Prezident Shavkat Mirziyoyev
forumda so‘zlar ekan, Markaziy Osiyo so‘nggi yillarda o‘zaro bog‘liq va tashqi
bozorlarga ochiq hududga aylanayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan Xitoy
va Qirg‘iziston bilan hamkorlikda temiryo‘l qurilishi, Transafg‘on koridori
hamda Kaspiy dengizi orqali o‘tadigan «O‘rta koridor» loyihalari faol
rivojlantirilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, saudiyalik hamkorlar ishtirokida yiliga 20 million
yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega yangi Toshkent xalqaro aeroporti
qurilayotgani ma’lum qilindi. Investorlarga tezyurar avtomobil yo‘llari, ko‘p
funksiyali logistika markazlari va «quruq portlar»ni barpo etish loyihalarida
ishtirok etish taklif etildi.
Forumda hududlarni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor
qaratildi. Xususan, poytaxt atrofida 2 million aholiga mo‘ljallangan Yangi
Toshkent megapolisi barpo etilayotgani, Andijon, Namangan va Samarqandni
millionli shaharlarga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar boshlangani
ta’kidlandi.
Prezidentning ma’lum qilishicha, mamlakatda uy-joy qurilishi sohasining
yillik bozori kamida 10 milliard dollarni tashkil etadi. Shuningdek,
infratuzilma sohasida investorlar bilan birgalikda 27 milliard dollarlik
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari turizm va agrosanoat sohalarida ham katta imkoniyatlar
mavjudligini qayd etib, mahalliy va xorijiy investorlarni hududlarda amalga
oshirilayotgan loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
17 06 2026 / 12:25