilik (tomonlar loyihaga kapital kiritadi va foydani kelishuvga muvofiq taqsimlaydi, zarar esa ishtirok ulushlariga mutanosib ravishda bo‘linadi).

Uning so‘zlariga ko‘ra, islomiy moliyalashtirish tarkibida murobaha shartnomalari ustunlik qilmoqda — ular umumiy hajmning qariyb 63 foizini tashkil etadi. Muzoraba va mushorakaning ulushi esa mos ravishda 17 va 14 foizni tashkil qiladi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari, shuningdek, mikromoliya tashkilotlaridan biri to‘liq muzoraba asosidagi investitsiya mexanizmlariga ixtisoslashganini ma’lum qildi.

“Bugungi kunga kelib u 300 dan ortiq ayol tadbirkorni moliyalashtirdi. U asosan muzoraba shartnomalari va ayollar tadbirkorligini moliyalashtirishga ixtisoslashgan”, — dedi u.

Islomiy banking to‘g‘risidagi qonun

Sanjar Nosirov islomiy moliyani rivojlantirishning ikkinchi bosqichi sifatida islomiy bank faoliyatini joriy etish to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganini qayd etdi. Uning eslatishicha, mazkur hujjat 29-iyun kuni kuchga kirishi kerak.

“Menimcha, bu O‘zbekiston moliya tizimi rivojidagi tarixiy voqeadir”, — dedi Markaziy bank vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun islomiy banking uchun yangi litsenziya turini joriy etadi va dual (ikki tizimli) bank modelini mustahkamlaydi. Bu to‘liq islomiy banklarni ham, an’anaviy banklardagi islomiy darchalarni ham tashkil etish imkonini beradi.

“Ya'ni ikki turdagi banklar paydo bo‘ladi: to‘liq islomiy bank va islomiy darchaga ega an’anaviy bank”, — deya izoh berdi u.

Bundan tashqari, shariat nazoratining ikki bosqichli tizimi joriy etiladi. Milliy darajada Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi faoliyat yuritadi. U islomiy moliya standartlarini ishlab chiqadi va mazkur sohada banklar faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Alohida banklar darajasida ham o‘zining islomiy moliya kengashlari tashkil etiladi — ham to‘liq islomiy banklarda, ham islomiy oynaga ega banklarda.

“U shariat talablariga muvofiqlikni nazorat qiladi va mazkur bank ichidagi islomiy moliyaviy operatsiyalar bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtiradi”, — dedi Sanjar Nosirov.

Loyiha ofisi va yangi standartlar

Markaziy bank raisi o‘rinbosari qonunning qabul qilinishi muhim bosqich bo‘lganini, biroq islomiy bankingni joriy etish bo‘yicha asosiy ishlar endi boshlanayotganini ta’kidladi.

“Shuning uchun 2025-yilda Markaziy bank islomiy moliyani joriy etish va rivojlantirish bilan bog‘liq faoliyatni muvofiqlashtirish maqsadida alohida islomiy moliya loyiha ofisini tashkil qildi”, — dedi u.

Sanjar Nosirovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ofis tartibga solishni ishlab chiqish, idoralararo muvofiqlashtirish va xalqaro hamkorlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha markaziy maydon vazifasini bajaradi.

Uning ishtirokida banklarni litsenziyalash to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqilgan. Shuningdek, Markaziy bank huzuridagi Islomiy moliya kengashi to‘g‘risidagi nizom ustidagi ishlar ham deyarli yakunlangan. Hujjat Markaziy bank boshqaruvi ko‘rib chiqishi uchun kiritiladi va shundan so‘ng uni tasdiqlash rejalashtirilmoqda.

“Markaziy bank huzuridagi Islomiy moliya kengashi tashkil etilganidan keyin u islomiy moliyaning milliy standartlarini ishlab chiqishni muvofiqlashtiradi. Bunda shariat standartlari ham katta darajada inobatga olinadi. Joriy yilda ushbu kengash yordamida taxminan yettita standart ishlab chiqishni rejalashtiryapmiz”, — dedi u.

Markaziy bank, shuningdek, shariat boshqaruvi va prudensial nazorat bo‘yicha yangi normativ bazani qabul qilishni rejalashtirmoqda. U banklar uchun “aniq qoidalar va tavsiyalar"ni belgilab berishi kerak.

Sanjar Nosirovning ta’kidlashicha, Markaziy bankning ustuvor vazifalaridan biri islomiy moliya sohasida moliyaviy savodxonlikni oshirish hamda Markaziy bank va banklar xodimlarining salohiyatini mustahkamlash bo‘lib qolmoqda. Buning uchun, uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank alohida dasturlar va “yo‘l xaritalari"ni ishlab chiqqan va tasdiqlagan.

Islomiy kapital bozori va sukuk

Markaziy bank vakili islomiy moliyani rivojlantirishning uchinchi bosqichi sifatida islomiy kapital bozori infratuzilmasi uchun huquqiy bazani yaratishni, jumladan sukukni rivojlantirishni qayd etdi (Gazeta 2020-yilda ushbu vosita haqida yozgan edi).

Sukuk — obligatsiyalarning islomiy muqobili bo‘lib, foizli qarz qimmatli qog‘ozi emas, balki aktiv, loyiha yoki biznesdagi ulushni tasdiqlovchi sertifikat hisoblanadi. Investor daromadni foiz ko‘rinishida emas, balki foyda, ijara to‘lovlari yoki aktivdan tushgan daromadning bir qismi sifatida oladi.

“Buning uchun kapital bozori to‘g‘risidagi yangi qonun ishlab chiqildi va unda sukukka oid qoidalar ham nazarda tutilgan. Qonunda sukukka bag‘ishlangan alohida katta bob mavjud. Ushbu mustaqil qonun xalqaro standartlar va eng yaxshi amaliyotlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilmoqda”, — dedi u.

Sanjar Nosirovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tashabbuslar O‘zbekistonda “islomiy moliyaning iqtisodiy ekotizimi"ni shakllantirishga yordam berishi kerak.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

17 06 2026 / 11:23