Shavkat
Mirziyoyev O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari “yaxlit va tashqi
kon’yunktura ta’siriga berilmaydigan” darajaga yetganini ta’kidladi. Tomonlar
savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish, uni yana bir necha barobar oshirish
mumkin deb hisoblamoqda. Shuningdek, Kaspiyda qo‘shma flot tuzishga kelishib
olindi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon
o‘zaro savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda, biroq bu
ko‘rsatkich faqat oraliq mo‘ljal sifatida qaralmoqda. Bu haqda O‘zbekiston
prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-avgust kuni Toshkentda Ozarbayjon prezidenti
Ilhom Aliyev bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha OAV uchun bergan bayonotida
so‘z yuritdi.
Davlat
rahbari Ozarbayjonni “ishonchli ittifoqchi, strategik hamkor va qardosh davlat”
deb atadi.
“Munosabatlarimiz zamirida
yagona sivilizatsiyaviy kod, mushtarak tarixiy ildizlar, ko‘p asrlik do‘stlik,
buzilmas ma’naviy qadriyatlar, o‘xshash madaniyat va an’analar mujassam.
Aynan mana shu chuqur bog‘liqlik munosabatlarimizni yaxlit va tashqi
kon’yunktura ta’siriga berilmaydigan qiladi”, — dedi u.
Davlat
tashrifining asosiy natijasi prezidentlar tomonidan Abadiy do‘stlik
to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi bo‘ldi.
“Bugun biz
Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladik. Bugungi kunda hududlar,
biznes, hukumatlar va parlamentlar o‘rtasidagi munosabatlarimiz qay
darajada yuqori ekanini tasavvur qilib ko‘ring. Bu shunchaki hujjat emas,
balki hamkorlikni chuqurlashtirish, hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish
va umumiy kelajakni barpo etishga bo‘lgan mushtarak intilishimizning
ifodasidir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
U Ozarbayjon
prezidentining O‘zbekistonga bu galgi davlat tashrifini, mubolag‘asiz,
tarixiy voqea deb atadi.
Prezidentning
ta’kidlashicha, tomonlar siyosiy muloqotni mustahkamlash, parlamentlar,
hukumatlar, tarmoq idoralari va hududlar o‘rtasidagi faol aloqalarni davom
ettirishga kelishib oldi.
Muzokaralarda
iqtisodiy hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi.
“Tovar ayirboshlash hajmini 1
mlrd dollarga yetkazish imkoniyatlarini muhokama qildik. Biroq bu biz
uchun chegara emas. Uni bir necha barobar oshirish mumkin va biz buni
amalga oshiramiz. Bizning jamoalarimizda buning uchun barcha hisob-kitoblar,
resurslar va vakolatlar bor”, — dedi Mirziyoyev.
Uning
so‘zlariga ko‘ra, tomonlar ushbu ko‘rsatkichga erishish bo‘yicha aniq
chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan dasturni qabul qilgan.
Prezidentlar,
shuningdek, ikki davlat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiruvchi sohalar, avvalo,
sanoat kooperatsiyasining yangi yo‘nalishlarini belgilab oldi.
“Ushbu
tashrifga qadar energetika, geologiya, kimyo, qurilish, moliya, qishloq
xo‘jaligi va boshqa sohalarda hamkorlik loyihalarining salmoqli portfeli
shakllantirildi”, — dedi prezident.
Shavkat
Mirziyoyev bir necha yil avval tashkil etilgan O‘zbekiston-Ozarbayjon qo‘shma
investitsiya jamg‘armasining ahamiyatini ta’kidladi. “Qisqa vaqt ichida u
qo‘shma biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmiga
aylandi”, — dedi davlat rahbari.
23-avgust
kuni prezidentlar qator qo‘shma loyihalarga ham start berdi. Ular bank sohasi,
qurilish materiallari ishlab chiqarish, ta’lim muassasalari va avtomobil
yoqilg‘i quyish shoxobchalari infratuzilmasini yaratish, sayyohlik
va turar joy majmualarini qurish, mineral xomashyoni qayta ishlash hamda
bog‘dorchilik sohalarini qamrab oladi.
Kaspiyda qo‘shma flot tashkil etiladi
Shavkat
Mirziyoyev transport-tranzit sohasidagi hamkorlikni yana bir ustuvor yo‘nalish
sifatida qayd etdi.
“Transkaspiy koridori
salohiyatini birgalikda rivojtiramiz, logistika infratuzilmasi samaradorligini
oshirib, tashuvlarni rag‘batlantiramiz. Buning uchun Kaspiy dengizida qo‘shma
flot tashkil etish bo‘yicha ishlarni jadallashtiramiz”, — dedi davlat
rahbari.
2025-yil
iyul oyida Transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston yuklar kechikishini
kamaytirish maqsadida Kaspiy dengizida o‘z paromlaridan foydalanishni
rejalashtirayotganini ma’lum qilgan. Tomonlar,
shuningdek, Transkaspiy koridori doirasida qo‘shma logistika kompaniyasini
tashkil etish, Boku va uchinchi davlatlar portlarida ombor hamda logistika
markazlarini qurish imkoniyatlarini muhokama qilgan.
Prezident
ikki davlat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik muhim ahamiyatga
ega ekanini ham ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan hududlar
savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirishning “drayveri” bo‘lishi kerak.
Davlat
tashrifi arafasida Toshkent shahri, Buxoro va Namangan viloyatlari
rahbarlari Ozarbayjonda bo‘ldi. Mirziyoyev ushbu aloqalar allaqachon “real
natijalar” berayotganini qayd etdi.
“Ikki davlat — bir chempionat”
Muzokaralarning
alohida qismi madaniy-gumanitar hamkorlik masalalariga bag‘ishlandi.
Shu kuni
prezidentlar Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining
yangi kampusini ochib berdi va Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘ini barpo
etishga start berdi. Bo‘lajak bog‘ 4 gektar maydonni egallaydi.
Yil yakuniga
qadar O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlarini o‘tkazish, shuningdek,
Ozarbayjonda oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumini tashkil
etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Nizomiy Ganjaviy va Alisher
Navoiyning adabiy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma badiiy film suratga olinishi
rejalashtirilmoqda.
2027-yilda
O‘zbekiston va Ozarbayjonda yoshlar o‘rtasida futbol bo‘yicha jahon
chempionati o‘tkazilishi haqida gapirar ekan, Shavkat Mirziyoyev yangi
tashabbusni ilgari surdi.
“Ushbu ulkan sport tadbiri
doirasida „Ikki davlat — bir chempionat“ nomli keng ko‘lamli davlat
dasturini qabul qilishni taklif qildik”, — dedi prezident.
“Ikki tomonlama kun tartibi doirasidan ancha chetga chiqdi”
Mirziyoyev
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar tobora kengroq
mintaqaviy ahamiyat kasb etayotganini ham ta’kidladi.
“O‘zbekiston
va Ozarbayjon hamkorligi allaqachon ikki tomonlama kun tartibi doirasidan
ancha chetga chiqdi”, — dedi u.
Davlat rahbariniing so‘zlariga
ko‘ra, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat
uchrashuvlari formatiga qo‘shilishi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida
yagona ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro bog‘liqlik makonini
shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev ikki davlat BMT,
Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, MDH va boshqa
xalqaro maydonlarda ham o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirib borayotganini qayd
etdi.
“Hayotning
o‘zi va muhokamalarimiz chuqurligi O‘zbekiston-Ozarbayjon amaliy
hamkorligi kun tartibi qanchalik keng ko‘lam va misli ko‘rilmagan sur’atga
ega bo‘lganini ko‘rsatmoqda”, — dedi prezident.
Mirziyoyevning ta’kidlashicha,
muzokaralar yakunida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha “salmoqli
kelishuvlar paketi” tasdiqlandi.
“Tarixiy tashrif natijalari
sherikligimizni aniq mazmun bilan boyitib, qo‘shma loyihalar va ikki
birodar davlatning barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar ochishiga
ishonaman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev
esa Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bugun yagona geosiyosiy
va geoiqtisodiy makonni shakllantirayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra,
O‘zbekiston va Ozarbayjonning qo‘shma neft-gaz loyihalari 2027-yilda
burg‘ilash ishlarini boshlash oldidan yakuniy bosqichga yaqinlashgan.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
26 08 2026 / 16:33