Jahon banki
O‘zbekistonga “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” dasturining ikkinchi
bosqichi uchun $150 mln miqdorida imtiyozli moliyalashtirish mablag‘lari
ajratilishini ma’qulladi. Dastur 2031-yilgacha oltita viloyatning 296
ta mahallasida yo‘llar, suv va elektr tarmoqlarini yaxshilashga
xizmat qiladi.
Jahon banki
O‘zbekistonga Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot
assotsiatsiyasining (XTA) 150 million dollar miqdoridagi imtiyozli
moliyalashtirish mablag‘lari ajratilishini ma’qulladi, deya xabar bermoqda bank matbuot xizmati.
Mablag‘lar “Qishloq infratuzilmasini
rivojlantirish” dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirishga
yo‘naltiriladi. Bankning qayd etishicha, ushbu dastur mamlakatning oltita
viloyatidagi qishloq hududlarida jamoat infratuzilmasi va xizmatlar
sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
“O‘zbekistonning 38 millionlik aholisidan qariyb yarmi qishloq joylarda
istiqomat qiladi. Biroq ko‘plab qishloqlar hanuzgacha sifatli yo‘llar,
maktablar, tibbiyot muassasalari, shuningdek, suv va elektr ta’minoti
xizmatlaridan foydalanishda ishonchli imkoniyatga ega emas. Ushbu kamchiliklar
mahalliy ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish
o‘rinlari yaratishni ham cheklab qo‘ymoqda”, — deyiladi xabarda.
Ushbu muammolarni hal etish uchun O‘zbekiston hukumati 2019-yilda Jahon
bankining XTU (100 million dollar) va Osiyo infratuzilmaviy
investitsiyalar banki (82 million dollar) moliyaviy ko‘magida “Qishloq
infratuzilmasini rivojlantirish” dasturini amalga oshirishni boshlagan edi.
Dastur 2026-yilning iyun oyida yakunlanishiga qadar, uning doirasida
Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining qishloq
tumanlaridagi 306 ta mahallada 900 dan ortiq subloyihalar
moliyalashtirildi.
Ushbu subloyihalar, xususan,
340 dan ortiq yo‘llar, 220 ta elektr ta’minoti tizimi, 160 ta suv
ta’minoti tizimi, 100 ga yaqin maktab, 40 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti
va 10 ta ko‘prikni qurish yoki modernizatsiya qilish ishlarini o‘z ichiga
oldi. Bankning ta’kidlashicha, ushbu yaxshilanishlar umumiy hisobda 1 millionga
yaqin qishloq aholisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri foyda keltirdi, ularning yarmini
xotin-qizlar tashkil etdi.
Shu bilan birga, Jahon banki infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha
subloyihalarni tanlab olish va ularning amalga oshirilishini nazorat
qilish bevosita mahalliy aholi tomonidan, mahallani rivojlantirish guruhlari
orqali amalga oshirilishini qayd etdi. Bunday guruhlar ishtirokchilarining
kamida 50 foizini ayollar tashkil etadi.
“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” dasturi ikkinchi bosqichining
umumiy budjeti 340 mln dollarni tashkil etadi. Dastur Jahon banki (150 mln
dollar), OIIB (120 mln dollar) va O‘zbekiston hukumati (70 mln dollar)
tomonidan moliyalashtiriladi.
Dastur Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Andijon, Farg‘ona,
Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta mahallada
amalga oshiriladi. Jahon banki tomonidan moliyalashtirish mablag‘lari aniq
natijalarga va dastur ijrosining asosiy bosqichlariga erishilishiga qarab
transhlar shaklida ajratib boriladi.
Dastur
2031-yilga borib transport infratuzilmasi, ichimlik suvi va elektr
ta’minoti tarmoqlari hamda boshqa obyektlarni rivojlantirishga kiritiladigan
investitsiyalar hisobiga oltita viloyat mahallalarida jamoat infratuzilmasi
va xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda. Ushbu o‘zgarishlardan qariyb 1,2 mln qishloq aholisi, jumladan, 600 ming
ayollar va 300 ming yoshlar naf ko‘radi.
Bundan tashqari, 15 ta pilot mahallada biznesni rivojlantirish
markazlari tashkil etiladi. Ular qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash
va kichik ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritayotgan mahalliy
tadbirkorlarga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish,
ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda mahsulotlarini sotish
bozorlarini diversifikatsiya qilishda ko‘maklashadi.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida 1500 ga yaqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish
o‘rinlari yaratilishi va mahalliy biznes muhitini rivojlantirishga hissa
qo‘shilishi kutilmoqda.
Jahon bankining moliyaviy ishtirokida qishloq xo‘jaligi hamda mikro, kichik
va o‘rta korxonalarni rivojlantirishga qaratilgan boshqa loyihalar bilan bir
qatorda, ushbu dastur loyiha amalga oshiriladigan hududlardagi mahallalarda
yana 25 mingga yaqin yangi va yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlari
yaratilishiga qo‘shimcha turtki bo‘ladi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
18 06 2026 / 16:02