Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston va Germaniya prezidentlari bir qator qo‘shma loyihalarga start berdi



Ulashing :


O‘zbekiston va Germaniya rahbarlari qo‘shma loyihalarga start berdi. Volkswagen avtomobillarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish, Andijonda logistika markazini ochish, zamonaviy imtihon markazlarini tashkil etish shular jumlasidan. GFR O‘zbekistonda shaharlarni barqaror rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi

O‘zbekiston va Germaniya prezidentlari Mirziyoyev va Frank-Valter Shtaynmayer 17-iyun, chorshanba kuni o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng, bir qator qo‘shma investitsiya va ta’lim loyihalariga start berdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ular orasida Toshkent shahrida Volkswagen avtomobillarini yirik uzelli yig‘ishni tashkil etish, Andijon viloyatida logistika markazini barpo etish, suyuq maishiy yuvish vositalarini ishlab chiqarish, temir yo‘l sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash hamda zamonaviy imtihon markazlarini ochish kabi loyihalar bor.

Undan oldin mamlakatlar rahbarlari qo‘shma bayonot qabul qilib, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishlarini tasdiqladi.

Ular ishtirokida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni bajarish uchun grant mablag‘lari ajratish va imtiyozli moliyalashtirishni nazarda tutuvchi moliyaviy hamkorlik sohasidagi kelishuvlar imzolandi.

Prezidentlar O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirayotgan va yangilarini boshlashni rejalashtirayotgan Germaniyaning yetakchi kompaniyalari vakillarini qutladi.

Prezidentlar nimalarni muhokama qildi?

Ko‘ksaroy qarorgohidagi muzokaralarda O‘zbekiston — Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalar va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishning asosiy masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbarlari sanoat, energetika va “yashil iqtisodiyot”, transport va logistika, tog‘-kon, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini qayd etdi.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashib, ko‘p tomonlama maydonlarda, shu jumladan, “Markaziy Osiyo — Germaniya” formati doirasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

O‘zbekiston prezidenti Germaniya rahbarining o‘z mamlakati va Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarini izchil rivojlantirishga hamda o‘zaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikni ilgari surishga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida e’tirof etdi.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,4 milliard dollardan ortib, joriy yilning o‘tgan davrida yana 5 foizga ko‘paydi. Germaniyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 2025-yilda 2 milliard dollarga yetdi.

May oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Germaniya iqtisodiyoti kunlari hamda Germaniya — O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi 10-yig‘ilishining ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Tadbirlar yakunida 1 milliard dollarlik yangi investitsiya va savdo kelishuvlari to‘plami imzolandi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 400 mingdan ziyod yoshlar nemis tilini o‘rganmoqda, 2 mingdan ortiq talabalar Germaniyaning yetakchi universitetlarida tahsil olmoqda. O‘tgan yili ilk bor ikki mamlakat universitetlarining forumi bo‘lib o‘tdi.

O‘tgan hafta nemis universitetlari konsorsiumi bilan Samarqandda O‘zbekiston — Germaniya amaliy fanlar universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzoladi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

18 06 2026 / 15:50