Agar
tadbirkorlar ehtiyojmand oilalar farzandlarini bepul o‘qitishga tayyor bo‘lsa,
O‘zbekistonda xususiy bog‘cha, maktab va texnikumlar uchun
yer uchastkalari auksionga 1 million so‘mlik boshlang‘ich narxda
qo‘yilishi mumkin. Bu haqda 9-sentabr
kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi bandligini ta’minlash
va daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan
kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum
qilindi.
Ijobiy tajriba sifatida
Oqoltin tumani misoli keltirildi. U yerda tadbirkor 880 o‘rinli xususiy
maktab tashkil etib, kam ta’minlangan oilalarning 110 nafar farzandini bepul
o‘qitmoqda.
Shu bilan
birga, dasturda ishtirok etishning asosiy shartlaridan biri — mazkur
bolalarning ota-onalarini ish bilan ta’minlash hamda o‘quvchilarning
darslarga muntazam qatnashishini nazorat qilishdir. Yig‘ilishda qayd
etilganidek, bunday yondashuv bir vaqtning o‘zida ham ota-onalarni
ish bilan, ham bolalarni sifatli ta’lim bilan ta’minlash imkonini beradi.
Shuningdek, Hazorasp
tumanidagi tikuvchilik korxonasida yuzaga kelgan vaziyat alohida ko‘rib
chiqildi. Korxonada 400 ga yaqin bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lsa-da, ko‘plab
ayollar farzandlarini qarovsiz qoldirolmasliklari sababli ishga kira olmayapti.
Korxona rahbari agar bolalar
bog‘chasi qurish uchun yer uchastkasi ajratilsa, xotin-qizlarni ovqat
va transport bilan ta’minlashga tayyorligini bildirdi.
Shu munosabat bilan, agar
tadbirkorlar bog‘cha, maktab va texnikumlar tashkil etish bo‘yicha tayyor
loyihalarni taklif etsa hamda ehtiyojmand oilalar farzandlarini bepul o‘qitish
majburiyatini olsa, davlat ular uchun yer uchastkalarini 1 million so‘mlik
boshlang‘ich narxda auksionga qo‘yishga tayyor ekani qayd etildi.
Bundan tashqari,
ko‘p qavatli uylar atrofidagi bo‘sh hududlarni aniqlash va o‘zboshimchalik
bilan egallab olingan yerlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Bunday maydonlarda bolalar o‘yin maydonchalari, sport va fitnes zonalari,
umumiy foydalanishdagi ko‘kalamzor hududlar barpo etish hamda ko‘cha
yoritgichlarini yaxshilash rejalashtirilmoqda.
Aholini sog‘lom turmush
tarziga jalb qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mahalla va
ko‘chalarda ommaviy piyoda yurish, jismoniy mashqlar hamda ertalabki
va kechki badantarbiya mashg‘ulotlarini tashkil etish taklifi bildirildi.
Shuningdek, maktab, texnikum,
oliygoh va boshqa tashkilotlarning bo‘sh turgan binolaridan yoshlar,
xotin-qizlar va ishsizlarni kasb-hunarga hamda chet tillariga ommaviy
o‘qitish uchun foydalanish vazifasi yuklatildi. O‘quv auditoriyalarini ushbu
maqsadlarga darsdan tashqari vaqtlarda jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston
hukumati ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida biznes ochish tartibini ham
soddalashtirishni rejalashtirmoqda. Xonadonlarni noturar joy toifasiga
o‘tkazmasdan turib ulardan do‘kon, salon, atele va ustaxonalar sifatida
foydalanishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Buning uchun ruxsat berish
tartibidan xabardor qilish tartibiga o‘tish ko‘zda tutilgan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
11 09 2026 / 12:38