Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Prezident 2030-yilgacha O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmini $300 mlrdga yetkazish maqsadini qo‘ydi



Ulashing :


O‘zbekiston 2030-yilgacha o‘z YIMini $300 mlrdga yetkazmoqchi, dedi prezident. 2025-yil oxirida bu marra 240 mlrd dollardan ortiq deb belgilangandi. Hukumat yaqin 10 yilda 450 mlrd dollar miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb etish va aholi jon boshiga YIM hajmini 10 ming dollardan oshirishni reja qilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmini 2030-yilgacha $300 mlrdga yetkazish bo‘yicha yangi maqsadni ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari 28-avgust kuni O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda aytdi.

“Kelgusi o‘n yil biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi. Biz bunga faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali erisha olamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning uchun hukumat yettita milliy dasturni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ularning dastlabki yo‘nalishlari ta’lim va kadrlar tayyorlash, sog‘liqni saqlash, shuningdek, iqtisodiyotni mehnat unumdorligi yuqori bo‘lgan yuqori texnologiyali modelga o‘tkazishni qamrab oladi.

10 yilda 450 mlrd dollar investitsiya

Uchinchi milliy dastur iqtisodiyotga bag‘ishlanadi. Prezidentning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston kelgusi o‘n yilda 450 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Shu bilan birga, prezident iqtisodiyot hajmi bo‘yicha yangi maqsadni ham belgiladi:

“Iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini saqlab qolgan holda, 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmi 300 mlrd dollarga yetkaziladi”.

Bu avvalgi maqsadga nisbatan sezilarli oshirilishdir. Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2030-yilgacha YAIMni 240 mlrd dollardan oshirish mumkinligini aytgan edi. Dastlab “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida 160 mlrd dollarlik maqsad belgilangan. Biroq prezident mamlakat bu ko‘rsatkichdan 2026-yilning o‘zidayoq oshib ketishini ta’kidlagan.

240 mlrd dollarlik maqsad keyinchalik ham saqlanib qolgan. 2026-yil iyul oyida prezident unga erishish uchun iqtisodiyot har yili kamida 8−9 foizga o‘sishi kerakligini aytgan.

Aholi jon boshiga YAIM $10 mingdan oshadi

Prezident shuningdek, sanoat sohasida 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

“Yoshlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun startaplar, venchur moliyalashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ladi”, — dedi u.

Bundan tashqari, kichik biznesning o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarning esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishiga imkon beradigan alohida ekotizim yaratiladi.

“Buning hisobiga kelgusi o‘n yilda aholi jon boshiga YAIM 10 ming dollardan oshadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

07 09 2026 / 14:31