Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Davlat aktivlarini sotib olishda boshlang‘ich to‘lov 15 foizgacha kamaytiriladi, bo‘lib to‘lash muddati 7 yilgacha uzaytiriladi



Ulashing :


O‘zbekistonda davaktivlar va uchastkalarni xarid qilish shartlari yumshatilmoqda. Boshlang‘ich to‘lov 30%dan 15%gacha kamaytiriladi, qolgan summani foizsiz to‘lash mumkin. Yirik aktivlar uchun 7 yilgacha bo‘lib to‘lash va to‘liq to‘lovda chegirmalar ko‘zda tutilgan. Sotilmagan davaktivlar narxi 10%gacha tushirilishi mumkin.

O‘zbekistonda davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotishning yangi shartlari joriy etilmoqda. Yangi mexanizmlar 28-avgustdagi iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish to‘g‘risidagi prezident farmonida nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalari onlayn-auksionlar orqali sotilganda, xaridor 30 kun ichida qiymatning 15 foizini to‘lashi kerak (avval boshlang‘ich to‘lov 30 foizni tashkil etgan).

Qolgan summa belgilangan muddatlarda foizlar hisoblanmagan holda to‘lanishi mumkin.

Qiymati BHMning kamida 20 ming baravariga teng bo‘lgan aktivlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar nazarda tutilgan:

· olti oy ichida to‘liq to‘lov amalga oshirilsa, xaridorga 25 foiz chegirma beriladi;

· agar olti oy ichida qiymatning 50 foizi to‘lansa, qolgan summa yetti yil davomida foizsiz to‘lanishi mumkin;

· agar uch oy ichida qiymatning 35 foizi to‘lansa, qolgan summani besh yil davomida foizsiz to‘lashga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, davlat aktivlari uchun to‘lovning kamida 50 foizini to‘lagan xaridor barcha hisob-kitoblar yakunlanishidan oldin ham uni rekonstruksiya qilish, buzish, qayta qurish va ta’mirlash huquqiga ega bo‘ladi.

Farmon ochiq elektron onlayn auksion yoki birja savdolarida sotishning iloji bo‘lmayotgan aktivlar uchun alohida mexanizmni joriy qiladi.

Agar obyekt uch oy ichida sotilmasa, uning boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizga pasaytiriladi. Narxni pasaytirish obyektning boshlang‘ich balans qiymatining 10 foiziga qadar davom etishi mumkin.

Agar aktiv ikki oy ichida sotilmasa, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uni alohida lotlarga bo‘lishi yoki bir nechta obyektni birlashtirib, ularni qayta savdoga chiqarishi mumkin.

Takroriy auksionda arizani faqat bitta talabgor bergan bo‘lsa, u lotni e’lon qilingan narxda sotib olishi mumkin.

Gibrid auksion

Davlat aktivlarini sotish uchun narxni pasaytirish va oshirish bo‘yicha savdo elementlarini birlashtirgan gibrid auksion mexanizmi ham joriy etilmoqda.

Avvaliga obyekt narxi ishtirokchilardan biri uni sotib olishga tayyorligini bildirgunga qadar bosqichma-bosqich pasaytiriladi. Shundan so‘ng manfaatdor ishtirokchilar o‘rtasida narxni oshirish bosqichi boshlanadi. Hujjatda qayd etilishicha, dastlab narxni pasaytirish va oshirish qadami 2 foizni tashkil etadi.

Savdoda faqat bitta taklif kelib tushgan mol-mulkni sotish mexanizmi ham nazarda tutilgan: ayrim holatlarda potensial xaridorga aktivni uning sof qiymatidan kam bo‘lmagan narxda sotib olish taklif qilinishi mumkin.

Qoidalar davlat banklari aktivlariga ham tatbiq etiladi

Yangi mexanizmlarni nafaqat an’anaviy davlat korxonalariga nisbatan qo‘llashga ruxsat beriladi.

Farmon davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan tijorat banklari balansiga qarzdorlik evaziga qabul qilingan, shuningdek, ular muassisligidagi investitsiya kompaniyalari mol-mulklarini sotishda ushbu mexanizmlarni qo‘llashni nazarda tutadi.

Bunday mol-mulkni ochiq savdolar orqali bozor qiymatida, narxni pasaytirishning yangi mexanizmlari va to‘lov shartlarini qo‘llagan holda sotishga ruxsat beriladi.

Agar bank qarzdorlikni qoplash hisobiga olingan mol-mulk bir yil ichida sotilmasa, uni keyinchalik sotish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish mumkin.

Yangi qoidalar davlat aktivlarini sotish dasturining kengaytirilishi bilan bir vaqtda joriy etilmoqda. 2026-yilda 84 ta jamiyat ustav kapitalidagi ulushlar, 1242 ta ko‘chmas mulk obyekti va qariyb 8 ming gektar yerni xususiylashtirish uchun savdoga chiqarish nazarda tutilgan.

Sotilishi rejalashtirilayotgan davlat aktivlari va yerlarning umumiy qiymati qariyb 100 trln so‘mga baholanmoqda, ularni sotishdan tushadigan tushumlarning minimal miqdori esa 14 trln so‘m etib belgilangan.

Bundan tashqari, davlat ishtirokidagi 85 ta korxonani tugatish yoki qayta tashkil etish, shuningdek, avval sotilmagan qator obyektlarni qayta savdoga chiqarish nazarda tutilgan.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

10 09 2026 / 10:56