Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zsanoatqurilishbank “Green banking” yo‘nalishida Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlik qilmoqda



Ulashing :


O‘zsanoatqurilishbank “Green banking” yo‘nalishida Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlik qilmoqda

So‘nggi yillarda keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlarini amalga oshirayotgan O‘zsanoatqurilishbank “yashil taraqqiyot” yo‘nalishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Xususan, Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ilk bor Bankda “Green banking” loyihasi amaliyotga tatbiq etildi.

Bankning barcha hududiy filiallarida yashil loyihalar shakllantirilib, ularni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha mablag‘lar jalb qilingani haqida “O‘zsanoatqurilishbank yashil loyihalarni moliyalashtirish samaradorligi va istiqbollari”ga bag‘ishlangan matbuot anjumanida alohida qayd etildi.

Unda bank rahbariyati jahonda jadallashayotgan sanoatlashtirish va aholi sonining ortishi iqtisodiyotning resurslarga bo‘lgan ehtiyojini sezilarli darajada oshirayotgani, atrof-muhitga salbiy antropogen ta’sirni kuchaytirib, issiqxona gazlari ajratmalarining ortishiga sabab bo‘layotgani haqida ham ma’lumot taqdim etdi.

Shu bois davlatimiz rahbari boshchiligida “yashil taraqqiyot” borasidagi xalqaro sa’y-harakatlar qo‘llab-quvvatlanmoqda, chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017 yilda imzolangan Parij bitimiga ko‘ra, hukumatimiz 2030 yilga borib havoga zararli gazlar chiqarishni 10 foizga kamaytirish majburiyatini olgan.

Prezidentimizning 2019 yil 4 oktyabrda qabul qilingan “2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga yangi strategiya ishlab chiqishda qo‘l kelmoqda.

Ushbu vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan tuzilgan bitimga ko‘ra, (umumiy hajmi 25 mln. dollarga teng) o‘zlashtiriladigan mablag‘lar milliy va xorijiy valyutada jalb qilinishi, ular tomonlar kelishuviga ko‘ra, kichik va o‘rta biznes sohasidagi yashil loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

“Green banking” yo‘nalishida Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan belgilangan vazifalar ham bosqichma-bosqich bajarilib kelinmoqda. Xususan, “Ekologik va ijtimoiy xavflarni boshqarish” siyosati qabul qilinib, Bank Kredit siyosatiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda, bank kredit ajratish jarayonida ekologik va ijtimoiy xavflar inobatga olinadi.

Korporativ biznes (Corporate Green Loan), kichik va o‘rta biznes (SME Green Loan) hamda chakana biznes (ipoteka krediti) tarmog‘idagi mijozlar uchun yashil mahsulotlar ishlab chiqildi.

– Bunda elektr, suv, gaz va boshqa tabiiy resurslarning tejalishi va chiqindilarning kamayishi hisobiga korxonalarning ishlab chiqarish xarajatlari arzonlashadi, bir-birlik mahsulotga bo‘lgan xarajatning pasayishi, mahsulotlar raqobatbardoshligining oshishi hisobiga tadbirkor daromadi ortadi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB “Green banking” boshqarmasi boshlig‘i Bobur Sultonmurodov. – Ishlab chiqarish tizimini modernizatsiyalash natijasida ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, mahsulot yetishtirish va/yoki yetkazib berish hajmini ko‘paytirish, shuningdek, mahsulot sifatini yaxshilab, eksport salohiyatini rivojlantirishga erishiladi. Ekologik jihatdan esa, zararli gaz chiqindilarining kamayishiga, tabiiy resurslarning tejashlishiga hamda biosferaning saqlanishiga munosib hissa qo‘shiladi.

Bank binolarida energoaudit o‘tkazish masalasi yuzasidan texnik topshiriqnoma ishlab chiqilib, bu borada Xalqaro moliya korporatsiyasi ekspertlari yordamida zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda Navro‘z bayrami arafasida o‘tkazilgan umumxalq hashari doirasida Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi Muruvvat mahallasida ko‘cha-ko‘ylarni obodonlashtirish, ko‘makka muhtoj oilalar xonadonlarini ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Shuningdek, Chirchiq, Bo‘ka va Angren shaharlarida Bank xodimlari ishtirokida 11 ta mahalla guzari hamda 2 ta masjid hududlarida jami 450 tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.

Anjumanda yashil loyihalarni moliyalashtirishning samaradorligi va istiqbollari xususida to‘xtalinib, bu boradagi sa’y-harakatlarning barchasi jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yaxshilashga, iqtisodiyotda energiya samaradorlikni oshirib, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga olib kelinishi ta’kidlandi.

Tadbirda Bank tomonidan yashil loyihalarni moliyalashtirish doirasida “Toshshahartransxizmat” AJga elektrobus sotib olish, “ZAMON TEKS” mas’uliyati cheklangan jamiyatining faoliyatini kengaytirish, “Neo Story Invest” hamda “Asia carpet textile” korxonalarining ishlab chiqarish liniyalarini modernizatsiya qilish singari loyihalar yuzasidan axborot berildi.

Sayyora Shoyeva, Temur Madaminov, O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

17 08 2021 / 15:58