O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Oliy davlatlararo kengashning
uchinchi yig‘ilishida tovar aylanmasini 1 mlrd dollarga yetkazish imkoniyatlari
borligini qayd etdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha yetakchilar neft-gaz
tarmog‘i, uy-joy qurilishi va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalarga start
berdi.
Ko‘ksaroy
qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tor
doirada uchrashuv hamda Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini
o‘tkazdi, deya xabar bermoqda prezident
matbuot xizmati.
Davlat rahbari Ozarbayjon
prezidentining bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida
ta’kidladi. “Sammit yakunida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning
imzolanishi buning tasdig‘i bo‘ladi. Eng muhimi, strategik sheriklik
va ittifoqchiligimizning har bir bandi aniq natijalar va amaliy
harakatlarda o‘z ifodasini topadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yetakchilar ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini qayd
etdi. Parlamentlar, hukumatlar va tarmoqlar o‘rtasida muntazam muloqot
yo‘lga qo‘yilgan. So‘nggi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3
barobarga ortdi. Energetika, kimyo, konchilik, to‘qimachilik, qishloq
xo‘jaligi, shaharsozlik va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalari
amalga oshirilmoqda.
Tovar ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish imkoniyatlari
mavjudligi qayd etildi. Prezidentlar aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan
dastur qabul qilinayotgani mazkur muhim marraga erishish uchun mustahkam zamin
yaratishini ta’kidladi.
Bundan tashqari, yetakchilar madaniyat, ta’lim, yoshlar siyosati
va sport sohalaridagi faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Toshkentda yakshanba kuni Nizomiy Ganjaviy nomidagi Milliy pedagogika
universitetining yangi binosi ochiladi va Yangi Toshkentda “Ozarbayjon”
bog‘i qurilishiga star beriladi.
Shuningdek, “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy o‘rtasidagi adabiy
ko‘prik” nomli qo‘shma film yaratish taklif etildi.
Kuzda Ozarbayjonda yetakchi oliy
o‘quv yurtlari rektorlarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tadi.
2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda yoshlar o‘rtasida futbol
bo‘yicha Jahon chempionati o‘tkaziladi. Birgalikdagi sport, madaniy
va yoshlar tadbirlarini nazarda tutuvchi “Ikki mamlakat — bir
chempionat” keng ko‘lamli dasturi ishlab chiqiladi.
Davlat rahbarlari, shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy kun
tartibini muhokama qildi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar bo‘yicha “yo‘l
xaritasi” qabul qilindi hamda bank-moliya sohasi, qurilish materiallari ishlab
chiqarish, ta’lim, neft-gaz tarmog‘i, turizm, uy-joy qurilishi, kon-metalurgiya
sanoati va qishloq xo‘jaligida qo‘shma loyihalaga start berildi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
24 08 2026 / 11:07