O‘zbekistonda
yirik oliy ta’lim muassasalari va respublika ixtisoslashgan tibbiyot
markazlarini bosqichma-bosqich tijoratlashtirish rejalashtirilmoqda. Ular
xo‘jalik jamiyatlariga aylantiriladi va jumladan, aksiyalar paketini
ommaviy savdolarda sotish orqali, xususiy investorlar jalb qilinadi.
O‘zbekistonda yirik oliy ta’lim
muassasalari va respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari faoliyatini
bosqichma-bosqich tijoratlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu 28-avgustdagi
iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirishni
jadallashtirish to‘g‘risidagi prezident farmonida nazarda tutilgan.
Hujjatga
ko‘ra, ular xo‘jalik jamiyatlariga aylantiriladi, ularning faoliyatiga xususiy
investorlarni jalb qilish rejalashtirilmoqda.
Xususiy kapitalni jalb qilish usullaridan biri bunday tashkilotlarning
ustav kapitalidagi aksiyalar paketini ommaviy savdolarga chiqarish bo‘ladi.
Shu bilan birga, hujjatda o‘zgartirish daxl qiladigan oliy ta’lim
muassasalari va tibbiyot markazlarining ro‘yxati keltirilmagan,
investorlarga taklif qilinishi mumkin bo‘lgan paketlar hajmi va ushbu
chorani amalga oshirishning aniq muddatlari ko‘rsatilmagan.
2025-yil sentabrida prezident beshta tibbiyot markaziga (respublika
bo‘yicha jami 24 ta) xorijlik professional menejerlarni jalb qilish yoki ularni
xorijdagi klinikalar boshqaruviga berish imkoniyatini o‘rganishni topshirgandi. Bunda turkiyalik mutaxassislar faoliyat yuritayotgan Respublika
onkologiya va radiologiya markazi misol qilib ko‘rsatilgan.
Tijorat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi davlat muassasalari ham
kompaniyalarga aylantiriladi
Tijorat faoliyati bilan
shug‘ullanuvchi davlat muassasalari 2026-yil 1-dekabrga qadar xo‘jalik
jamiyatlariga aylantirilishi kerak. Faoliyati boshqaruv, ijtimoiy-madaniy yoki
boshqa notijorat sohaga taalluqli bo‘lgan muassasalar bundan mustasno.
Bundan tashqari, davlat budjetidan moliyalashtirish manbasiga ega bo‘lmagan
davlat muassasalarini tashkil etish taqiqlanadi. Bu norma mudofaa
va xavfsizlik bilan bog‘liq muassasalarga, shuningdek, prezident
qarorlarida alohida nazarda tutilgan holatlarga tatbiq etilmaydi.
Yana bir o‘zgarish davlat ishtirokidagi korxonalar tizimiga kiruvchi
muassasa shaklidagi nosohaviy tashkilotlarga taalluqli. Ularni bunday
korxonalar tarkibidan chiqarish, xo‘jalik jamiyatlariga aylantirish
va ommaviy savdolarga chiqarish topshirilgan.
Chora-tadbirlar iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha
yangi paketga kiradi. Farmon 84 ta jamiyat ustav kapitalidagi davlat
ulushlarini, 1242 ta ko‘chmas mulk obyektini va 8 ming gektar yer
uchastkalarini savdoga chiqarishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, davlat ishtirokidagi 85 ta korxonani tugatish
va qayta tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ular bo‘yicha boshqaruv organlari
1-noyabrga qadar tugatish yoki qayta tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul
qilishi, jarayonlarning o‘zi esa to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi
qonunchilik qo‘llaniladigan holatlardan tashqari, 2026-yil oxiriga qadar
yakunlanishi kerak.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
09 09 2026 / 11:44