O‘zbekistonda
kichik va o‘rta biznes uchun “Ikkinchi imkoniyat” iqtisodiy amnistiyasi joriy
etiladi. 2026-yil oxiriga qadar soliq qarzini to‘liq to‘lagan tadbirkorlarning
penyalari hisobdan chiqariladi, elektr va gaz uchun oldindan to‘lov 15
foizga tushiriladi, ayrim jarimalar bekor qilinadi.
Prezidentning tadbirkorlar
bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga
qaratilgan farmonbda 2026-yil 31-dekabrgacha kichik va o‘rta biznes uchun
iqtisodiy amnistiya joriy etilishi belgilandi.
“Ikkinchi
imkon” iqtisodiy amnistiyasi
Amnistiyaga
ko‘ra, iqtisodiy amnistiya e’lon qilinmasidan oldin yuzaga kelgan soliq
qarzi — penyadan tashqari asosiy qarzdorlik — 2026-yil 31-dekabrgacha
to‘liq to‘lansa, ushbu qarz bo‘yicha hisoblangan penya hisobdan chiqariladi.
Shuningdek, mazkur qarzdorlik bilan bog‘liq ijro ishlari tugatiladi.
Bundan tashqari, tadbirkor ilgari
topshirilgan soliq hisobotlariga mustaqil ravishda tuzatish kiritib, qo‘shimcha
hisoblangan soliq summasini 2026-yil oxirigacha to‘liq to‘lasa, bu summa
uchun penya hisoblanmaydi.
Asosiy soliq qarzi bo‘yicha penya
va boshqa yengilliklar tadbirkorlik subyektining 2027-yil 1-yanvar
holatiga ko‘ra penyadan tashqari soliq qarzi mavjud bo‘lmagan taqdirda
qo‘llanadi.
Shuningdek, tadbirkorlar soliq
va yig‘imlarni to‘lash uchun to‘lov topshiriqnomasini bankka taqdim
etmagani uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.
Iqtisodiy amnistiya doirasida yo‘l
qo‘yilgan xatolarni mustaqil ravishda bartaraf etgan tadbirkorlarning
Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingidagi ballari ham kamaytirilmaydi.
2026-yil 1-yanvargacha
shakllangan ayrim qarzdorliklar ham hisobdan chiqariladi. Jumladan, soliq
hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmagani uchun qo‘llangan ma’muriy jarimaning
to‘lanmagan qismi hamda qat’iy belgilangan miqdordagi aylanmadan olinadigan
soliqni to‘lovchi subyektlarga qo‘llangan moliyaviy jarimalarning to‘lanmagan
qismi bekor qilinadi.
Avval rasmiylashtirilgan mehnat shartnomalarini Yagona milliy mehnat
tizimiga kechiktirib kiritishga ham ruxsat beriladi. Bunda shartnomani tizimga kechiktirib
kiritganlik uchun jarima qo‘llanmaydi.
Elektr va gaz uchun oldindan to‘lov kamaytiriladi
2026-yil 1-noyabrdan boshlab elektr energiyasini hisobga olish
va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi hamda tabiiy gaz nazorati
va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan tadbirkorlar uchun yangi
tartib joriy etiladi.
Masofadan turib o‘chirish va
yoqish imkoniyatiga ega hisoblagichlardan foydalanuvchi tadbirkorlar elektr
va tabiiy gazning oylik iste’moli uchun 15 foiz miqdorida oldindan to‘lov
qiladi (avval 100 foiz edi). Biroq so‘nggi ikki oy davomida to‘lov
intizomiga rioya qilmagan tadbirkorlarga ushbu yengillik tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, elektr energiyasi va gaz sarfi haqidagi yozma hisobotlarni
hududiy elektr va gaz ta’minoti korxonalariga topshirish majburiyati bekor
qilinadi.
Elektr va tabiiy gaz bilan ta’minlash xizmatlari bo‘yicha
shartnomalarni elektron shaklda tuzish orqali ularni qog‘ozda rasmiylashtirish
tartibi ham bekor qilinadi.
Yirik investitsiyalarga infratuzilma xarajatlari qoplab beriladi
Qiymati 200 milliard so‘mdan
oshadigan investitsiya loyihalarida, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda esa 50
milliard so‘mdan yuqori loyihalarda tashqi muhandislik-kommunikatsiya
tarmoqlarini o‘z hisobidan qurgan tadbirkorlarning xarajatlari Davlat budjeti
hisobidan qoplab beriladi.
Davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlar qabul qilingani soliq
organlarining axborot tizimidagi ma’lumotlar asosida tasdiqlanadi. Shundan
so‘ng ijrochining zakalat va qo‘shimcha zakalat mablag‘lari bir ish kuni
ichida avtomatik tarzda qaytariladi.
Tadbirkorlik subyektining barqarorlik reytingi darajasidan qat’i nazar,
soliq to‘lovchiga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini
qaytarish, shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llash imkoniyati
ham nazarda tutilgan.
Mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi
tadbirkorlar tomonidan suv va salqin ichimliklar, pivo hamda tamaki
mahsulotlari xarid qilinganda, ushbu mahsulotlarning raqamli markirovka kodlari
mazkur subyektlarda yakuniy iste’molga realizatsiya qilingan deb e’tirof
etiladi.
Bundan
tashqari, tovar va xizmatlar uchun naqd pulda amalga oshirilishi mumkin
bo‘lgan to‘lovlarning cheklangan miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 400
baravari etib belgilanadi. Faqat qonunchilikka ko‘ra to‘lovlari faqat naqdsiz
shaklda amalga oshirilishi belgilangan tovar va xizmatlar bundan mustasno.
Iqtisodiyot va moliya
vazirligiga Adliya vazirligi, Bosh prokuratura hamda Biznes-ombudsman bilan
birgalikda uch oy muddatda barcha turdagi moliyaviy va ma’muriy
jarimalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish topshirildi.
Shundan so‘ng mutanosiblik
prinsipidan kelib chiqib, jarimalar miqdorini o‘rtacha ikki baravar
kamaytirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi Vazirlar
Mahkamasiga kiritiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda kichik
tadbirkorlik subyektlarini tekshirishga uch yilga moratoriy joriy etilgani
hamda biznes uchun “Birinchi xato uchun — ogohlantirish” qoidasi tatbiq
qilinib, qoidani ilk bor buzgan tadbirkorlarga jarima solishdan avval
kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun berilishi xabar qilingandi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
07 09 2026 / 15:05