Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda yil oxirigacha chiqindidan energiya ishlab chiqaruvchi ikkita zavodni ishga tushirish rejalashtirilmoqda



Ulashing :


O‘zbekistonda oltita chiqindi yoqish zavodidan ikkitasini 2026-yil oxiriga qadar ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, hukumat 625 mln dollarlik yana beshta loyihani taqdim etdi. Yangi korxonalar nafaqat chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaradi, balki hosil bo‘ladigan kulni ham qayta ishlaydi.

2026−2027-yillarda O‘zbekistonda Xitoy kompaniyalari ishtirokida chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha oltita loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ularning umumiy qiymati 933 mln dollarni tashkil etadi. Bu haqda 10-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot vaqtida ma’lum bo‘ldi.

Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 1-sentabr holatiga ko‘ra, ushbu loyihalar doirasida 286,8 mln dollar investitsiya o‘zlashtirilgan. Mahalliy mahsulot va xizmatlar xaridi 76,6 mln dollarga yetgan. Qurilish ishlariga 2 ming nafar mahalliy ishchi jalb etilgan.

Loyihalar Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida amalga oshiriladi. Qashqadaryo va Samarqanddagi zavodlarni 2026-yilda, qolgan hududlardagi quvvatlarni 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Korxonalar to‘liq ishga tushgach, yiliga 3,6 mln tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanadi hamda 1,6 mlrd kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, “nol chiqindi” tamoyiliga bosqichma-bosqich o‘tish, poligonlarga yuklamani kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash imkoni kengayadi.

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida prezident o‘tgan yili oltita zavod qurilishiga rozilik berganini ta’kidladi.

“Shundan ikkita zavod bu yil yakuniga qadar ishga tushiriladi va aholimizga kerakli bo‘lgan elektr energiyani ishlab chiqarishni boshlaydi. Bugungi taqdimot yana shunga o‘xshagan beshta zavodni beshta hududimizda qurish, iqtisodiyotga yangi investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha bo‘lib o‘tdi. 625 mln dollarlik beshta zavod 2027-yilning oxirida ishga tushadi va shu bilan birgalikda 635 mln kilovatt/soat elektr energiya ishlab chiqarishga erishamiz”, — dedi u.

Beshta investitsiya loyihasi Singapur, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan. Ularning umumiy qiymati 625 mln dollarni tashkil etadi. Loyihalarni Qoraqalpog‘istonda hamda Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Ushbu loyihalar natijasida yiliga 1,9 mln tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 635 mln kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 158 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinib, issiqxona gazlari hajmi 316 ming tonnaga kamaytiriladi.

“Chiqindi yoqish zavodlari yana odamlarga yoqish orqali zarar keltiradi, deb o‘ylash mumkin, lekin bu ekologik toza zavodlar bo‘lib ishga tushadi. Ekosanoat zonalarimizda zavodlar bitgandan keyin biz aholimizni ham taklif qilamiz”, — dedi Sharifbek Hasanov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish uchun boshqa imkoniyatlar ham nazarda tutilgan.

“Zavodda chiqindilar yoqilganidan keyin kul hosil bo‘ladi. Bu kulni ham investorlarimiz qayta ishlash uchun qo‘shilgan qiymatni hosil qilib, O‘zbekistonda qayta ishlab, buni o‘zining davlatiga eksport qilishni ham nazarda tutyapti. Bizga bu qo‘shimcha eksport bazasini ham yaratib beradi”, — dedi Sharifbek Hasanov.

Bu chora-tadbirlar poligonlar sonini 50 foizga qisqartirish vazifalariga ham javob beradi.

“Ekosanoat zonalarimizda barcha hududlarimizning chiqindilarini qabul qilish bo‘yicha, yoqish bo‘yicha qamrab olyapmiz. 40% chiqindilar poligoniga borishi kamayadi, qolgan chiqindilarni biz qayta ishlashga berib, qayta ishlashni ham rivojlantirgan holda, bundan keyin chiqindilarimiz poligonga borishining oldini olamiz”, — dedi Sharifbek Hasanov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda ushbu poligonlar o‘rnida bog‘ va parklarni barpo etish bo‘yicha topshiriqlar belgilangan.

Chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarish zavodi

2024-yil oktabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash va ulardan elektr energiyasi hamda mahsulot ishlab chiqarish loyihalari haqida gapirar ekan, bu sohani “shunchaki zavodlar emas, balki taqdiriy ahamiyatga ega masalalardan biri” deb atagan. 2025-yil mart oyida u qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida qaror imzolagan.

Shunday loyihalardan biri Samarqandda Xitoyning Shanghai SUS Environment kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. SUS Environment Samarkand zavodi “Xushrav” massividagi “Navro‘z” mahallasida joylashgan markaziy poligon hududida qurilmoqda: loyiha uchun poligonning 100 gektar maydonidan 15 gektari ajratilgan. Korxona poydevoriga tamal toshi 2025-yil 18-iyul kuni qo‘yilgan, hozirda qurilish ishlari davom etmoqda. O‘tgan yil yozida obyektni Gazeta jurnalisti Otabek Turdiyev borib ko‘rgan.

Chiqindilarni yoqish zavodlari sanoat va qattiq maishiy chiqindilarni qozonlar yoki pechlarda termik qayta ishlash texnologiyasi asosida ishlaydi. Yonish jarayonida hosil bo‘lgan issiqlikdan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarishda foydalaniladi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

14 09 2026 / 14:18