O‘zbekistonda 2030-yilgacha 1,27 mln gektar maydonda o‘rmonlar barpo etish
va tiklash, himoya o‘rmonzorlari tashkil qilish hamda cho‘l iqtisodiyotini
rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Tegishli takliflar Shavkat Mirziyoyevga
taqdim etildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev cho‘llanishga qarshi kurashish va
cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi,
deb xabar berdi davlat
rahbari matbuot xizmati.
So‘nggi
yillarda Orol dengizining qurigan tubida 2 mln gektardan ortiq yangi
o‘rmonzorlar barpo etildi. Matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, “Yashil makon”
loyihasi doirasida mamlakat bo‘ylab 1 milliarddan ziyod daraxt va buta
ko‘chatlari ekildi, ko‘kalamzorlashtirish darajasi esa 2020-yildagi 8 foizdan
2025-yilda 14,3 foizga yetdi.
2026−2030-yillarda 1,27 million gektar maydonda o‘rmonlar barpo etish
va tiklash, shuningdek, cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarida 16 ming
gektarlik himoya o‘rmonzorlari tashkil etish taklif qilinmoqda.
Boshqa
tashabbuslar qatoridan Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda yashil
qoplamalar yaratish, Sirdaryo viloyatining chegaraoldi hududlarida 84
kilometrli “yashil devor” shakllantirish, tog‘li hududlarda daraxtlarni terassa
usulida ekish hamda degradatsiyaga uchragan yerlarda zamonaviy agrotexnologiyalarni
sinovdan o‘tkazish joy olgan.
Prezident
cho‘l hududlarini nafaqat ekologik muammo, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlar
manbai sifatida ham ko‘rish kerakligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan
cho‘l o‘simliklari urug‘chiligi va ko‘chatxonalarini tashkil etish, galofitlar yetishtirish, yaylovlar
mahsudorligini oshirish, chorvachilik, ekologik turizm hamda ilmiy
tadqiqotlarni kengaytirish taklif etildi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda cho‘l o‘simliklari ko‘chatxonalarini
tashkil etish, Bobotog‘ hududida pista plantatsiyalarini rivojlantirish,
galofit bog‘lari tarmog‘ini kengaytirish, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar
va urug‘larning mintaqaviy bankini shakllantirish, shuningdek, xalqaro
fondlar hamda xususiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama
qilindi.
Takliflarning
alohida bloki mintaqaviy hamkorlikka qaratilgan. Cho‘llanishga qarshi kurashish
va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy
ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini kengaytirish, “Yashil qalqon” dasturi
loyihalari sonini ko‘paytirish hamda 2040-yilgacha bo‘lgan davrda cho‘llanishga
qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish
rejalashtirilmoqda.
Eslatib
o‘tamiz, 2026-yilning bahorida Gazeta Orolbo‘yini ko‘kalamzorlashtirish ustida ishlayotgan
akademik Zinoviy Novitskiyning maqolasini e’lon qilgandi. Unda bugun
prezidentga taqdim etilgan ayrim takliflar ilgari surilgandi.
Olim,
xususan, cho‘llanishga qarshi kurashish faqat ommaviy daraxt ekishdan iborat
degan yondashuvdan voz kechish va to‘laqonli cho‘l iqtisodiyotini
rivojlantirishni taklif qilgan. Bu esa galofitlar va boshqa mahalliy
o‘simliklarni yetishtirish, ko‘chatxonalar hamda urug‘chilik banklarini tashkil
etish, yaylovlar mahsudorligini oshirish, ilmiy tadqiqotlar, ekoturizm va cho‘l
hududlaridan xo‘jalik maqsadlarida foydalanishni kengaytirishni nazarda
tutadi — ya’ni ushbu hududlarga muammo sifatida emas, balki iqtisodiy
resurs sifatida qarash kerakligi ta’kidlangan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
07 07 2026 / 11:53