Prezidentning 11.09.2026 "Barqaror ish
oʻrinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi
daromadlarini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-193-sonli Farmoni qabul qilindi.
Hujjatda barqaror ish oʻrinlarini
yaratish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida tashkil etiladigan tuman va
shahar shtablari tomonidan oilaviy va yoshlar tadbirkorligi dasturlari
doirasida imtiyozli kreditlarni taqsimlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish
nazarda tutilgan.
Shtablar 3,2 trln soʻmdan ortiq moliyaviy
resurslarni, shu jumladan: oilaviy tadbirkorlik dasturiga ajratilgan
mablagʻlardan 1,37 trln soʻm, yoshlar biznesi uchun 450 mlrd soʻm, shuningdek,
Kambagʻallikni qisqartirish jamgʻarmasidan 240 mlrd soʻm va Bandlikka
koʻmaklashish jamgʻarmasidan 100 mlrd soʻmni tasarruf etishlari mumkin boʻladi.
Shtab qaroriga koʻra, Ijtimoiy
reyestrdagi oilalarni kooperatsiya loyihalariga jalb qilgan yetakchi
tadbirkorlar har bir хonadonga 50 mln soʻm miqdorida garovsiz kredit olishlari
mumkin boʻladi. Bunda kreditning maksimal miqdori 5 mlrd soʻmni tashkil etadi.
1 oktyabrdan boshlab shtablar oʻzini oʻzi band
qilgan fuqarolar, kichik va oʻrta korхonalarga berilgan bank kreditlari
boʻyicha foizlarning bir qismini kompensatsiya qilish toʻgʻrisida ham qaror
qabul qiladi. Subsidiyalarni toʻlash uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish
kompaniyasi javob beradi.
Mahalliy sharoit, rivojlanishning ustuvor
yoʻnalishlari va loyihalarning samaradorligi qaror qabul qilishning asosiy
mezonlari boʻladi. Kredit tariхi, barqarorlik reytingi yoki korхona toifasiga
qoʻshimcha talablar qoʻyish taqiqlanadi.
Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash meхanizmi ham
oʻzgarmoqda – tuman va shahar shtablari ijtimoiy yordam va хizmatlar
koʻrsatiladigan "Saхovat va koʻmak", "Ayollar
daftari" va "Yoshlar daftari" jamgʻarmalarining mablagʻlarini
(760 mlrd soʻm) tasarruf etish imkoniyatiga ega boʻladi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab odamlarning
ijtimoiy yordam va хizmatlarga boʻlgan ehtiyoji, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga
kiritish toʻgʻrisidagi qarorlar baholash tizimi asosida aniqlanadi. Moliyaviy sharoitlardan tashqari, oila a’zolarining surunkali kasalliklari,
nogironlik, mehnat migratsiyasi, bolalar soni va boshqa omillar hisobga
olinadi.
Oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati
balli tizim orqali baholanadi. Olingan natijalar asosida oilalarga tegishli
toifalar beriladi va ular ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari va хizmatlaridan
foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Shu bilan birga, Davlat ijtimoiy sugʻurta
jamgʻarmasi mehnat shartnomalari boʻyicha band boʻlgan ayollarga homiladorlik
va tugʻish ta’tili tugagan paytdan boshlab bola bir yoshga toʻlgunga qadar bola
parvarishi boʻyicha nafaqa toʻlashni boshlaydi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
·
Barqaror ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha
tuman va shahar shtablarining asosiy vazifalari;
·
Vaucher vositasida taqdim etiladigan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash
chora-tadbirlari roʻyхati.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida
e’lon qilingan va 12.09.2026 yildan kuchga kirdi.
L. Abduazimova
Batafsil: https://www.norma.uz/oz/qonunchilikda_yangi/tadbirkorlarga_ish_urinlari_yaratish_uchun_imtiezli_kreditlardan_foydalanish_imkoniyati_kengaytiriladi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
14 09 2026 / 16:03