O‘zbekistonda
davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatlarda “tadbirkorlik
subyektining haqlilik prezumpsiyasi” amal qiladi. Shuningdek, tadbirkorlarga
kredit, lizing va kafolatlar bo‘yicha 75 foizgacha kafillik, intizomli
biznesga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.
O‘zbekistonda davlat organlari
va tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatlarda “tadbirkorlik subyektining
haqlilik prezumpsiyasi” amal qiladi. Bu haqda Prezidentning
tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga
oshirishga qaratilgan farmonida belgilandi.
Yangi tartibga ko‘ra, davlat organi aksini isbotlamagunicha tadbirkor
qonunchilikka muvofiq harakat qilgan va o‘z majburiyatlarini lozim darajada
bajargan hisoblanadi.
Sudda yoki nizoni hal qiluvchi boshqa ma’muriy organda tadbirkorga nisbatan
qo‘llanilgan huquqiy ta’sir chorasi yoki qabul qilingan qarorning asosli,
qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik sodir
etilganini isbotlash majburiyati to‘liq davlat organi zimmasiga yuklatiladi.
Qonunchilikda bartaraf etib
bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqliklar va tushunmovchiliklar, shuningdek,
davlat organi taqdim etgan dalillarning yetarli emasligi sababli yuzaga kelgan
shubhalar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi.
Davlat organlari sud qaroridan keyin qarorini 30 kunda qayta ko‘rib chiqadi
Ma’muriy sud davlat organiga o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqish
majburiyatini yuklagan hollarda, sudning huquqiy pozitsiyasi davlat organi
uchun majburiy bo‘ladi.
Bunda qayta ko‘rib chiqish natijasida tadbirkorning holati avvalgi qarorga
nisbatan og‘irlashtirilishi mumkin emas. Davlat organi sud qarori kuchga kirgan
kundan boshlab 30 kun ichida o‘z qarorini qayta ko‘rib
chiqishi shart.
Belgilangan muddat o‘tgandan keyin davlat organiga mazkur ish bo‘yicha
tadbirkorga nisbatan har qanday huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash taqiqlanadi.
Tadbirkorlarga 75 foizgacha kafillik beriladi
Farmon bilan tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning
qo‘shimcha mexanizmlari ham joriy etilmoqda.
Jumladan, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan
tadbirkorlarga ajratiladigan kreditlar, bank kafolatlari, akkreditivlar
va lizing bo‘yicha 75 foizgacha kafillik taqdim etiladi.
Davlat xaridlarida ijobiy ishtirok
etayotgan tadb irkorlarga shartnomani bajarish va avansni qaytarish
uchun 2,5 milliard so‘mgacha kafolat, intizomli tadbirkorlarga
esa 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.
Shuningdek, davlat tasarrufidagi
foydalanilmayotgan bino, inshoot va boshqa aktivlarni sotib oluvchi
tadbirkorlarga ularni xarid qilish uchun 15 milliard so‘mgacha
xizmatlar ipotekasi beriladi.
Tadbirkorlik loyihalari uchun “Biznes fond” tashkil etiladi
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” muassisligida xususiy
investorlar mablag‘larini jalb qilgan holda tadbirkorlik loyihalariga
investitsiya kirituvchi “Biznes fond” aksiyadorlik jamiyati tashkil
etiladi.
Shuningdek, mikromoliya tashkilotlariga kredit liniyalari berish
va ularni rivojlantirishga ixtisoslashgan “Mikromoliyalash
xizmatlarini rivojlantirish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tuziladi.
Kompaniya ushbu ikki tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
va ularning ustav kapitalini shakllantirish choralarini bir
oy muddatda ko‘rishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu formon bilan tadbirkorlar birinchi xato uchun
ogohlantirilishi joriy etildi, kichik biznes tekshiruvlari 3 yilga to‘xtatildi. Shuningdek, kichik va o‘rta biznes uchun “Ikkinchi imkon” iqtisodiy
amnistiyasi e’lon qilindi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
07 09 2026 / 15:20