Sergelining yerni tayyor hujjatlar bilan sotish tajribasini davlat
obyektlari va sanoat zonalariga ham tatbiq etish topshirildi. Ilgari
hujjatlarni kelishish uchun bir yilgacha vaqt ketar edi, endi esa xaridor
auksiondan so‘ng darhol ishlarni boshlashi mumkin.
Toshkent shahrining Sergeli tumanida yer uchastkalarini auksionga
tayyor paket — qurilish uchun ruxsatnoma, arxitektura-rejalashtirish
topshirig‘i va loyiha bilan birga chiqarish bo‘yicha yangi tajriba
boshlandi. Bu haqda
Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Dastlabki
shunday auksion “Yangi Bunyodobod” mahallasida o‘tkazildi. Uy-joy qurilishi
uchun mo‘ljallangan 70 sotixlik yer maydoni yangicha yondashuv asosida
savdoga chiqarildi. Boshlang‘ich narxi 14 mlrd so‘m bo‘lgan yer 40 mlrd
so‘mga sotildi.
Yig‘ilishda
ta’kidlanganidek, yangi tartibning asosiy afzalligi shundaki, yerni sotib olgan
tadbirkor qurilishni shu kunning o‘zidayoq boshlay oladi. Ilgari hujjatlarni
kelishish uchun bir yilgacha vaqt ketar edi.
Davlat rahbari bu tajribani nafaqat yer uchastkalariga, balki
savdoga chiqarilayotgan davlat obyektlari va sanoat zonalariga ham joriy
etish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda,
shuningdek, olti yil avval Toshkent viloyatidan Sergeli tumaniga qo‘shib
berilgan 13 ta mahallani rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Bu hududlarda 14,5 mingta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 50 mingdan ortiq aholi
istiqomat qiladi. Shu bilan birga, mazkur hududlar aholisi hali ham
“shahar muhitini to‘liq his qilmayotgani” qayd etildi.
Ushbu
mahallalarda ko‘chalarni yoritish uchun 629 ta temirbeton ustun
o‘rnatilib, kabel tortilgan. Biroq tizimning haligacha ishga tushirilmagani
tanqid qilindi. Mutasaddilarga bu masalani 10 kun ichida hal etish
topshirildi.
Bundan tashqari, yil oxirigacha ushbu mahallalarni kanalizatsiya tarmog‘iga
to‘liq ulash vazifasi qo‘yildi.
Sergeli
tumanida aholi va tadbirkorlar soni ortgani sababli so‘nggi besh yilda
elektr energiyasiga bo‘lgan yillik ehtiyoj 40 foizga oshgan. Ayrim mahallalarda
tarmoqdagi kuchlanish me’yordan 1,5−2 baravar past ekani qayd etildi.
“Shaharoldi”,
“O‘zgarish” va “Qumariq” podstansiyalarini ishga tushirish uchun 107 mlrd
so‘m ajratildi. Mutasaddilarga ushbu obyektlarni belgilangan muddatlarda
foydalanishga topshirish va aholini kafolatli elektr energiyasi bilan
ta’minlashni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Umuman, yig‘ilishda poytaxtning
Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Yashnobod va Yangihayot tumanlariga
o‘tkazilgan 46 ta mahallada elektr energiyasi, suv, kanalizatsiya va
yo‘llar bilan bog‘liq bironta ham hal etilmagan masala qolmasligi kerakligi
ta’kidlandi.
Joriy yilning fevral oyida prezident
huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bugungi kunda qurilish uchun ruxsatnoma
olish 9 bosqichni o‘z ichiga olishi va 90−120 kun vaqt talab etishi aytilgan edi.
Xalqaro amaliyotda ready-to-build land (qurilishga tayyor yer) mexanizmi
tufayli bu muddat 7−15 kungacha qisqaradi.
Davlat
rahbariga O‘zbekistonda ham shunday tizimni joriy etish taklif qilindi: barcha
tayyorgarlik jarayonlari yer uchastkalari auksionga qo‘yilishidan avval
yakunlanadi, g‘olib esa avtomatik ravishda to‘liq hujjatlar to‘plamini oladi.
Qurilishga tayyor bo‘lmagan yerlarni auksionga qo‘yishni taqiqlash
rejalashtirilmoqda.
Natijada,
prezident farmoniga muvofiq, 2026-yil
1-oktabrdan boshlab “yer banki”ga kiritilgan yer uchastkalari
(3-toifaga mansub xususiy yerlardan tashqari) birinchi darajali shaharsozlik
hujjatlari kelishilgan holda qurilish uchun tayyorlangan maydonchalar sifatida
onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
07 07 2026 / 11:40