Xorijda ishlab,
O‘zbekistonga qaytgan va o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan fuqarolar biznesini
kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun 60 mln so‘mgacha grant
olishi mumkin. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar
berdi.
Grant tanlovi Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot
(MXT) va Migratsiya agentligi hamkorligida, Shvetsiya Adliya vazirligi
moliyaviy ko‘magida o‘tkazilmoqda.
Tanlovda 2025−2026-yillarda xorijda ishlab,
O‘zbekistonga qaytgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin.
Grant olish uchun nomzodlarni tanlashda biznesni
rivojlantirish bo‘yicha aniq va asoslangan g‘oya, yangi ish o‘rinlari
yaratish imkoniyati, shuningdek, mavjud biznesning barqarorligi
va samaradorligiga e’tibor qaratiladi.
Tanlovda xotin-qizlarning faol
ishtiroki alohida qo‘llab-quvvatlanadi.
Arizalar 21-sentabrga qadar
quyidagi havola bo‘yicha qabul qilinadi.
Tanlov bo‘yicha savollar
yuzasidan Telegram orqali murojaat qilish mumkin:
+998 900215038
Shuningdek, MXT
va Migratsiya agentligi Buyuk Britaniyaning Mavsumiy ishchilar sxemasi
doirasida ishlab qaytgan fuqarolar uchun kichik biznesni kengaytirishga
qaratilgan grantlar tanlovini ham o‘tkazmoqda. Unda ham 60 mln
so‘mgacha grant olish mumkin.
Tanlovda 2024−2026-yillarda
Buyuk Britaniyaning Mavsumiy ishchilar sxemasi doirasida ishlab, O‘zbekistonga
qaytgan fuqarolar ishtirok eta oladi.
Nomzodlar biznesga o‘z
mablag‘idan sarmoya kiritishga tayyor bo‘lishi, shuningdek, Toshkent shahrida
o‘tkaziladigan bir kunlik intensiv treningda shaxsan ishtirok etish
imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Trening bilan bog‘liq barcha xarajatlar
tashkilot tomonidan qoplanadi.
Nomzodlardan biznes
yuritish bo‘yicha tasdiqlangan tajribaga ega bo‘lish, ya’ni biznes yoki startap
yuritgan bo‘lish talab etiladi. Shuningdek, ulardan yangi ish o‘rinlarini
yaratish salohiyati, biznes-rejaning uzoq muddatli istiqboli, ta’siri
va barqarorligini ta’minlashga tayyorlik talab qilinadi.
Grant dasturining
ishtirokchilar turmush sharoitini yaxshilashga ta’sirini baholash maqsadida
nomzodlar kelgusi 24 oy davomida MXT bilan hamkorlik qilishga rozi
bo‘lishi kerak.
Bu tanlovda ham
xotin-qizlarning faol ishtiroki alohida qo‘llab-quvvatlanadi.
Buyuk Britaniyada Mavsumiy
ishchilar sxemasi doirasida ishlab qaytganlar uchun arizalar 20-sentabrga qadar
quyidagi havola orqali qabul qilinadi.
Tanlov bo‘yicha savollar
yuzasidan Telegram orqali murojaat qilish mumkin:
+998 920012418
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida
O‘zbekiston va Shvetsiya migratsiya va mobillik bo‘yicha ilk
hukumatlararo bitimni imzolagan edi. U tibbiyot,
texnika, xizmatlar, parvarish sohalari mutaxassislarini Shvetsiya mehnat
bozoriga tayyorlash, ish beruvchilar bilan bog‘lash, talaba
va tadqiqotchilar uchun akademik almashinuv imkoniyatini kengaytirishni
ko‘zda tutadi. Migratsiya va mobillik bo‘yicha uch yillik pilot dastur
Xalqaro migratsiya tashkiloti ishtirokida amalga oshiriladi. Uning doirasida
Shvetsiya mehnat bozori ehtiyojlari o‘rganiladi, shved tili va kasbiy tayyorgarlik
dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
11 09 2026 / 14:04