Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

“O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish, qayta ishlash va eksportini rivojlantirishning dolzarb vazifalari va istiqbollari (Farg‘ona vodiysi misolida)” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi



Ulashing :



2021 yil 9 fevral kuni Namangan shahrida “O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish, qayta ishlash va eksportini rivojlantirishning dolzarb vazifalari va istiqbollari (Farg‘ona vodiysi misolida)” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya tashkilotchilari: O‘zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili, Tadbirkorlar va va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari Kengashi hamda Namangan viloyati hokimligi.

Konferensiya ishtirokchilari: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi hamda deputatlari, vazirlik va idoralar, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, olimlar, tadqiqotchi-izlanuvchilar, fermerlar, agroklasterlar vakillari, tadbirkorlar va sohaga aloqador boshqa tashkilotlar vakillari.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi va Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida agrar sohadagi islohatlarni rivojlantirishga oid belgilab bergan ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etishga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Aytib o‘tish joizki, bugungi kunda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, meva-sabzavot mahsulotlari etishtirish, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash iqtisodiyotimiz rivojlanishi va aholi farovonligini oshirish uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. Mamlakat yalpi ichki daromadining uchdan bir qismidan ortiqrog‘i agrar soha hissasiga to‘g‘ri keladi. Sohada 3,5 milliondan ortiq aholi ish bilan band, va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chet elga sotishdan tushgan tushumlar O‘zbekistonning umumiy eksport daromadlarining 25 foizigacha miqdorini tashkil qiladi.

Keyingi paytda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida katta o‘zgarishlar ro‘y beryapti. Bu yangilanishlar samaralari qishloq xo‘jaligi sohasida ham sezilib, agrar tarmoq tubdan modernizatsiya va diversifikatsiya qilinmoqda. Natijada amaliyotga ilg‘or yondashuvlar, innovatsion usullar joriy etilyapti. Davlatimiz rahbarining g‘oyasi asosida qishloq xo‘jaligida mahsulot etishtirish va uni chuqur qayta ishlashning “zanjirli” texnologiyasiga asoslangan klasterlar uslubi paydo bo‘lgani bunga yaqqol misoldir.

Agrar jabha va u bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tarmoqlar istiqboli klaster bilan bog‘lanayotgani bejiz emas, albatta. Chunki bu yangi tuzilma qishloq xo‘jaligida bozor iqtisodiyoti tamoyillariga o‘tish jarayonini tezlashtirish, chekka hududlarga sanoatni olib kirish, eng asosiysi, qishloq aholisi bandligini ta’minlashda katta imkoniyatga egaligi bilan ajralib turadi.

Anjumanda ko‘tarilgan dolzarb masalalar yuzasidan bildirigan fikr-mulohazalar va xulosalardan kelib chiqqan holda, agrar sohada islohotlarni jadallashtirish, meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish, chuqur qayta ishlash va eksportini rivojlantirish borasida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi, shuningdek sohaga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning farmonlari va Oliy Majlisga Murojaatnomasi va Vazirlar Mahkamasi qarorlarida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Xususan, konferensiya yakuniy natijalaridan kelib chiqqan holda quyidagi fikr-mulohazalar bildirildi:

- hududlarda klasterlar va kooperatsiyalarni yanada rivojlantirish, ular tomonidan “daladan - iste’molgacha” tamoyili asosida mahsulot etishtirishni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro darajada tajribaga ega kompaniya va ekspertlarni jalb etib qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, agrologistika, sotish infratuzilmasini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish borasidagi chora-tadbirlarni yanada rivojlantirish;

- Fermer xo‘jaliklari bilan klaster va kooperatsiyalar o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish, klasterlar va kooperatsiyalarning huquqiy maqomini belgilash shuningdek, ularni faoliyatini tashkil etish, yuritish va tugatish bo‘yicha normativ-huquqiy me’yorlarni belgilanishini ta’minlash uchun “Qishloq xo‘jalik kooperatsiyasi to‘g‘risida” qonunni hamda agrosanoat klasterlari to‘g‘risida normativ hujjat qabul qilish;

- fermerlar bilan klasterlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladigan me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilishi hamda klasterlar va kooperatsiyalarning huquqiy maqomi bo‘yicha yagona normativ-huquqiy hujjat qabul qilish;

- qishloq xo‘jaligida er islohotlarini yanada takomillashtirish, meva-sabzavot mahsulotlari etishtiruvchi dehqon, fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jalik kooperativlari hamda agroklasterga qishloq xo‘jaligi erlarini ajratishning bozor mexanizmlariga asoslangan shaffof tizimini joriy etib, erdan foydalanish huquqlarini kafolatlash va bozor aktivlariga aylantirish choralarini ko‘rish;

- Fermer xo‘jaliklari va klasterlarning hamkorligi va o‘zaro munosabatlarini bozor tamoyillari asosida erkin tanlash prinsipi asosida tashkil etish;

Meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish, qayta ishlash hamda eksport hajmlarini keskin oshirish, ushbu sohaga ilm-fan yutuqlari va zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish borasida ishlarni tizimli tashkil yo‘lga qo‘yish va b.

Tadbir doirasida meva-sabzavot etishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan agroklasterlar va fermerlar mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.





Sarlavxa :
Markaz faoliyatiga oid

10 02 2021 / 13:15