Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

SOCAR, AzerGold, Milla: Ozarbayjon kompaniyalari O‘zbekistonda qanday loyihalarni ishga tushirmoqda?



Ulashing :


Ozarbayjon kompaniyalari O‘zbekistonda neft-gaz sohasi, qurilish va oziq-ovqat sanoatida yangi loyihalar tayyorlamoqda. SOCAR 5 ta yonilg‘i quyish shoxobchasi qurilishini boshladi, AzerGold geologiya-qidiruv va qazib olish ishlari bilan shug‘ullanadi, Milla Toshkentda sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 23-avgust kuni Toshkentda onlayn formatda Ozarbayjon kompaniyalari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qator loyihalarning ochilish va tamal toshini qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Ozarbayjon prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, O‘zbekiston bankidagi 51 foizli ulushni sotib olishni rejalashtirgan Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) ishtirokidagi Davr Bank loyihasi ish boshladi. May oyida boshqaruv raisi Abbas Ibragimov muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangani va bitim bilan bog‘liq investitsiyalar 100 million dollardan oshishini ma’lum qilgandi.

Bundan tashqari, Matanat-A kompaniyasining gips zavodi hamda Landau Education Group tomonidan tashkil etilgan Landau nomidagi ikkita STEAM maktab ishga tushirildi.

Shu bilan birga, SOCAR`ning avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari (ular soni 5 ta, “O‘zbekneftgaz” bilan hamkorlikda), Agalarov Development kompaniyasining Sea Breeze Uzbekistan turar joy va dam olish majmuasi, TuranAZ kompaniyasining Baku City turar joy majmuasi, Sur Gold and Silver Project doirasidagi tarkibida kumush bo‘lgan rudani qayta ishlash bo‘yicha boyitish fabrikasi hamda Gold Fresh Fruits intensiv mevali bog‘lari qurilishiga start berildi.

SOCAR chakana yonilg‘i bozoriga kirib keladi

Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabbarov Toshkentdagi O‘zbekiston va Ozarbayjonning IV Hududlar forumida so‘zga chiqib, SOCAR davlat neft kompaniyasi O‘zbekistonning chakana bozoriga kirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bozorga kirib kelganidan so‘ng kompaniya o‘z shaxsiy yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini yaratishga sarmoya kiritish niyatida.

Jabbarov, shuningdek, Ozarbayjonning yana bir davlat kompaniyasi — AzerGold rejalari haqida ham to‘xtalib o‘tdi. U o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda O‘zbekistonda geologiya-qidiruv hamda foydali qazilmalarni qazib olish ishlari bilan shug‘ullanishni rejalashtirmoqda.

Vazir ushbu loyihalar bevosita mamlakat hududlarida amalga oshirilishini ta’kidladi.

Milla Toshkentda sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘rib chiqmoqda

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov forumda Ozarbayjonning Milla kompaniyasi Toshkentda sut mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi.

Loyihaning boshqa tafsilotlari, jumladan, taxminiy investitsiyalar hajmi, ishlab chiqarish quvvati va ishga tushirish muddatlariga aniqlik kiritilmadi.

O‘zbekiston Fuzuliyda intensiv bog‘ yaratadi

Ozarbayjonning Gold Fresh Fruit kompaniyasi Namangan viloyatida intensiv mevali bog‘lar yaratish loyihasining ikkinchi bosqichiga kirishmoqda, dedi vazir Laziz Kudratov. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi bosqichda loyiha 700 gektarni qamrab oladi. Shuningdek, logistika va sovitkich infratuzilmasini yaratish ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston esa, o‘z navbatida, Ozarbayjonda qishloq xo‘jaligi loyihasini amalga oshirishni boshlamoqda.

Laziz Kudratovning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik mutaxassislar Fuzuliy tumanida “Do‘stlik” intensiv mevali bog‘ini yaratishga kirishmoqda.

Vazir Sirdaryo viloyati va Fuzuliy tumani, shuningdek, Qashqadaryo viloyati va Beylagan tumani bog‘dorchilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishi mumkinligini ta’kidladi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

26 08 2026 / 16:53