O‘zbekiston va Belarus prezidentlari Minskda norasmiy uchrashuv
o‘tkazdi. Lukashenko asosiy uchrashuvlarda “ochiq va yopiq masalalar ham”
muhokama qilinishini ta’kidladi. Mirziyoyev esa ushbu tashrifga jiddiy
tayyorgarlik ko‘rilgani, O‘zbekistonning 230 ta kompaniyasi
va tadbirkori birga kelganini bildirdi.
8-iyul kuni kechki payt Belarus va O‘zbekiston prezidentlari Aleksandr
Lukashenko va Shavkat Mirziyoyev rasmiy muzokaralar oldidan norasmiy
uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston yetakchisi 8−9-iyul kunlari rasmiy tashrif bilan Belarusda bo‘lib
turibdi.
Aleksandr
Lukashenko Shavkat Mirziyoyevga “ushbu murakkab va oson bo‘lmagan vaqtda
Osiyodan to‘g‘ri Yevropaning markaziga tashrif buyurgani uchun” minnatdorlik
bildirdi.
“O‘ylaymanki,
uchrashuvimiz yaxshi o‘tadi va parda ortidagi barcha masalalarni muhokama
qilib olamiz. Ochiq
va yopiq masalalarni ham. Biz, har doimgidek, o‘zaro do‘stona ravishda
qo‘limizdagi barcha ma’lumotlarni almashmoqdamiz. Men bunga
tayyorgarlik ko‘rganman. Sizni uyimda yana bir bor qutlayman”, — dedi
Belarus yetakchisi (BelTA iqtibosi).
O‘z
navbatida, Shavkat Mirziyoyev taklif uchun minnatdorlik bildirdi
va Belarusga katta mamnuniyat bilan tashrif buyurganini ta’kidladi.
“Siz bilan
uchrashish, bu yerga kelish men uchun juda yoqimli. Haqiqatan ham, mana
shunday murakkab vaqtda gaplashadigan, barcha masalalar bo‘yicha fikr
almashadigan mavzularimiz bor, — dedi u. — Ochig‘ini aytganda,
bu gal biz ushbu tashrifga juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Sizning
tarixiy tashrifingizdan so‘ng (Belarus prezidentining 2024-yil fevral oyida
O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi nazarda tutilmoqda — tahr.) barcha darajalardagi
o‘zaro munosabatlarimiz mutlaqo boshqa bosqichga chiqdi”.
O‘zbekiston
prezidenti, xususan, hukumat rahbarlari, parlament va vazirliklar darajasidagi
uchrashuvlar muntazam tus olganini qayd etdi.
O‘zbekiston
prezidenti tashrif doirasida Minskda Belarus va O‘zbekiston hududlarining III
forumi o‘tkazilganini ko‘rsatib o‘tdi. “Men birinchi marta o‘zim bilan bunday
katta delegatsiyani olib keldim — bugun Minskda O‘zbekistonning 230
ta kompaniyasi va tadbirkorlari bo‘lib turibdi. Forum eng yuqori
darajada tashkil etildi. Istiqbolli loyihalar juda ko‘p”, — deya
ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
U,
shuningdek, Belarusning jadal rivojlanib borayotganini alohida qayd etdi:
“Yo‘lda kelayotib, mamlakat qanday jadal rivojlanayotganini ko‘rdim. Odamlar
shod-xurram. Ko‘chalarda, har doimgidek, tartib-intizom. Sizning
rahbarligingizda mamlakat tizimli ravishda yuksalib bormoqda. Sizni ushbu
muvaffaqiyatlar bilan yana bir bor tabriklayman. Bizda fikr almashish
va batafsil gaplashib olish uchun yaxshi imkoniyat bor”.
Tashrifning
rasmiy qismi — davlat rahbarlarining delegatsiyalar ishtirokidagi
muzokaralari — bugun bo‘lib o‘tadi, biroq qo‘shma ishchi dastur bir kun
avval tet-a-tet formatidagi uchrashuv bilan boshlandi. Prezidentlar muloqotni
norasmiy kechki taom ustida davom ettirdi.
Gazeta tashrif
arafasida bundan bor-yo‘g‘i 10 yil oldin ustuvor bo‘lmagan Toshkent-Minsk
munosabatlari qanday qilib an’anaviy savdo doirasidan chiqqani va tizimli
hamkorlik sari yo‘nalgani haqida obzor tayyorlangandi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
09 07 2026 / 11:20