Shavkat Mirziyoyev Jahon banki vitse-prezidenti Antonella Bassani
boshchiligidagi delegatsiya bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qamrab
oluvchi yangi uzoq muddatli mamlakat dasturini ishlab chiqishni muhokama qildi.
Uchrashuvda bank guruhining moliyaviy vositalaridan foydalanishni
kengaytirishga e’tibor qaratildi.
Shavkat
Mirziyoyev Jahon banki ta’sischi davlatlarining “Shveysariya guruhi”
yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatda bo‘lib turgan bankning Yevropa
va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani
boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda Jahon banki guruhi bilan strategik hamkorlikni
O‘zbekistonda olib borilayotgan tarkibiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari
bo‘yicha keng miqyosda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Antonella Bassani davlat rahbariga Jahon banki prezidenti Ajay Banganing
salomi va tilaklarini yetkazdi.
“So‘nggi yillarda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan ikki
tomonlama aloqalar va konstruktiv sheriklik misli ko‘rilmagan darajaga
ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yil sentabr oyida Nyu York
shahrida Jahon banki prezidenti bilan erishilgan oliy darajadagi kelishuvlar
amalga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, qo‘shma
loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshdi. Toshkent shahrida Jahon
bankining mintaqaviy ofisi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Moliyalashtirishning yangi mexanizmlari samarali joriy etilmoqda.
Yig‘ilishda 2026-yilda bo‘lib
o‘tadigan Jahon banki oliy rahbariyatining tashriflari va qo‘shma tadbirlarga
puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar ijtimoiy-iqtisodiy
taraqqiyotning eng asosiy yo‘nalishlarini qamrab oluvchi yangi uzoq muddatli
mamlakat dasturini ishlab chiqish rejalarini qo‘llab-quvvatladi.
Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni
qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga
oshirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni
ilgari surish hamda iqtisodiyot tarmoqlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini
joriy etishda Jahon banki guruhining moliyaviy vositalaridan foydalanishni
kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Suv xo‘jaligi sohasini
moliyalashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning
xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga ko‘maklashish masalalarida yaqin
hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
30 06 2026 / 11:22