O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-sentabr
kuni Belgradda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Serbiya biznes-forumida iqtisodiy
hamkorlikni kengaytirish uchun beshta ustuvor yo‘nalishni sanab o‘tdi.
Bular — mashinasozlik va elektrotexnika, farmatsevtika, yengil
sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda raqamli iqtisodiyot.
Uning so‘zlariga ko‘ra,
siyosiy darajada erishilgan kelishuvlarni endi amaliyotga tatbiq etish zarur.
“Bizning vazifamiz —
siyosiy ishonchni qo‘shma ishlab chiqarish va investitsiyalar bilan
mustahkamlash”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident birinchi ustuvor
yo‘nalish sifatida mashinasozlik va elektrotexnika sanoatini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra,
O‘zbekiston avtomobil sanoati General Motors, Volkswagen, Kia va BYD bilan
hamkorlikda yiliga qariyb 500 mingta avtomobil ishlab chiqaradi. Elektrotexnika
mahsulotlari esa 70 dan ortiq davlatga eksport qilinadi.
O‘zbekiston Serbiya
kompaniyalariga avtomobil va sanoat komponentlari, uskunalar hamda
transformatorlarni birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.
Mirziyoyev
Serbiyaning Goša FOM kompaniyasini
alohida tilga oldi. Uning aytishicha, O‘zbekiston hukumati kompaniyaning
mamlakatda ishlashi uchun zarur sharoitlarni yaratishga tayyor.
Goša FOM — 1923-yilda
tashkil etilgan yirik mashinasozlik korxonasi bo‘lib, og‘ir sanoat uskunalarini
loyihalash va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya yangi avlod
koks-kimyo mashinalari, og‘ir yuk ko‘taruvchi ko‘prik va portal kranlari,
GESlar uchun gidromexanik uskunalar hamda tog‘-kon sanoati texnikalarini ishlab
chiqaradi. Korxonada ishlab chiqarishning to‘liq sikli — loyihalash
va metall konstruksiyalarni payvandlashdan tortib, aniq reduktorlarni
yig‘ishgacha bo‘lgan jarayon yo‘lga qo‘yilgan. Zavod mahsulotlari MDH
davlatlarini ham qo‘shgan holda, dunyodagi yirik metallurgiya va energetika
obyektlariga eksport qilinadi.
Ikkinchi yo‘nalish —
farmatsevtika sanoati. Mirziyoyev O‘zbekiston farmatsevtika bozorini qariyb 3
mlrd dollarga baholadi va mamlakat nafaqat dori-darmon import qilish,
balki ularni mahalliy ishlab chiqarishdan ham manfaatdor ekanini ta’kidladi.
“Sizlarni oddiy
savdodan texnologiyalar transferi va qo‘shma korxonalar tashkil etishga
o‘tishga taklif qilamiz”, — dedi prezident.
U Serbiyaning Galenika
va AbelaPharm kompaniyalarini ehtimoliy hamkorlar sifatida qayd etdi.
Prezident uchinchi yo‘nalish
sifatida yengil sanoatni qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda paxta
xomashyosidan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjiri
yaratilgan, to‘qimachilik mahsulotlari esa 75 ta davlatga eksport qilinadi.
Mirziyoyev
Serbiyaning Yumco va Luss Textile kompaniyalari
bilan O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha muzokaralar
olib borilayotganini ma’lum qildi.
Kelgusida qo‘shma korxonalar
mahsulotlarni nafaqat O‘zbekiston va Serbiya bozorlariga yetkazib berishi,
balki qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlarni boshqa davlatlarga ham eksport
qilishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi
va oziq-ovqat sanoati yana bir istiqbolli yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Mirziyoyev O‘zbekiston gilos,
shaftoli, olxo‘ri va o‘rik eksportida yuqori o‘rinlarda turishini ta’kidlab,
seleksiya, urug‘chilik va agrotexnologiyalar bo‘yicha Serbiya tajribasiga
qiziqish bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra,
O‘zbekiston Novi-Saddagi ixtisoslashgan institut bilan kelishuvga erishgan.
“Bizda unumdor yer,
yetarli suv bor — qo‘shma agroklasterlar tashkil etishga
tayyormiz”, — dedi davlat rahbari.
Mirziyoyev beshinchi yo‘nalish sifatida raqamli
iqtisodiyotni qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki-uch yilda O‘zbekistonning IT
xizmatlari eksporti 1 mlrd dollardan oshgan.
Prezident Serbiya
kompaniyalarini 22−25-sentabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligida (ICT Week Uzbekistan 2026)
ishtirok etishga taklif qildi. Haftalik doirasida Serbiya kompaniyalari uchun
alohida biznes-forum o‘tkazish rejalashtirilgan.
Avvalroq
O‘zbekiston va Serbiya strategik sheriklik munosabatlarini
o‘rnatganini e’lon qilgan edi. Tomonlar erkin
savdo to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash jarayonini ham boshladi va sanoat
kooperatsiyasini rivojlantirishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, Shavkat
Mirziyoyev to‘laqonli elchixona ochilishini kutmasdan, Belgradda O‘zbekistonning
alohida diplomatik vakolatxonasini ochishga qaror qilinganini ma’lum qildi. Ilk diplomatlarni
Serbiyaga kelgusi haftadayoq yuborish rejalashtirilgan.
Qolaversa, Toshkent
va Belgrad o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish
rejalashtirilayotgani ham xabar qilingan edi. Serbiya prezidenti Aleksandr
Vuchichning aytishicha, muntazam aviaqatnovlar yetti-sakkiz oy ichida
yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Aleksandr Vuchich, shuningdek,
O‘zbekiston bilan mudofaa sanoati, jumladan, uzoq masofali ballistik raketalar
yo‘nalishida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra,
Serbiya bunday raketalarni taxminan bir yildan keyin ishlab chiqarishni
boshlashni rejalashtirmoqda. Mamlakat hozirda qisqa masofali raketalar ishlab
chiqaradi.
Bundan tashqari, Vuchich
Shavkat Mirziyoyev bilan energetika masalalarini muhokama qilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti
mamlakat bir atom elektr stansiyasini Rossiya bilan qurayotgani, ikkinchisini
esa Xitoy bilan qurishga tayyorlanayotganini ma’lum qilgan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
09 09 2026 / 12:01