Davlat
ko‘chmas mulki xaridorlari uchun yerni rasmiylashtirish soddalashtiriladi:
obyekt bilan bog‘liq yerga bo‘lgan huquq u xususiylashtirilguniga qadar,
ijarani qayta rasmiylashtirmasdan saqlanib qoladi. Auksiondagi yerlar “tayyor
paket” tamoyili asosida tayyorlanadi.
O‘zbekistonda
yer uchastkalarini auksionda sotishga tayyorlashning yangi mexanizmi joriy
etilmoqda. Bu prezidentning 28-avgustdagi iqtisodiyotda davlat ishtirokini
qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish to‘g‘risidagi farmonida nazarda
tutilgan.
Hujjatga
ko‘ra, mahalliy arxitektura-shaharsozlik kengashlari tomonidan taklif
etiladigan uchastkalarni “tayyor paket” tamoyili asosida — muhandislik
tarmoqlariga ulanishning oldindan tayyorlangan texnik shartlari va qurilishga
ruxsatnoma hujjatlari bilan birga shakllantirish rejalashtirilmoqda.
Bunday paketni tayyorlash xarajatlari mahalliy budjetlar mablag‘lari
hisobidan qoplanishi mumkin. Keyinchalik ushbu xarajatlar yer uchastkasi
auksionga chiqarilganda uning boshlang‘ich narxiga kiritiladi.
Bundan tashqari, uchastkalarni sotish rejalashtirilayotgan hududlar uchun
master-planlarni oldindan ishlab chiqish va tasdiqlash nazarda tutilgan.
Investorlarga realizatsiya qilish uchun muayyan yer uchastkalari aynan
ushbu master-planlar asosida shakllantiriladi.
Xususiylashtirilayotgan ko‘chmas mulk ostidagi yer xaridorda qoladi
Farmon, shuningdek, davlat ko‘chmas mulkini xususiylashtirishda yerni
rasmiylashtirish tartibini ham o‘zgartiradi.
Agar xaridor davlat obyektini
sotib olsa, u bilan bog‘liq yer uchastkasiga bo‘lgan huquq yerning
o‘zi xususiylashtirilguniga qadar unda saqlanib qoladi. Bunda ushbu uchastkaga
bo‘lgan ijara huquqini qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Uch oydan ortiq vaqt davomida savdolarda sotilmagan qishloq
xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalari uchun alohida
mexanizm nazarda tutilgan.
Bunday hollarda, e’lon qilingan loyiha amalga oshirilishi sharti bilan,
uchastkaga bo‘lgan huquq investor ishtirokida tashkil etilayotgan xo‘jalik
jamiyatining ustav kapitaliga kiritilishi mumkin.
Keyinchalik ushbu kompaniyadagi davlat ulushi ushbu investorga sotib olish
uchun taklif etilishi mumkin.
Toshkent sanoat zonalaridagi yerlarni xususiylashtirishga ruxsat beriladi
Investitsiya va ijtimoiy
majburiyatlarini to‘liq bajargan Toshkent sanoat zonalari ishtirokchilariga
o‘zlari egallab turgan yer uchastkalarini, shuningdek, ularda joylashgan
bino va inshootlarni belgilangan tartibda xususiylashtirishga ruxsat
etiladi.
Davlat banklariga ham sotuvga qo‘yilayotgan davlat aktivlari
va yer uchastkalarini tadbirkorlik loyihalariga faolroq jalb etish
topshirildi.
Buning uchun “loyihalar fabrikasi” yondashuvi qo‘llanadi — banklar
potensial investorlar uchun ushbu aktivlar bo‘yicha biznes-takliflarni
tayyorlash va ilgari surishga ko‘maklashishi kerak.
Yangi mexanizmlar kengaytirilgan xususiylashtirish dasturiga kiritilgan
bo‘lib, uning doirasida hukumat tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlari
uchun 8000 gektarga yaqin yer uchastkalarini savdoga chiqarishni
rejalashtirmoqda.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
09 09 2026 / 10:05