Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Toshkentda $1,2 mlrd evaziga 58 gektar maydonda Bektemir City ishbilarmonlik markazi quriladi



Ulashing :


Toshkentning Bektemir tumanida maydoni 58 gektar bo‘lgan Bektemir City majmuasi quriladi. Investitsiyalar hajmi 1,2 mlrd dollarga baholanmoqda. U yerda turar joy majmuasi, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar obyektlar qurish rejalashtirilgan. Yer lotlarga bo‘linib, bosqichma-bosqich onlayn auksionga chiqariladi.

Toshkentning Bektemir tumanida yangi Bektemir City ishbilarmonlik markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov 18-avgust kuni tegishli qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, loyiha yer maydonlaridan yanada samarali foydalanish, investitsiyalarni jalb etish va yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish maqsadida tashkil etilmoqda. U Business City zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini rivojlantirish va poytaxtni kompleks qurish dasturi doirasida amalga oshiriladi.

Bektemir tumani hokimligining markazni tashkil etish bo‘yicha taklifi ma’qullandi. Tuman hokimligiga loyiha hududidagi bino va inshootlarni xatlovdan o‘tkazish hamda belgilangan tartibda uning chegaralarini tasdiqlash topshirildi.

Loyiha buyurtmachisi etib Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Olmazor Business City yangi tadbirkorlik markazini qurish va undan foydalanish direksiyasi belgilandi. U loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirishi kerak.

Poytaxt hokimi o‘rinbosari va Bektemir tumani hokimligi bilan birgalikda direksiyaga loyiha hududini aniqlash, master-reja va batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Master-reja tasdiqlangach, yer uchastkalarini lotlarga bo‘lish va elektron onlayn auksionlarga chiqarish rejalashtirilmoqda. Savdolardan tushgan mablag‘lar ichki muhandislik tarmoqlari va infratuzilmani loyihalashtirish hamda qurishga, shuningdek, direksiyani saqlab turishga yo‘naltirilishi kerak.

Loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash uchun, shuningdek, Toshkent hokimining 2025-yil 2-maydagi qarori bilan ilgari ajratilgan mablag‘larning tejab qolingan qismidan foydalanishga ruxsat berildi.

Maydoni — 58 ga, investitsiyalar — $1,2 mlrd

Bektemir City majmuasini qurish Vazirlar Mahkamasining 28-fevraldagi Toshkent shahrini kompleks qurish to‘g‘risidagi qarorida nazarda tutilgan.

Hujjat poytaxtni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 31 ta loyiha ro‘yxatini o‘z ichiga oladi. Ularning umumiy qiymati 16,2 milliard dollarga baholanmoqda.

Ro‘yxatga ko‘ra, Bektemir City maydoni 58 gektarni tashkil etadi. Loyihaga turar joy majmuasi, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar obyektlar qurish uchun qariyb 1,2 milliard dollar investitsiya yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Hokim qaroriga ilova qilingan hujjatga ko‘ra, loyiha ikkita asosiy hududni qamrab oladi.

Birinchisi, Zabardast mahallasida Katta halqa yo‘li — 4R21 trassasi bo‘ylab joylashgan. Ikkinchisi Bektemir shohko‘chasi bo‘ylab Bektemir va Abay mahallalarini qamrab oladi.

Shu bilan birga, hokimning qarorida loyihani yakunlash muddatlari va bo‘lajak qurilishning batafsil parametrlari ko‘rsatilmagan. Ular master-reja va batafsil rejalashtirish loyihasi ishlab chiqilgandan so‘ng aniqlanishi kerak.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

26 08 2026 / 12:12