Qonun iqtisodiy va ma’muriy sudlarga murojaat
qilishda fuqarolar va tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar
yaratishga, shuningdek fuqarolar va tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarining
huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ushbu sudlarning rolini
yanada kuchaytirishga qaratilgan yangi huquqiy institutlarni joriy etish
doirasida qabul qilindi.
Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksi, Iqtisodiy
protsessual kodeksi va «Sudlar toʻgʻrisida»gi Qonunga iqtisodiy sudlarni
ma’muriy boshqaruv tizimini soddalashtirish va samaradorligini oshirishga
qaratilgan oʻzgartishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik
toʻgʻrisidagi kodeksga ma’muriy sud tomonidan nizolarni hal etish jarayonida
ma’muriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish tartibini
belgilovchi norma koʻrinishida qoʻshimcha kiritildi.
Bundan tashqari, mamlakat hududidan
tashqarida yurisdiksiyani joriy etish maqsadida Ma’muriy-protsessual huquq
kodeksi va Iqtisodiy protsessual kodeksga oʻzgartirish va qoʻshimchalar
kiritilmoqda.
Shu bilan birga, davlat organi
mansabdor shaхsining yoki uning vakilining ma’muriy sud majlisida majburiy
ishtirok etishi tartib-taomilini, ishonchni huquqiy himoya qilish va dastlabki
eshituvni ta’sis etish prinsipini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, «Davlat boji
toʻgʻrisida»gi Qonunda toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilishi
munosabati bilan qarzdorga qoʻyilgan boshqa talablar koʻrib chiqilmagan,
shuningdek dastlabki eshituv natijalariga koʻra ariza koʻrib chiqilmasdan rad
etilgan hollarda toʻlangan davlat bojini qaytarish nazarda tutilgan.
Mazkur Qonun fuqarolar va
tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sudlarga murojaat qilish uchun yanada qulay
shart-sharoitlar yaratishga, sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga,
shuningdek davlat organlari va mansabdor shaхslar faoliyati ustidan samarali
sud nazoratini oʻrnatishga хizmat qiladi.
Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari
milliy bazasida e’lon qilingan va 14.08.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova
Batafsil: https://www.norma.uz/oz/qonunchilikda_yangi/fuqarolar_va_tadbirkorlarning_sudlarga_murojaat_qilish_jaraeni_soddalashtirildi