Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston va Singapur Strategik va innovatsion sheriklik dasturini muhokama qilmoqda



Ulashing :


O‘zbekiston va Singapur Strategik va innovatsion sheriklik dasturini qabul qilishi mumkin. Unda investitsiyalar, texnologiyalar transferi, davlat boshqaruvi modernizatsiyasi va inson kapitalini rivojlantirishga urg‘u beriladi. Bu masalani Shavkat Mirziyoyev va Singapur sobiq bosh vaziri Li Syan Lun muhokama qildi.

O‘zbekiston va Singapur Strategik va innovatsion sheriklik bo‘yicha o‘rta muddatli qo‘shma dasturni ishlab chiqishni muhokama qilmoqda. Unda savdo, investitsiyalar, texnologiyalar transferi, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarga ustuvorlik beriladi.

Ushbu masala 28-avgust, juma kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Singapur katta vaziri, sobiq bosh vaziri (2004−2024-yillar) Li Syan Lun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvida muhokama qilindi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Tomonlar tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni o‘sib boraytganini qayd etdi. Ma’lum qilinishicha, Singapurning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb 2 milliard dollarni tashkil etgan.

O‘zbekistonda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, Toshkent xalqaro moliya markazi va raqamli bank tizimini rivojlantirishda Singapurning ilg‘or tajribasini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar yaqinda O‘zbekistonning Mediatsiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilganini olqishladi. Bu 2018-yilda qabul qilingan BMTning xalqaro shartnomasi bo‘lib, turli mamlakatlarda tijorat nizolari bo‘yicha tuzilgan kelishuvlarni tezkor ijro etish imkonini beradi.

Singapur hukumati saytida ma’lum qilinishicha, Li Syan Lun 27−31-avgust kunlari O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Bu uning Markaziy Osiyoga ilk tashrifi. Bundan avval delegatsiya Qozog‘istonda bo‘ldi.

Li Syan Lunning Senatda nutq so‘zlashi, shuningdek, Singapur delegatsiyasining Samarqandga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Li Syan Lun bosh vazir bo‘lgan davrda, 2023-yil yanvar oyida Singapurga davlat tashrifi chog‘ida u bilan muzokaralar o‘tkazgandi.

O‘shanda tomonlar yaqin istiqbolda hamkorlikning beshta asosiy yo‘nalishini belgilagan:

1. inson kapitalini rivojlantirish va davlat boshqaruvi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash;

2. Singapurni O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilish;

3. ilg‘or “yashil” texnologiyalar va raqamli yechimlarni jalb qilish;

4. shahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarni takomillashtirish;

5. investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro savdoni kengaytirish.

O‘shanda ustav kapitali 500 mln dollar bo‘lgan O‘zbekiston-Singapur investitsiya kompaniyasini tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishilgan.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

07 09 2026 / 11:25