Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Toshkentda $288 mlnlik DP World logistika xabi qurilishi oktabr oyida boshlanadi



Ulashing :


Toshkentda oktabr oyida DP World kompaniyasining 288 mln dollarlik multimodal logistika terminalini qurishni boshlash reja qilinmoqda. Kompaniya rahbariyati tamal toshi qo‘yish marosimiga prezidentni taklif qildi. “Ko‘pdan beri tayyorgarlik qilyapmiz, biz uchun muhim va kerakli loyiha”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Toshkent 2026-yil yakunlariga ko‘ra 9 mlrd dollar investitsiya jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yangi obyektlarni ishga tushirish marosimida ma’lum qildi.

Shahar hokimligi rahbari, shuningdek, eksportni 4 mlrd dollarga yetkazish rejalari va sanoat zonasidagi yangi loyihalar haqida gapirdi. Alohida ravishda u DP World logistika loyihasini e’lon qildi, uning rahbariyati oktabr oyida obyektga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etish uchun prezidentni taklif qildi.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, obyekt 120 mln tonna yuk va 150 ming konteynerni qayta ishlashga mo‘ljallanadi.

“Ko‘pdan beri tayyorgarlik qilyapmiz, u juda muhim biz uchun, kerakli loyiha bu”, — dedi prezident “O‘zbekiston 24” telekanali syujetida.

Shavkat Umurzoqov Boston Consulting Group xalqaro konsalting kompaniyasi dunyoning eng jadal rivojlanayotgan shaharlari orasida Toshkentni Shenchjen va Dohadan keyin uchinchi o‘ringa qo‘yganini ma’lum qildi. U ushbu natijani poytaxtda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bog‘ladi.

“Agar 2024-yilda Toshkent 2,7 mlrd dollar investitsiya jalb qilgan bo‘lsa, 2026-yil uchun oldimizga 9 mlrd dollar jalb qilish rejasini qo‘ydik. Sakkiz oy yakunlari bo‘yicha 5,6 mlrd dollar jalb qildik. Eksportni 4 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilib qo‘ydik”, — dedi hokim.

Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkichlar yuqori texnologiyali loyihalar va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarishlarni jalb qilish bilan bog‘liq.

Davlat rahbari ham Toshkent tomonidan e’lon qilingan investitsiya rejasiga e’tibor qaratdi.

“Qachon shunday bo‘lgan? Aytish oson, 9 mlrd investitsiya deyapsan. Toshkent shahar uchun bu chakana emas-ku?. Niyatimiz bitta — xalqimizni rozi qilish, qadrini ko‘tarish. Toshkent bundan namuna bo‘lishi shart va namuna bo‘lyapti ham”, — dedi prezident.

3 mlrd dollarlik mahsulot beradigan 14 ta loyiha

Hokim marosimda 14 ta loyiha ishga tushirilayotganini ma’lum qildi. Ularning to‘rttasi sanoat, yana ikkitasi turizm sohasiga tegishli.

Uning so‘zlariga ko‘ra, taxminan uch yildan so‘ng, to‘liq loyiha quvvatiga chiqqach, ushbu loyihalar yiliga 3 mlrd dollarlik mahsulot ishlab chiqarish va 1,5 mlrd dollarlik eksportni ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Umurzoqov, shuningdek, prezident tomonidan 2024-yil noyabr oyida ochilgan sanoat zonasida turganini ma’lum qildi.

“Xudo xohlasa, yil oxirigacha bu yerda yana 500 mln dollarlik 22 ta loyihani ishga tushiramiz”, — dedi hokim.

Keyinroq u ilgari “cho‘l bo‘lgan” hududda allaqachon 1,2 mlrd dollarlik loyihalar shakllantirilganini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap jami 26 ta loyiha haqida bormoqda, ulardan o‘ntasini joriy yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

DP World (Dubai Ports World) — BAAning eng yirik dunyoviy port operatorlari va logistika gigantlaridan biri bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab dengiz portlari, terminallar va yetkazib berish zanjirlarini boshqaradi.

DP World Toshkentda qiymati 288 mln dollardan ortiq bo‘lgan multimodal logistika terminalini qurishni rejalashtirmoqda. Loyihani amalga oshirish uchun BAA kompaniyasi poytaxt hokimligiga tegishli Tashkent Invest bilan birgalikda DP World Tashkent qo‘shma korxonasini tashkil etdi. Uning 85% ulushi DP World’ga, 15% ulushi esa Tashkent Invest’ga tegishli bo‘ladi.

Logistika xabi Xitoyning CAMCE kompaniyasi boshqaruvidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasining qariyb 82 gektar maydonida joylashadi. U temiryo‘l qatnoviga ega quruqlikdagi port, bojxona infratuzilmasi, “A” sinfidagi omborlar, transport vositalarini saqlash maydonchalari va yuklarni ortib o‘tkazish terminallarini o‘z ichiga oladi. Birinchi bosqichda yiliga 150 ming TEU quvvatga ega temiryo‘l terminali hamda 63 ming kv. m maydondagi omborlarni barpo etish ko‘zda tutilgan. Uni 2026-yil oxiri — 2027-yil boshigacha yakunlash rejalashtirilgan edi, biroq muddatlar surilgan.

DP World qayd etishicha, terminal Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘inga aylanishi kerak. Loyiha O‘zbekiston temiryo‘l tarmog‘i, asosiy avtomagistrallar va Toshkent xalqaro aeroportiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

27 08 2026 / 12:05