Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tinch atom, temiryo‘l va $30 mlrdlik tovar ayirboshlash: Mirziyoyev Bishkekda Szinpin bilan uchrashdi



Ulashing :


SHHT sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin muzokara o‘tkazdi. Ular tovar ayirboshlashni $30 mlrdga yetkazish, Xitoyni tinch atom loyihalariga jalb qilish, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishini jadallashtirish kabilarni muhokama qildi. Mirziyoyev Szinpinni mamlakatga kelishga taklif etdi.

Bishkek shahrida o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyevning Xitoy raisi Si Szinpin bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Uchrashuv avvalida davlat rahbari Xitoy yetakchisiga O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabrigi hamda O‘zbekiston — Xitoy ko‘p qirrali munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

Kelgusi yilda mamlakatlar o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 35 yil to‘ladi. Ushbu sanani keng nishonlash bo‘yicha tadbirlar dasturini tayyorlash taklif etildi.

Tomonlar tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi tizimli strategik muloqotni davom ettirish va parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladi. O‘zbekiston “yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi qat’iy kurashni doimiy qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 mlrd dollarga yaqinlashdi. Kelgusida uning yanada o‘sishiga ishonch bildirildi.

си цзиньпин, temiryo‘l, tinch atom, хитойYaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 30 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha yangi marrani belgilash taklif etildi. Shu maqsadda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hamda O‘zbekiston korxonalarining Xitoyda o‘tkaziladigan savdo ko‘rgazmalarida faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davom ettiriladi.

Amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 mlrd dollarni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport va infratuzilma, qishloq xo‘jaligi hamda yuqori texnologiyalar sohalarida sanoat kooperatsiyasining istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi. Raqamli iqtisodiyot, tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni o‘zlashtirish va qayta ishlash sohalaridagi “o‘sish nuqtalari” kengaytiriladi.

Texnologik sheriklikning namunasi sifatida BYD kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qayd etildi. Ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliylashtirish darajasini oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Xitoy kompaniyalariga O‘zbekiston hududlaridagi qo‘shma sanoat zonalarida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishda yanada faol ishtirok etish taklif qilindi.

Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va ularning mamlakatdagi loyihalardagi ishtirokini kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.

O‘zbekiston an’anaviy va muqobil energetika sohalaridagi sheriklikni kengaytirish hamda Xitoy kompaniyalarini tinch atom loyihalariga jalb etishdan manfaatdor, deyiladi xabarda.

Transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston" strategik temir yo‘lini qurish ishlari samarali davom ettirilmoqda. Mazkur yo‘nalish Yevroosiyo transport ekotizimining muhim bo‘g‘iniga aylanishi hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada kuchaytirishiga ishonch bildirildi.

Muzokaralar davomida turizm va gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Vizasiz tartib amal qilmoqda, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va parvozlar sonini ko‘paytirish rejalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Xitoy madaniyat markazlarini ochish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. 2027−2029-yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar dasturini qabul qilish taklif etildi.

“Lu Ban ustaxonalari” va Konfutsiy institutlari faoliyati hamda hududlarda qo‘shma ta’lim loyihalarini rivojlantirish ishlari davom ettiriladi.

Xitoy tilini o‘rganishni, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ta’lim dasturlarini yanada kengaytirish hamda yoshlarning Xitoyda tahsil olishi uchun kvotalarni oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Kosmosni o‘zlashtirish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida qayd etildi.

“Xitoy — Markaziy Osiyo” formatidagi mintaqaviy sheriklikni yanada chuqurlashtirish va uning kelgusi yilda Xitoyda bo‘lib o‘tadigan uchinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston prezidenti Xitoy raisini mamlakatga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi, deyiladi xabarda.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

07 09 2026 / 16:11