O‘zbekistonda
xususiylashtiriladigan yirik davlat aktivlarining yangi ro‘yxati tasdiqlandi.
“Turonbank”ning 98,9%, “O‘zekspomarkaz”ning 91% dan ortiq, Xalqaro biznes
markazining deyarli 80%, shuningdek, sanoat, transport va savdo
korxonalaridagi ulushlarni sotish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston bir qator yirik
kompaniyalardagi davlat aksiyalari va ulushlarini sotishni
rejalashtirmoqda. Ro‘yxat prezidentning 28-avgustdagi
iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish to‘g‘risidagi farmoni bilan
tasdiqlangan.
Hujjatga ko‘ra, “Turonbank”ning
98,9% aksiyasini ochiq savdolarga chiqarish rejalashtirilgan. Bankning
xususiylashtirishga tayyorlik darajasini hisobga olgan holda va xalqaro
konsultantlarning xulosalari asosida bankni xususiylashtirishga tayyorlash
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga topshirildi.
100% kapitali davlatga tegishli bo‘lgan “Xalq Sug‘urta” sug‘urta
kompaniyasini ham to‘liq xususiylashtirish rejalashtirilmoqda.
Transport sohasida “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish
va ta’mirlash zavodi”ning 90% ulushi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari”
tizimiga kiruvchi “Andijon mexanika zavodi”ning 100% ulushi sotuvga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, quyidagilarni sotish ko‘zda tutilgan:
·
“O‘zekspomarkaz”ning
91,83%;
·
Xalqaro hamkorlik markazi
(“Bodomzor” metro yaqinidagi Xalqaro biznes markazi)ning 79,27%;
·
KO-UNG
CYLINDER`ning 54,76%;
·
Kor-UNG
Investment`ning 50%;
·
V-GEN
BIOPHARMA`ning 50%;
·
Inno
Texnopark`ning 100%;
·
Ustudy`ning
50%;
·
“O‘ZBEK-TURK TEST MARKAZI”ning
51% ulushi.
Xalqaro hamkorlik markazi
va “O‘zekspomarkaz” uchun alohida shartlar belgilangan. Ularni
xususiylashtirish Prezident administratsiyasi bilan kelishilgan konsepsiya
va sotuv shartlari asosida amalga oshirilishi kerak.
Ro‘yxatga davlatga tegishli bo‘lgan “Trastbank”dagi ulush ham kiritilgan,
biroq u 0,001 foizni tashkil etadi. Ushbu paketni alohida baholamasdan,
birja kotirovkasi bo‘yicha sotishga ruxsat berilgan.
Bozorlar va yo‘l korxonalari
Xususiylashtirish yo‘l sohasini ham qamrab oladi. Davlat Avtomagistral
unitar korxonasi, shuningdek, avtomobil yo‘llarini qurish, foydalanish
va saqlash bo‘yicha bir qator hududiy korxonalardagi aksiyalar
va ulushlar paketlarini sotishni rejalashtirmoqda.
Ro‘yxatga ko‘plab savdo obyektlari ham kiritilgan. Namangan, Samarqand,
Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi dehqon bozorlari hamda
savdo majmualaridagi davlat ulushlarini sotish ko‘zda tutilgan. Ularning
ko‘pchiligida davlat nazorat paketiga egalik qiladi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
08 09 2026 / 15:23