O‘zbekistonda davlat boshqaruvining yagona raqamli platformasini hamda
tovar va xizmatlarning yagona klassifikatorini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, prezidentga milliy navigatsiya tizimini yaratish tashabbusi ham
taqdim etildi.
Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli
platformasini joriy etish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi, deb xabar berdi davlat
rahbarining matbuot xizmati.
Prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat boshqaruvidagi
ma’lumotlar bazalari va axborot tizimlari har bir idora tomonidan alohida,
tarqoq holda shakllantirilayotgani, ma’lumotlarni tahlil qilish va qarorlar
qabul qilishda yagona yondashuv yetishmayotgani ta’kidlandi.
Platforma hududlar iqtisodiyoti, investitsiyalar, ekologiya, xavfsizlik,
aholi muammolari, mahallalarning farovonlik darajasiga oid ma’lumotlarni,
shuningdek, geofazoviy ma’lumotlar, obyektlar haqidagi xabarlar
va kartografik qatlamlarni birlashtirishi lozim.
Kutilishicha, platforma sun’iy
intellektdan foydalangan holda ma’lumotlarni tahlil qilish, hududlar kesimidagi
muammolarni oldindan aniqlash, qabul qilingan qarorlar ijrosini kuzatib borish,
resurslarni samaraliroq taqsimlash va davlat boshqaruvi sifatini oshirish
imkonini beradi.
Prezident ushbu tizimni joriy
yilning o‘zida Toshkent shahrida, kelgusi yildan boshlab esa mamlakatning
barcha hududlarida joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Taqdimotda
tovar va xizmatlarni klassifikatsiyalashning yagona milliy tizimini ishga
tushirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hozirda bojxona, soliq, statistika
va boshqa idoralar tovarlar uchun turli klassifikatorlardan foydalanmoqda,
bu esa, ta’kidlanganidek, biznes xarajatlarini oshiradi, hisobotlarning
aniqligini kamaytiradi va idoralararo ma’lumot almashinuvini
qiyinlashtiradi.
Yagona klassifikatsiya tizimi
tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirishi,
davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini soddalashtirishi
va statistik hisobotlarning aniqligini oshirishi lozim.
Bundan tashqari, prezidentga milliy navigatsiya tizimini
yaratish tashabbusi ham taqdim etildi.
Hozirda mamlakatda asosan
xorijiy navigatsiya platformalaridan foydalanilmoqda. Milliy tizim esa
geoma’lumotlarni yagona standart asosida shakllantirish hamda transport,
logistika, favqulodda xizmatlar, shaharsozlik va davlat xizmatlari
ko‘rsatish faoliyatini yaxshilash imkonini berishi kutilmoqda.
Davlat rahbari takliflarni ma’qulladi hamda davlat organlarining
ma’lumotlarini integratsiya qilish, raqamli xizmatlar sifatini oshirish,
kiberxavfsizlikni ta’minlash va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish
bo‘yicha topshiriqlar berdi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
08 07 2026 / 11:28