Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Baliqchilikni rivojlantirish markazi tashkil etiladi, soha tadbirkorlariga imtiyozlar beriladi



Ulashing :



O‘zbekistonda Baliqchilikni rivojlantirish markazi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi. Soha tadbirkorlariga kreditning bir qismi qoplab beriladi, 18 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratiladi. Xitoyning Daliyan universiteti bilan hamkorlikda baliqchilik va akvakultura qo‘shma fakulteti ochiladi.

2-fevral “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi prezident farmoni [PF-122-son] qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Baliqchilikni rivojlantirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.

Sun’iy suv havzalarida baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklari quyidagi tartibda kafolatlangan suv bilan ta’minlab boriladi:

· Suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari har yili 15-yanvarga qadar sun’iy suv havzalarida baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni markazga kiritib boradi;

· Markaz har yili 30-yanvarga qadar baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklarining suvga bo‘lgan buyurtmanomalari asosida yil davomidagi suvga bo‘lgan ehtiyoji bo‘yicha ma’lumotlarni oylar va subyektlar kesimida shakllantirgan holda Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi;

· Suv xo‘jaligi vazirligi har yili 1-martga qadar shakllantirilgan ro‘yxatga asosan suv manbalarini ko‘rsatgan holda suv olish limitlarining oyma-oy grafigini tasdiqlaydi.

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan 2030-yil 31-avgustga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamg‘armasi hisobidan baliqchilik sohasidagi tadbirkorlik subyektlariga barqarorlik reytingidagi toifasidan qat’iy nazar:

· Markaziy bank asosiy stavkasining ikki barobaridan oshmagan miqdorda milliy valyutada ajratiladigan kreditlarning asosiy stavkadan 4 foiz banddan yuqori, biroq 10 foiz bandgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi;

· xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlarning 8 foiz банддан yuqori, biroq 4 foiz bandgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi;

· milliy va xorijiy valyutadagi kreditlarning 50 foizigacha, biroq 10 milliard so‘m ekvivalentidan oshmagan qismiga kafillik taqdim etiladi.

Tijorat banklari tomonidan xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan baliqchilik korxonalarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun yillik 18 foiz stavkada garov ta’minoti asosida 9 oygacha imtiyozli davr bilan 24 oygacha muddatga milliy valyutada imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Farmonga ko‘ra, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasi negizida Markaz huzurida Baliqchilikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.

2027-yil 1-mayga qadar baliqchilik xo‘jaliklarida suv resurslaridan foydalanish, baliq yetishtirish hajmi, ozuqa sarfi va qo‘llanayotgan texnologiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona tizimda yuritish hamda ijaraga beriladigan suv obyektlari hisobini yuritish bo‘yicha “e-baliq” elektron platformasi joriy etiladi.

Toshkent davlat agrar universiteti va Xitoyning Daliyan universiteti bilan hamkorlikda 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab baliqchilik va akvakultura bo‘yicha qo‘shma fakultet tashkil etiladi.

Bunda:

· yiliga 50 nafargacha abituriyent talabalikka davlat granti asosida qabul qilinadi;

· ta’lim jarayonlari “2+1” shaklida tashkil etiladi va qabul kvotalari har yili o‘rnatilgan tartibda davlat buyurtmasi qabul parametrlari doirasida tasdiqlanadi.

Avvalroq, prezident raisligidagi yig‘ilishda O‘zbekistonda baliq yetishtirish hajmini 5 baravargacha oshirish rejalashtilayotgani bildirilgandi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

07 07 2026 / 12:02