Belgradda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida sanoat sherikligi va mehnat migratsiyasi
bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Tomonlar 2026−2028-yillarga mo‘ljallangan
sanoatda sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini ham
qabul qildi, mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risidagi bitimni
ma’qulladi.
Belgradda
Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich o‘rtasidagi muzokaralarda ikki
davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, erkin savdo
to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish va sanoat kooperatsiyasini
rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Prezident matbuot
xizmati xabar qildi.
Muzokaralar Belgraddagi Serbiya saroyida davlat rahbarlarining yuzma-yuz
uchrashuvi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidentining Belgradga ilk tashrifi
mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishini ta’kidladi.
Siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik,
ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashgani qayd etildi. Kelgusida
diplomatik vakolatxonalar ochish va parlamentlararo forum tashkil etish
rejalashtirilmoqda.
Savdo hajmini, avvalo, talab yuqori bo‘lgan tovarlar yetkazib berishni
kengaytirish hisobiga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bunda
standartlashtirish sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro ko‘rgazmalar
tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Kecha Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi o‘tkazilgan.
8-sentabrda esa ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokida
O‘zbekiston-Serbiya biznes forumi bo‘lib o‘tadi.
Kelgusi yili O‘zbekiston Belgradda o‘tkaziladigan “EXPO-2027” xalqaro ko‘rgazmasida
milliy paviloni bilan ishtirok etadi.
Transport
va logistika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi,
farmatsevtika, tibbiyot hamda raqamli iqtisodiyot ustuvor yo‘nalishlar sifatida
belgilandi. Avtomobil qismlari, uskunalar, elektr texnika va elektronika
ishlab chiqarishda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun salohiyat
yuqori ekani qayd etildi.
Hududlararo hamkorlik doirasida
Samarqand viloyati va Voyevodina, shuningdek, Samarqand va Novi-Sad
shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilgani olqishlandi.
Gumanitar sohada ta’lim, madaniyat,
sport va turizm yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, madaniyat
kunlari, kino, teatr va musiqa festivallarini birgalikda o‘tkazish hamda
sport federatsiyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish
bo‘yicha kelishib olindi.
Mehnat migratsiyasi masalasiga
ham e’tibor qaratildi. Tomonlar tashrif doirasida Mehnat mobilligi
va migratsiyasi to‘g‘risidagi bitim qabul qilinganini olqishladi.
Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar,
jumladan, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlash
yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar 2026−2028-yillarga mo‘ljallangan sanoatda sheriklikni
rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini ham qabul qildi.
Erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish uchun
keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
09 09 2026 / 10:27