O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr
Lukashenko tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida
muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston rahbari so‘nggi
yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar sifat
jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.
Ushbu tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo
komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar,
tahliliy doiralar uchrashuvlari, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda boshqa
tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zaro savdo hajmi barqaror sur’atda o‘sib borayotgani
mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi besh yilda bu ko‘rsatkich qariyb 3 barobar
oshib, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra salkam 1 milliard dollarga yetdi. Joriy
yilning ortda qolgan davrida uning hajmi yana 30 foizga oshdi. 360 ta qo‘shma
korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Yetakchilar kuni kecha o‘zaro savdo hajmini 2 milliard
dollarga yetkazish bo‘yicha aniq harakatlar kelishib olingani hamda qishloq
xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat,
mebelsozlik va sanoatning boshqa tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalaridan
iborat chora-tadbirlar rejasi qabul qilinganini olqishladi.
O‘zbekiston tinch atomdan foydalanish va shu sohada
infratuzilmani barpo etish borasidagi tajribani almashishdan manfaatdor ekani
bildirildi.
8 iyul kuni Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan uchinchi
O‘zbekiston-Belarus hududlararo forumining samarali natijalari alohida
e’tirof etildi. Uning yakunida savdo shartnomalari va investitsiya
bitimlarining salmoqli to‘plami imzolandi.
Tomonlar xalqaro tuzilmalar, jumladan, Birlashgan
Millatlar Tashkiloti, MDH, ShHT va Qo‘shilmaslik harakati doirasida o‘zaro
qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga qat’iy intilishlarini tasdiqladi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvni izchil davom
ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Mirziyoyev Minsk shahrida O‘zbekiston – Belarus
do‘stligi xiyobonini barpo etish tashabbusi uchun Lukashenkoga minnatdorlik
bildirdi.
Joriy yil oxiriga qadar qo‘shma turizm, tibbiyot va
ta’lim forumlarini tashkil etishga kelishib olindi.
Yig‘ilish davomida qo‘shma Hukumatlararo komissiya
hamraislarining hisobotlari hamda muzokaralar kun tartibi yuzasidan aniq
takliflari ham tinglandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoga
rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev
va Aleksandr Lukashenko Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish
to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.
Shuningdek, davlat rahbarlari huzurida qator ikki
tomonlama hujjatlar almashildi. Jumladan:
– 2026-2030 yillarda savdo-iqtisodiy va
ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
– O‘zbekiston TIV va Belarus TIV o‘rtasida
2026-2027 yillarga mo‘ljallangan maslahatlashuvlar dasturi;
– 2005 yil 19 yanvardagi “Fuqarolarning o‘zaro
qatnovlari to‘g‘risida”gi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
bayonnoma;
– Belarus hududida vaqtinchalik mehnat
faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy asosda
qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida bitim;
– O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish sohasidagi
hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan madaniyat
sohasidagi hamkorlik dasturi;
– O‘zbekiston FVV va
Belarus FVV o‘rtasida 2027-2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik
bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
– O‘zaro sayyohlar oqimni ko‘paytirish va turizm
sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan
qo‘shma harakatlar rejasi;
– 2026-2028 yillarda agrosanoat majmuidagi
hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
– O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi hamda Belarusning “Bellegprom” davlat
konserni o‘rtasida yengil sanoat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy
himoya milliy agentligi hamda Belarus Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi
o‘rtasida aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha o‘zaro
anglashuv memorandumi;
– O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi
hamda Belarus Moliya vazirligi o‘rtasida moliyaviy masalalar bo‘yicha
o‘zaro anglashuv memorandumi;
– O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va
mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Belarus strategik tadqiqotlar
instituti o‘rtasida O‘zbekiston – Belarus ekspertlar kengashini ta’sis
etish to‘g‘risida memorandum;
– O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda
Belarus Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi o‘rtasida agrosanoat
sohasida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ahdlashuv
memorandumi;
– O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va
Belarus Milliy fanlar akademiyasi o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik
bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi.
Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va
innovatsiyalar vazirligi va Belarus Fundamental tadqiqotlar jamg‘armasi
o‘rtasida ham memorandum imzolandi.
кун.уз