O‘zbekiston va JAR preferensial savdo to‘g‘risidagi bitim ustida ish
boshlaydi. Shu bilan birga, mamlakatlar investitsiyalarni himoya qilish
to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash va hukumatlararo komissiya tuzishni
rejalashtirmoqda. Kuzda 50 ga yaqin O‘zbekiston kompaniyalari biznes
missiya bilan Yoxannesburgga boradi.
O‘zbekiston
va Janubiy Afrika Respublikasi preferensial savdo to‘g‘risidagi bitim
ustida ish boshlashga kelishib oldi. Bu masala 26-avgust kuni O‘zbekiston
investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va JAR savdo,
sanoat va raqobat vaziri Parks Tau o‘rtasida videokonferensiya shaklida
o‘tkazilgan muloqotda muhokama
qilindi.
Bunday kelishuv ayrim tovar guruhlariga bojlarni kamaytirish yoki bekor
qilishni nazarda tutishi va shu orqali o‘zaro savdoni soddalashtirishi
mumkin. Hozircha aynan qaysi tovarlarga imtiyozlar berilishi ma’lum qilinmagan.
Ayni vaqtda mamlakatlar
hukumatlararo komissiya tuzish hamda savdo va investitsiyalarni himoya
qilish sohasidagi bitimlarni tayyorlashni rejalashtirmoqda. Tomonlar,
shuningdek, kimyo va tog‘-kon sanoatida qo‘shma loyihalar va texnologiyalar
almashinuvini muhokama qildi.
Kuzda 50 ga yaqin O‘zbekiston kompaniyalari biznes missiya bilan
Yoxannesburgga borishni rejalashtirmoqda. U yerda ular uchun Janubiy
Afrika biznes vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.
Vazirlar, shuningdek, 2026−2027-yillarda hamkorlik qilish rejalarini
belgilab, aniq loyihalarni tayyorlashni davom ettirishga kelishib oldi.
Iyul oyida O‘zbekiston elchisi Ashraf Xodjayev Efiopiya va JAR
vakillari bilan vizani rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish hamda vizasiz
rejim joriy etish istiqbollarini muhokama qilgandi.
Yanvar−iyul oylarida O‘zbekiston va JAR o‘rtasidagi tashqi savdo
aylanmasi 7,5 mln dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi
ko‘rsatkichdan (2,3 mln dollar) uch baravardan ko‘proqdir.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
07 09 2026 / 11:58