O‘zbekistonda
315 mingdan ortiq tadbirkor 2026-yil oxiriga qadar soliq bo‘yicha asosiy
qarzini to‘liq to‘lasa, hisoblangan penyadan ozod bo‘lishi mumkin. Savdo-sanoat palatasi ma’lumotiga ko‘ra, ularning jami soliq qarzi 9,5 trln
so‘mni, hisoblangan penya esa 1,5 trln so‘mni tashkil etadi.
O‘zbekistonda
qariyb 315,2 ming nafar tadbirkor “Ikkinchi imkoniyat” iqtisodiy amnistiyasidan
foydalanib, yil oxiriga qadar soliq qarzini to‘liq to‘lagan taqdirda, unga
hisoblangan penyani hisobdan chiqarishi mumkin. Bu haqda Savdo-sanoat
palatasi xabar berdi.
Palata ma’lumotlariga ko‘ra,
ushbu toifadagi tadbirkorlarning 2026-yil 1-sentabrga qadar shakllangan soliq
qarzdorligi 9,5 trln so‘mni tashkil etadi. Unga hisoblangan penya miqdori esa
qariyb 1,5 trln so‘mga yetgan.
Kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun “Ikkinchi imkoniyat” iqtisodiy
amnistiyasi Shavkat Mirziyoyevning Xivada tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan VI
ochiq muloqotidan so‘ng qabul qilingan prezident farmonida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkor amnistiya e’lon qilingunga qadar yuzaga kelgan
soliq qarzdorligini 31-dekabrga qadar to‘liq to‘lasa, unga hisoblangan penya
hisobdan chiqariladi. Shuningdek, mazkur qarzdorlik bilan bog‘liq ijro ishlari
ham tugatiladi.
Savdo-sanoat palatasi aniqlik kiritishicha, ushbu imkoniyatdan foydalanish
uchun soliq qarzdorligining asosiy summasi 2026-yil 31-dekabrdan kechiktirmay
to‘liq to‘lanishi kerak.
Shuningdek, agar tadbirkor
avval taqdim etilgan soliq hisobotidagi xatolarni mustaqil ravishda tuzatsa va
qo‘shimcha hisoblangan soliqni yil oxiriga qadar to‘liq to‘lasa, ushbu summaga
penya hisoblanmaydi.
Amnistiya doirasida ayrim jarimalar bo‘yicha qarzdorliklarni ham hisobdan
chiqarish nazarda tutilgan. Savdo-sanoat palatasi ma’lumotiga ko‘ra, gap
2019−2025-yillarda to‘plangan ayrim jarimalar bo‘yicha 1,6 trln so‘mlik
qarzdorlik, shuningdek, aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha 39,8 mlrd so‘mlik
jarima qarzdorligi haqida bormoqda.
Farmonga muvofiq, 2026-yil
1-yanvarga qadar yuzaga kelgan soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik
uchun ma’muriy jarimalarning to‘lanmagan qismi, shuningdek, qat’iy belgilangan
miqdorda aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilariga qo‘llanilgan moliyaviy
jarimalar hisobdan chiqariladi.
Tadbirkorlar, shuningdek, soliq
va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha to‘lov topshiriqnomasini bankka taqdim
etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.
Bundan
tashqari, iqtisodiy amnistiya doirasida qoidabuzarliklarni mustaqil ravishda
bartaraf etgan tadbirkorlarning Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik
reytingidagi ballari pasaytirilmaydi.
Farmon, shuningdek, avval
rasmiylashtirilgan mehnat shartnomalarini o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazmaganlik
uchun jarima qo‘llamasdan Yagona milliy mehnat tizimiga kiritish imkonini
beradi.
Bundan tashqari, hujjat bilan kichik
biznes faoliyatini har qanday tekshirishga (ayrim istisnolardan tashqari)
uch yillik moratoriy joriy etilishi tasdiqlangan.
Biznes-ombudsmanga so‘nggi uch yil davomida o‘tkazilgan tekshiruvlarni
o‘rganish topshirilgan.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
09 09 2026 / 11:20